Линклар

Шошилинч хабар
15 май 2021, Тошкент вақти: 11:17

“Toshkentda birorta bekorchi qolmaydi”. Ortiqxo‘jayev yoshlarga ish va biznesdan master-klass o‘tdi


Jahongir Ortiqxo‘jayevning so‘zlaridan yoshlarni ish bilan ta’minlash xususiy shirkatlar zimmasiga yuklatilishini anglash mumkin

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev shu yilning sentabr oyigacha shaharda yoshlar orasidagi ishsizlik muammosiga barham berishni va’da qildi.

31 - mart kuni yoshlar bilan uchrashuvi chog‘ida Ortiqxo‘jaev bunga xususiy sektor yordami bilan erishishni rejalayotganini ma’lum qildi.

“Toshkentda 87 mingdan ortiq shirkat mavjud. O‘zini ushlab olgan firmalar, bittadan qo‘shib beramiz, 87 ming odamni ish bilan ta’minlashga ega bo‘lamiz”, - dedi hokim.

Jahongir Ortiqxo‘jayevga ko‘ra, poytaxt Toshkentda 23 ming nafar yoshlar ishsiz.

“Yil boshida 27 ming edi, sentabr oyiga qadar bororta ishsiz qolmaydi”, - dedi Ortiqxo‘jayev.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga qaralsa, o‘tgan yilning ikkinchi choragida Toshkentda ishsizlik 7,8 foizni tashkil etgan.

Rasman qayd etilmagan ishsizlar soni esa bundan ancha ko‘pligi taxmin qilinadi. Hokim yoshlar deganda 18-30 yosh oralig‘idagi qatlamni nazarda tutyapti.
Toshkentda qariyb 3 million aholi yashashi inobatga olinsa, 23 ming ishsiz poytaxt uchun ko‘p emas.

“Yolg‘on ham evi bilan”

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Toshkent hokimi keltirgan raqamlarni savol ostiga oldi.

“Jahongir aka Rossiyada ishlayotganlarni ham hisobga oldilarmi? Yolg‘on ham evi bilan. Bizni mahallaga keling, hamma ishsiz, hammasi yoshlar. Sentabr oyiga qadar hammasi ishlik bo‘ladimi, ko‘ramiz. Lekin eng rivojlangan Amerika prezidentlari ham ishsizlikni butkul tugataman deb aytmagan”, - deb yozdi Rustam Qayumov ismli Feysbuk foydalanuvchisi.

O‘zbekistonda joriy yil boshidan "Har bir tadbirkor-yoshlarga madadkor" umumxalq harakati e’lon qilingan.

Unga muvofiq, yoshi 18-30 oralig‘ida bo‘lgan ishsiz qatlamni ish bilan ta’minlash tadbirkorlar zimmasiga yuklatiladi.

Buning evaziga tadbirkorlarga imtiyozlar va’da qilinmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan xususiy biznes egalari pandemiya bois qiyin ahvolga tushib qolganliklariga qaramasdan 18-30 oralig‘idagi yoshlarni ish bilan ta’minlashga majburlanayotganliklarini aytishgandi.

Jahongir Ortiqxo‘jayevning so‘zlaridan yoshlarni ish bilan ta’minlash xususiy shirkatlar zimmasiga yuklanishi ayon bo‘lmoqda.

Bitta kompaniyaga bittadan odamni jalb qilish. Bitta o‘g‘il yoki qizni qo‘shib bersak, hunar o‘rgansin, deb bersak 87 ming yosh ishli bo‘lyapti. Bu katta raqam. Ammo yoshlarimizni o‘zlari ham xohlashish kerak. Muammo shundaki, Toshkentni yoshlari Qashqadaryo yoki Surxondaryoni yoshlaridan tubdan farq qiladi. 300 xil, 400 xil ishlar mavjud bo‘lsa aksariyat yoshlar 10 xil 15 xil ishga o‘zlarini tashlayotgani muammo bizda. Aksariyat yoshlar IT yoki bankka tashlayapti o‘zini.

Lekin oddiy kranchi uch baravar katta oylik oladi. Bankir yoki IT mutaxassisidan uch baravar katta oylik olyapti. Medbrat deydi, uch oyda mutaxassislikni o‘zlashtirib, xususiy klinikalarda vrachlardan katta oylik oladi. Bankga, IT sohalarga yopishmasdan boshqa sohalarga ham yopishsa, yaxshi imkoniyatlar bor”, - deydi Ortiqxo‘jayev.

“Kredit olma! Olti oy arendangni o‘zim to‘layman”

Toshkent shahar hokimi yoshlar bilan uchrashuvda tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lganlarga bankdan kredit olmaslikni tavsiya qildi.

Hokim “ozgina” sarmoyasi borlarga tadbirkorlik uchun arendaga joy olishni, 6 oylik ijara haqini o‘zi to‘lab berishini aytdi.

“Butun dunyoda tadbirkorni o‘zini joyi yo‘q. Arendada o‘tiradi. Arendaga joy oling, biz topib beraylik. Eng yaxshisi arenda. Olti oyligini to‘lab beramiz.

Kredit yaxshi narsa emas. Cho‘ktirib qo‘yadi. Kreditni ming o‘ylab olinglar. Yoshligingda sinsanglar o‘nglab bo‘lmaydi.

Kredit ham berdik, kuyib qolib og‘ir ahvolga tushib qoldi. Men birorta yoshni ish boshlamasidan og‘ir ahvolga tushishini istamayman”, - dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

“Undan ko‘ra birovni do‘konini buzmasin!”

Toshkent hokimining bu gapi ham tormoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

“Arendator ham o‘zlari bo‘lmoqchimi deyman, qurib qo‘ygan magazinlarni, ofislarni olti oy to‘lab beraman, deb ilintirib olmoqchimi? Qiynalgan yana oddiy xalq bo‘lyapti. Undan ko‘ra birovni magazinini buzmasin, rastasiga tegmasin. Tadbirkorni o‘z xoliga qo‘ysin, tadbirkor o‘zi biladi nima qilishni, arendaga oladimi yoki quradmi”, - deydi Hasanboy ismli Feysbuk foydalanuvchi.

“Ijaraga joy beruvchilar juda qimmat narx qo‘yyapti. Oddiy misol bozordagi do‘konlarga kamida 2000 $ so‘rashyapti. Savdo qiluvchilar faqat ijarachini cho‘ntagiga ishlayapti. Oddiy tikuv sexi ochsangiz 1000$ so‘rayapti. Mayli joy uniki, lekin hokimiyatga joy so‘rab borsangiz 2019 - yildan beri joy, ya’ni er berilishi to‘xtatilgan deydi. O‘zingiz joy topar ekansizda, ular auksion qilib berisharkan”, - deb yozdi Muzaffar ismli toshkentlik tadbirkor.

Muzaffarbek Abdujabborov ismli foydalanuvchi esa: “Kechirasizlarku, lekin yangi tadbirkor qaerdan mablag oladi? Qaysi puliga biznes qiladi? Oyligidan jamg‘arishni iloji yo‘q, ayniqsa Toshkentda. Shunchalik aqlli bo‘lsa, foizsiz ber kreditni, tilla va gaz hisobidan. Ahir tabiiy boyliklar xalqqa xam tegishliku!”, - deya izoh qoldirgan.

Toshkent hokimining bayonoti kambag‘al oilalar kreditga mol, qo‘y olib qarz botqog‘iga botayotgani haqida xabarlar ko‘paygan pallada yangradi.

O‘zbekistonda shu kunlarda “temir daftar”ga kiritilgan kam ta’minlangan oilalarga imtiyozli kredit hisobidan sigir, qo‘y, echki, quyon va tovuq berilmoqda.

Kredit hisobiga berilayotgan chorva hayvonlari ba’zi viloyatlarda bozor narxidan ikki barobar yuqori narxda rasmiylashtirilmoqda.

Oqibatda kambag‘al oilalar qarz botqog‘iga botayotgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG