Линклар

Шошилинч хабар
30 апрел 2025, Тошкент вақти: 19:29

Toshkent viloyatidagi koloniyadan mahkumning o‘ligi chiqdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi 14-sonli koloniyadan 21 yashar mahkum Muhammadqodir Po‘latovning jasadi chiqdi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

Farg‘ona shahrida yashovchi Nigora Qambarovaning aytishicha, u o‘g‘li Muhammadqodir bilan joriy yil 26-28-yanvar kunlari uzoq muddatli uchrashuvda bo‘lgan.

Koloniya ma’muriyati ta’kidicha, mahkum Muhammadqodir Po‘latov 14-fevral kuni miokrad infarki va pankreatitning og‘ir formasi kuzatilishi oqibatida vafot etgan.

Mahkumning onasi esa farzandining badanida qiynoq izlari mavjudligi, elektroshoker iziga o‘xshash chiziqlar borligini iddao qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, koloniya ma’muriyati mahkumning og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida uning yaqinlariga xabar bermagan.

Qo‘limizda ekspertiza hujjatlari bo‘lmagani bois mahkumning qiynoqdan o‘lim topganiga dalolat qila olmaymiz. Ammo koloniya ma’muriyatining jasadni yorib, so‘ng yaqinlariga topshirgunicha bo‘lgan jarayonda ularga xabar bermaganligi mudhish xatodir. Chunki onaning ko‘nglida ulkan gumon qoldi, 20 kun avval soppa-sog‘ ko‘rgan norg‘ul bolasining o‘ligini dabdurustdan qo‘liga tutqazishsa, onaning ahvolini tasavvur qilavering!” deb yozdi huquqbon Abdurahmon Tashanov.

Marhumning onasi Nigora Qambarovaga ko‘ra, Muhammadqodir sportning ushu yo‘nalishida xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘lgan, biror marta sog‘lig‘idan shikoyat qilmagan va unda biror yondosh kasalliklar kuzatilmagan.

Ayol bezorilikda ayblanib, 3 yilga qamalgan yolg‘iz o‘g‘li shu yil avgustda manzil koloniyaga chiqishini o‘ylab, unga kelin qidirganini ham aytgan.

IIV yoki Bosh prokuratura hozircha mahkumning o‘limi yuzasidan munosabat bildirmagan.

2024-yil iyun oyida Toshkent viloyati Bekobod shahri IIB binosiga olib borilgan 43 yoshli erkak vafot etgani ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Rasmiylarga ko‘ra, fuqaro ichki ishlar idorasiga kirish yo‘lagida sog‘lig‘i yomonlashgani oqibatida vafot etgan. Faollar esa erkakning o‘limiga IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani sabab bo‘lganini bildirishgan.

XS
SM
MD
LG