Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:32

Toshkent Tolibon bilan hamkorlikka tayyor. Toliblardan qochayotgan afg‘onlar taqdiri esa mavhumligicha qolmoqda


Toshkentdagi mahalliy aeroport Germaniya havo kuchlari evakuatsiyasi uchun ajratildi (Germaniya Mudofaa vazirligi)
Toshkentdagi mahalliy aeroport Germaniya havo kuchlari evakuatsiyasi uchun ajratildi (Germaniya Mudofaa vazirligi)

Shu kunlarda O‘zbekistonning Afg‘onistonga tutash chegarasi bo‘ylab joylashgan qishloqlar aholisi qo‘rquv ichida yashamoqda.

Ozodlik gaplashgan termizliklarga ko‘ra, kunora chegara tarafdan o‘q ovozlari eshitiladi, afg‘onistonliklar chegarani ajratib turgan Amudaryodan suzib bo‘lsa ham qochib o‘tishga urinayotgani kuzatilmoqda.

Ozodlik manbalari o‘zbek-afg‘on chegarasi mutlaq Toshkent rasmiylari nazoratida qolayotgani, vaziyatga doir ma’lumotlar sir saqlanayotganini aytmoqda.

O‘zbekistonning Afg‘onistondagi konsulligi mamlakatda 2 ming atrofida afg‘onistonlik viza bilan qolayotganini ma’lum qildi. Bular asosan, ishbilarmon va talabalardir.

Ayni paytda Germaniya o‘z fuqarolari va ular bilan birga ishlagan mahalliy xodimlarni Toshkent orqali evakuatsiya qilishni boshladi. Toshkent rasmiylari esa tez orada, Toliblar nazoratiga o‘tgan Kobul bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish rejasini e’lon qildi.


Termizliklar xavotirda

Ozodlik gaplashgan termizliklarga ko‘ra, o‘zbek-afg‘on chegarasidan kunora o‘q ovozlari eshitilmoqda, Termiz osmonida O‘zbekiston harbiy vertolyot va samolyotlari parvozi tez-tez kuzatilmoqda.

Termiz shahridagi restoranlardan birida ishlaydigan Shohidaning aytishicha, 17 - avgust kuni oqshom yana qattiq o‘q ovozlari eshitilgan:

“Men “Hayraton” ko‘prigidan 10 kilometrcha uzoqda yashayman. Kecha kechasi soat 11 yarimlarda rosa kuchli otishma eshitildi. Ora-orada shunaqa eshitilib turibdi. Ayniqsa, kechasi samolyotlar tez-tez uchyapti. Kim kelyapti, kim ketyapti - hech kim bilmaydi. Afg‘onistonlik qochqinlar rosa O‘zbekistonga kelishga harakat qilyapti, deyishyapti odamlar. Daryodan suzib o‘tayotganlar ham ko‘payibdi”.

Shohidaning aytishicha, shu kunda termizliklarning asosiy qayg‘usi qo‘shni davlat tepasiga Toliblarning kelganidir.

“Restoranga kelgan odamlarning hammasi shu Afg‘onistonni gapiryapti. Uyga borsang, yana hammani og‘zida Afg‘oniston, toliblar. Qo‘rquv bor odamlarda, mendayam qo‘rquv bor. 10 kilometr narida daryo, daryoning u yog‘ida urush - qo‘rqadi-da odam. Lekin bizning armiyamiz kuchli. Men armiyamizga ishonaman!”, deydi Shohida.

Qochqinlarga qurilgan lager o‘rab olingan

Termiz tumanidagi davlat tashkilotlaridan birining ishchisiga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi xodimlari favqulodda vaziyatga tayyor turishga chaqirilgan.

“Chegarada biror favqulodda vaziyat bo‘lib qolsa, istalgan paytda ishga chaqirilishingiz mumkin, tayyor turing, deyishgan. Hozircha hamma jim, shtatniy rejimda ishlab turibmiz. Ko‘prik tinch, qochqinlar palatkalari ham tayyor. Lekin, u yerda qochqinlar bormi, bo‘lsa qancha - biz bilmaymiz. Har kuni voyenniy texnika, qora jiplar qatnab turibdi chodirlar tomonga. Buferniy zona qilib, o‘rab olishgan”, deydi bu ishchi.

Ayni paytda O‘zbekistondagi qator nashrlar Surxondaryo viloyati Termiz tumaniga yuzdan ortiq afg‘onistonlik qochqin joylashtirgani haqida xabar qildi.

Jumladan, “Gazeta.uz”ning yozishicha, qochqinlar uchun chodir-lager tashkil etilgan. Sputnik nashri esa, o‘z manbasiga tayangan holda lagerda 150 qochqin borligi, ulardan 17 nafari ayollar va bolalar ekanini yozdi.

Xabarda Surxondaryo viloyatidagi harbiy poligon yaqinida tashkil etilgan kovid- markazga ham Afg‘onistondan O‘zbekistonga samolyotda qochib o‘tgan 650 harbiy joylashtirilgani aytilgan. Rasmiylar hozircha bu xabarlarni sharhlamadi.

Aholiga asl vaziyat ochiqlanmayotir

Termizliklar shundoq yaqinidagi chegarada hukm surayotgan asl vaziyatdan bexabarligini aytmoqda.

Ozodlik gaplashgan suhbatdoshlarga ko‘ra, mahalliy aholi barcha ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlardan, asosan Telegram-kanallardan olmoqda:

“Televizorda birorta aniq gap yo‘q, gazetalar jim. Hokimiyatlar jim. Hamma shu ijtimoiy tarmoqlardan o‘qib bilyapti chegaradagi ahvolniyam, Afg‘onistondagi urushniyam. Bugun To‘ra Bobolov chegaradagi qishloqlarga boripti. Mahalliy kanallar ko‘rsatdi. “Xavotirga o‘rin yo‘q, chegaramiz qattiq qo‘riqlanyapti”, deyapti, bori shu”.

Viloyat hokimligining rasmiy xabarida aytilishicha, hokim chegara kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlanayotgani, Termizda xavfsizlik idoralari rahbarlari va davlat hokimiyati organlari vakillaridan iborat tezkor shtab ishlayotganini aytgan.

Chegarani Toshkent rasmiylari shtabi boshqarmoqda

Termiz tumani hokimiyat idoralaridan birida ishlaydigan mulozimga ko‘ra, chegaraga katta miqdorda harbiy kuch safarbar qilingan, nazorat esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentdan amalga oshirilmoqda.

Mulozimning aytishicha, aynan chegara chizig‘i va chegaraoldi hududiga oid aniq raqam va ma’lumotlar hatto hokimliklarda ham yo‘q.

“Mudofaa, Davlat xavfsizligi, FVV, IIV - shu tashkilotlar vakillaridan iborat maxsus shtab ishlayapti. Bizni yaqinlashtirishayotgani ham yo‘q. Har kuni Toshkentdan rasmiylar keladi, qora zirhli mashinalarda. Keyin yana Toshkentga qaytib ketadi”, dedi ismi sir saqlanayotgan mulozim.

Bu mulozimning aytishicha, mahalliy hokimlik organlariga aholini tinchlantirish, ogohlikka da’vat qilish va kundalik ishlardan chalg‘imaslikka chaqirish topshirilgan.

“30-40 kilometr narida notinchlik doim bo‘lgan. Termizliklar bunga ko‘nikib ham ketgan. Bu yerda hayot davom etadi, dala ishlari bor, chorva bor, yoz tugayapti, qish kelyapti. Chegarani armiyamiz bemalol qo‘riqlaydi, vahimaga o‘rin yo‘q”, dedi ismini oshkor qilmayotganimiz mulozim.

O‘zbekiston hukumatiga yaqin yana bir manba, poytaxtdagi bir necha harbiy bilim yurtlari kursantlari ham Surxondaryodagi harbiy poligonlarga olib ketilganini aytdi.

Uning aytishicha, kursantlar harbiy mashg‘ulot uchun olib ketilgan:

“Avtobuslarga bosib olib ketishdi. O‘tgan shanba kuni. Katta kursdagi kursantlar. Harbiy poligon amaliyotiga, deb olib ketishdi. Toshkent, Samarqanddagi kursantlar. Havo yaxshi, yoz - poligonda mashg‘ulot o‘tkazishga qulay payt. Ayni paytda, harbiy quvvat ham ko‘rsatib qo‘yilyaptida, biz bormiz, degan ishorat berilyapti”.

Hozircha bu ma’lumotni Mudofaa vazirligi, Surxondaryo viloyati rasmiy idoralaridan tasdiqlatishning imkoni bo‘lmadi.

2 mingga yaqin afg‘onistonlik O‘zbekistonda

Afg‘onistonning Termizdagi bosh konsulligi, shu kunda 2 mingga yaqin afg‘onistonlik uzoq muddatli viza bilan O‘zbekiston hududida qolayotganini ma’lum qildi. Bu konsullik 2018 - yilning 16 - oktabrida ochilgan edi.

Eurasianet nashriga ma’lumot bergan konsullik diplomatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi afg‘onistonliklarning asosiy qismi talaba va ishbilarmonlardir.

2018 - yilda Termiz tumanidagi Yangiariq qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji binosi rekonstruksiya qilinib, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi ochilgan.

Avvaliga 100 ga yaqin, keyin yana 100 nafar afg‘on talabasi o‘qishga qabul qilinib, temir yo‘l va elektr muhandisligiga o‘qitilishi, mashg‘ulotlar o‘zbek va dariy tillarida olib borilishi aytilgandi.

Termiz tumani “Yangiariq” jamoa xo‘jaligida yashaydigan Ozodlik manbasiga ko‘ra, bu tumandagi yotoqxonada 100 dan ortiq afg‘onistonlik talaba qolmoqda:

“Hammasi 18 - 25 yoshlar o‘rtasidagi yosh-yosh yigitlar, qizlar. Yotoqxonada yashashyapti. Afg‘on maktabiga o‘qishga kelishgan. Hozir ularga tekin ovqat berilayotgan ekan. Ular ketolmaydi endi, oilalari bu yoqqa kelolmaydi. Og‘ir ahvoli”.

Toshkent Kobulning yangi hukumati bilan biznesni tiklaydi

Ayni paytda rasmiy Toshkent Kobulning yangi xo‘jayinlari bo‘lgan Toliblar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni tiklashga hozirligi borasida ishoralar bermoqda.

18 - avgust kuni “Termiz kargo markazi” logistika terminali direktori Nodirbek Jalilov Toliblar bilan hamkorlikda savdo hajmi “oshishi”ni ta’kidlagan:

“Ishonchim komilki, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo hajmi yaqin haftalar ichida nafaqat qayta tiklanadi, balki ehtimol oshadi”, deya Jalilovning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Rossiyaning TASS davlat xabar agentligi.

O‘zbek mulozimi hokimiyatni Tolibonga topshirgan Ashraf G‘ani hukumatini korrupsiyada ayblarkan, Tolibonning bundan oldingi hokimiyati davrida “korrupsiyaga qarshi qattiq chora ko‘rilgani”ni urg‘ulagan.

Toshkent Tolibon bilan hamkorlikka tayyor

Rasmiy Toshkentning Tolibon bilan hamkorlikka tayyorligini O‘zbekiston Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham tasdiqladi.

18 - avgust kuni Toshkentdagi anjumanda gapirgan Safoyev Afg‘onistondagi urushning asosiy sabablaridan biri qashshoqlik ekanini aytib, Kobulning oldingi hukumati davrida amalga oshirishga kelishilgan mintaqaviy loyihalarni to‘xtatib qo‘ymaslik kerakligini urg‘uladi.

U Kobuldagi hukumat o‘zgarishi Toshkent uchun kutilmagan bo‘lmaganini aytgan. Ayni paytda Tolibonni rasman tan olishi yoki olmaslik masalasi muhokama qilinayotgani borasida biron ma’lumot yo‘q. O‘zbekiston Tolibonning oldingi hukumatini rasman tan olmagan va ularga muxolif kuchlarni faol dastaklab kelgan edi.

Germaniya Toshkent orqali evakuatsiyani boshladi

Shuningdek, 18 - avgust kuni mahalliy reyslarni amalga oshiruvchi Toshkent-3 aeroporti noma’lum muddatga yopildi.

Transport vazirligiga ko‘ra, bu aeroport Kobuldan evakuatsiya qilinayotgan Germaniya va Evropa Ittifoqining boshqa mamlakatlari hamda bu davlatlar tashkilotlarida ishlagan, hamkorlik qilgan Afg‘oniston fuqarolari evakuatsiyasi uchun ajratilgan.

Rasmiy xabarlarda prezident Shavkat Mirziyoyev 17 - avgust kuni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, 18 - avgust kuni kantsleri Angela Merkel bilan telefonda gaplashgani, unda tomonlar evakuatsiya bo‘yicha hamkorlikka kelishgani aytildi.

Iyun va iyul oylarida hujumini oshirgan Toliblar harakati 15 - avgustga kelib, Kobulni o‘z nazoratiga olganini e’lon qildi.

16 - avgust kuni iste’foga ketganini rasman e’lon qilgan prezident Ashraf G‘ani esa, 18 - avgust kungi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklaridan siyosiy boshpana olgan.

Ayni paytda G‘arb davlatlari Afg‘onistonda qolib ketgan fuqarolari va hamkorlikda ishlagan mahalliy ishchilarini evakuatsiya qilish yo‘llarini izlamoqda.

XS
SM
MD
LG