Toshkentda ko‘p qavatli uy-joy qurilishiga kiritilgan investitsiya daromadliligi tushib bormoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tahlillari ana shundan dalolat beradi.
2024-yil fevralida poytaxtda ko‘p qavatli uy-joyga kiritilgan investitsiyalarning daromadliligi o‘rtacha 32,4 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, oktyabr oyida ushbu ko‘rsatkich 12,2 foizgacha tushgan.
Masalan, poytaxtda uy-joy va ijara narxi nisbatan yuqori bo‘lgan hudud – Shayxontohur tumanida fevral oyida uy-joy narxi ko‘tarilishi hisobiga foyda o‘rtacha 35,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, oktyabr oyida ushbu ko‘rsatkich 5,5 foizgacha pasaygan.
Uy-joy narxi o‘zgarishidan olinadigan o‘rtacha daromad, ayniqsa, Mirobod (23,2 foizdan 1,9 foizga) va Yakkasaroy (16,1 foizdan 3,5 foizga) tumanlarida keskin sezilgan.
MHTI tahlillari poytaxt tumanlarida ijara daromadi o‘sishi ham sekinlashganini ko‘rsatadi.
Aniqlik kiritilishicha, uy-joyning investitsion daromadliligi uy-joy narxlari yillik o‘zgarishidan olinadigan daromad hamda ularni ijaraga berishdan keladigan yillik daromad yig‘indisi asosida hisoblanadi.
Iqtisodchilar turli investitsiya vositalari, jumladan, aksiya, obligatsiya yoki pensiya fondi kabi imkoniyatlar cheklangan sharoitida aholi o‘z jamg‘armalarini uy-joyga sarmoya shaklida yo‘naltirishini qayd etadi.
Ozodlik avvalroq joriy yilning uchinchi choragida O‘zbekiston uy-joy bozorida susayish kuzatilgani haqida xabar bergandi.
Iyul–sentyabr oylarida respublika bo‘yicha ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar oldi-sotdisi uchun 41 ming 861 ta shartnoma rasmiylashtirilgan. Bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 3 ming 362 taga (7,4 foizga) kamdir.