Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:37

Toshkentda ayollarni fohishalikda ayblab, qo‘liga kishan solgan IIB xodimlari qamoqqa olindi


Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati Chilonzor tumani profilaktika inspektorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini tasdiqladi.
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati Chilonzor tumani profilaktika inspektorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini tasdiqladi.

Toshkentda ikki ayolni fohishalikda ayblab, ularni qamagan profilaktika inspektorlarining o‘zlari qamoqqa olingani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu voqeaga turlicha fikr bildirilmoqda. Ayrimlar “zo‘ravon militsiya xodimlari”ning qamalishini yoqlasa, ba’zilar prokuraturani tanganing ikkinchi tomonini yashirayotganlikda ayblaydi.

Kuni kecha militsiya bo‘limida qo‘liga kishan solingan ayol profilaktika inspektorlarini haqoratlab, stoldagi qog‘ozlarni yirtib, xonadagi kompyuter va boshqa buyumlarni xodimlarga uloqtirayotgani aks etgan video tarmoqlarda tarqalgan edi.

Videoda aks etgan voqea avgust oyida yuz bergani ma’lum bo‘ldi.

Voqeadan to‘rt oy o‘tib, 7 - dekabr kuni profilaktika inspektorlari ayollarni asossiz ushlab, ularni kamsitib, qiynoqqa solganlikda ayblanib qamoqqa olingani o‘rtaga chiqdi.

12 - dekabr kuni esa qamalgan IIV xodimlaridan birining onasi o‘g‘lining aybi yo‘qligi, ishga “mansabdorlar aralashgan bo‘lishi” mumkinligini iddao qilib chiqdi.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashovchi Viloyat To‘laganova O‘zbekiston prezidenti, bosh prokuror va Ichki ishlar vaziriga yo‘llagan videomurojaatida:

“O‘g‘limning aytishi bo‘yicha o‘sha ayollardan biri qaysidir sudyaning uyida xizmatkor bo‘lib ishlar ekan. U nima xizmat qiladi, menga qorong‘i. Lekin, o‘sha ayol niyatiga yetdi. Ya’ni sudya orqali o‘g‘limni qamatdi”, deydi.

To‘laganova o‘z murojaatida kapitan unvonidagi o‘g‘li 102 xizmatidan berilgan topshiriqqa ko‘ra ikki nafar huquqbuzarni IIB binosiga olib kelganini ham qo‘shimcha qiladi.

“Farzandim Ilhomjon Mahkamov hamkasbi Shavkatjon bilan 2021 - yil 9 - avgustga o‘tar kechasi soat 02.30lar chamasida Chilonzor tumani 19-dahasida ikki nafar yengiltabiat ayolni sodir etgan noqonuniy hatti harakatlari bo‘yicha, “102” xizmatidan berilgan topshiriqqa ko‘ra 3-sonli IIB binosiga olib kelishgan.

Ayollar IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, o‘zini o‘zi devorga urib, o‘ziga shikast yetkazib, yarim kechasi hammani uyqudan qoldirib, baqir-chaqir qilgani uchun ularni IIB xonasiga olib kelib, hujjat rasmiylashtirishgan.

U ayollardan biri xonadagi dokumentlarni yirtib tashlagan, kompyuterlarni sindirib tashlagan. Kurakda turmaydigan so‘zlar bilan xodimlarni haqorat qilyapti. U ayollar qolib o‘z burchini bajarayotgan profilaktika xodimlari qamalib ketyapti. Farzandimga sodir etilayotgan adolatsizliklarga qarshi prezidentimizga murojaat qilyapman”, - deydi Viloyat To‘laganova.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi profilaktika inspektorlari qamalganini tasdiqladi.

Boshqarmaning 14 - dekabr kungi bayonotida aytilishicha, ular ishdan bo‘shatilgan, Jinoyat kodeksining 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bo‘yicha ish ochilgan, ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qamoqqa olingan.

O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 190-moddasida fohishalik bilan shug‘ullanganlarga eng kam ish haqining 3 baravaridan 7 baravarigacha jarima belgilangan. Qonunbuzarlik takrorlanasa eng kam ish haqining 10 baravarigacha jarima yoki 15 kunlik ma’muriy qamoq ko‘zda tutilgan.

Effect.uz nashri prokuratura tanganing ikkinchi tomonini yashirayotgan bo‘lishi haqda yozdi.

“Ayollar baland ovozda ichki ishlar xodimlarining nafsoniyatiga tegadigan haqoratlarni, kurakda turmas so‘zlarni ishlatganligi, xizmat vazifasini o‘tayotgan ichki ishlar xodimlariga faol ravishda qarshilik ko‘rsatganligi, IIB binosidagi zarur texnik vositalarga shikast yetkazganligi bo‘yicha holatlarga nega Bosh prokuraturaning rasmiy munosabatida to‘xtalib o‘tilmagan yoki bir so‘z bilan aytganda ko‘z yumilgan? Tangada ikki tomon bor. Qars ham ikki qo‘ldan chiqadi-ku?!”.

Voqeani o‘rgangan o‘zbekistonlik bloger Otabek Jo‘rayev ayollarni “tankasi” kim degan savolni o‘rtaga qo‘yadi.

“Bu ayollar qandaydir sudyaning uyida ishlar ekan. Men shuni o‘rgandimki, shu sudyaning respublika zam. prokurori tanishi bo‘lib chiqyapti. Kim ekan o‘sha zam.prokuror? Bu ayollarning ishi bo‘yicha tuzilgan delo yo‘q qivorilgan. Bu profilaktika xodimlari o‘zicha bormayapti, “102” chaqirig‘i bilan boryapti. Falon joyda janjal bo‘lyapti, deb qo‘ni-qo‘shni telefon qilgan.

Profilaktika boryapti. Ko‘chaning o‘zida ham rosa to‘polon qilgan ayollar. Qo‘shnilar bilan gaplashdim. Bular naruchnik urishga majbur bo‘lgan. Qo‘lida naruchnik bo‘laturib arizalarni yirtib tashlayapti.

Tepadan odam aralashgan. Endi militsiya xodimlarini ayollarni urdi deb, qamavorishyapti. Men hech qachon militsiyani himoya qilmaganman, lekin bu ishda nimadir bor.

Videoni qarang, ayollar kaltak yeydigan ayolga o‘xshaydimi? Bularni krishasi ancha katta bo‘lsa kerak, davlat mulkini sindiryapti, ko‘ksiga davlat ramzlarini taqqan IIB xodimlarini haqoratlayapti. Nima bo‘lyapti, 6 - dekabrda militsiya xodimlari prokuraturaga chaqirtirilyapti, o‘sha yerda qamoqqa olinyapti.

Militsiya xodimi ham onasiga aytgan “zam. prokuror” krisha degan. Bu yerda nimadir bor”, - deydi Otabek Jo‘rayev Ozodlik bilan suhbatda.

Kanadada yashovchi o‘zbekistonlik jurnalist, "Negativ" ko‘rsatuvi muallifi Ulug‘bek Haydarov: "Adolat tarozisi yana buzilib qoldi", deya fikr bildirdi.

O‘zbekistonlik jurnalist Nosir Zokir esa ko‘p narsa Ichki ishlar vazirligi izohiga bog‘liqligini aytdi.

"Bu holat huddi Gorbachyov paytini eslatyapti. U ham mamlakatda o‘zgarish qilmoqchi bo‘lgan, lekin ashaddiy kommunistlar uni eski tizimga undashgan. Siz aytgan holatni eski tizim tarafdorlari bilan yangi tizim tarafdorlarini to‘qnashuvi deb baholayman. Bir qarasangiz melisa hodimlari o‘z burchini bajargan. Lekin melisa hodimini onasini so‘ziga e’tibor bersangiz ularga tuxmat bo‘lgan. Ayolni hech narsadan tap tortmay, qo‘rqmay hujjatlarni yirtib tashlashiga e’tibor bering. Ular kimga ishonib bu ishlarni qilyapti? Mirziyoyevning ochiqlik siyosati davom etib tursa sekin asta kim kim ekanligi ayon bo‘la boshlaydi. Endi, bunga IIV qanday munosabat bildiradi? Shunga qarab voqeaga baho beramiz", - deydi Nosir Zokir.

Ozodlik ilgari surilgan bu iddaolar yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan ham O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidan ham izoh olishga urindi, ammo hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

Интим видео можароси: Бабашева депутатлик, дача ва дахлсизлик ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:27:23 0:00

“Meni fohishaga chiqarib qo‘yishdi…”

Ozodlik profilaktika xodimlari fohishalikda ayblab, qamashga uringan ayollardan biri bilan suhbatlashdi.

Surxondaryo viloyatidan bo‘lgan, Toshkentda vaqtincha yashovchi ayollardan biri (Xavfsizligi tufayli Ozodlik uning ismini ochiqlamaydi) video chiqib ketgach, qarindoshlari tarafidan tahdidlar bo‘layotganini aytdi.

“Videoni Surxondaryodagi qarindoshlarimiz ko‘rgan. Bilasiz bu narsaga bizda jiddiy qaraladi. Hozir uyga borolmaydigan bo‘ldim shu video chiqib ketganidan keyin. Meni fohishaga chiqarib qo‘yishdi. Hozir mana shu janjaldan keyin boshqa joyga ko‘chib ketishga majbur bo‘ldim, chunki qarindoshlarimiz tarafidan tahdidlar bo‘lyapti. Lekin biz unaqa ishlarni qilmaganmiz, kimga buni tushuntirib berasiz endi”, - deydi ayollardan biri.

Ozodlik suhbatlashgan ayol “tank” haqidagi iddaolarni ham rad qildi.

“O‘sha paytda yonimdagi ayol militsiyani qo‘rqitish uchun aytdi, lekin sudyaning uyida ishlar ekan, prokuror tanishi bor ekan, degan gaplar noto‘g‘ri”, - dedi ayol.

Qonun himoyachisi bo‘lolmayotgan militsiya

Toshkentlik yurist Rustam Olimov videoda profilaktika xodimlari harakatida ham noqonuniy holatlarni kuzatganini aytadi.

“Men ko‘rdim videoni, IIB xodimlari ayollarga fohisha sifatida past nazar bilan qarab, sensirab gapiryapti. Ko‘p joylari qirqilgan. Ungacha nima bo‘lganini bilmaymaiz. Ayollar urdi, deb, aytyapti. Bo‘limga olib kelingan ayol jihozlarni uloqtirib, janjal qilyapti. Afsuski, bunaqa xolatlarni birinchi marta ko‘rayotganimiz yo‘q. Afsuski, IIB xodimlari haligacha bizda qonun himoyachisi bo‘lolmayapti”, - deydi Olimov.

Ozodlik so‘nggi yillarda IIB xodimlarining fuqarolarga kuch qo‘llashi yoki fuqarolarning IIB xodimga qo‘l ko‘targani bilan bog‘liq o‘nlab holatlarni yoritdi.

Kuchli rezonans uyg‘otgan holat o‘tgan yili iyun oyi boshida Andijonda ro‘y berdi.

Andijonda IIB xodimlari 33 yoshli fuqaroga kuch qo‘llagani va oqibatda 11 kun behush, koma holatda yotib, so‘ngra 11 - iyun kuni hayotdan ko‘z yumgani ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi.

Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’fosi va vazirlikni qaytadan tashkil qilish talab qilish boshlandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham iyun oyidagi selektor majlisida Andijondagi qiynoqlarda IIV rahbariyatini ayblagan edi.

"Nima uchun tezkor-qidiruv va tergovni nazorat qiluvchi prokurorlar, ichki ishlar rahbarlari bunga biz aybdormiz, deb chiqib aytmaydi. O‘sha xodimlarning bilimini oshirmadik, qonun bilan ishlash, odamlar bilan muomala qilishga o‘rgatmadik, deb nima uchun xalqdan kechirim so‘ramaysizlar? Bu kabi noxush holatlar takrorlanmasligi uchun qaysi tizim yoki hududiy idora rahbari aniq reja yoki dastur ishlab chiqdi? Ming afsus bilan aytish kerak, sizlardagi loqaydlik va bilimsizlik islohotlarimizni obro‘sizlantirmoqda", degan edi Mirziyoyev.

Andijondagi o‘lim ortidan shahar IIBning uch nafar xodimi mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, qonunga xilof ravishda hibsga olish, gumonlanuvchini qiynoqqa solish hamda shafqatsiz muomala qilishda ayblanib, qamoqqa olingani xabar qilingandi.

XS
SM
MD
LG