Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan Riviera savdo markazida farrosh ayol baxtsiz hodisa qurboni bo‘ldi.
Kun.uz nashrining Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumotiga tayangan holda yozishicha, 3-fevral kuni soat 11:10 da savdo majmuasida farrosh bo‘lib ishlovchi 45 yoshli Sh. M. lift shaxtasiga shisha oynalarni tozalash uchun kirgan. U shaxtaning burchak qismida ekanida lift eshiklari yopilib, tepaga qarab harakatlana boshlagan. Liftni harakatga keltiruvchi toshlar esa pastga, ya’ni farroshning ustiga tushib, uni qisib qolgan.
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidan bo‘lgan ayol voqea joyida vafot etgan. Uning ikki farzandi yetim qolgan.
Fojia ro‘y bergan savdo markaziga prokuratura va IIB xodimlaridan iborat ishchi guruh yetib borgan. Hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Bekzod Berdiyevga ko‘ra, baxtsiz hodisaga texnik talablarga rioya qilinmagani sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Liftdagi nosozlik insoniy talafotga olib kelishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q. 2023-yil iyul oyida elektr uzilgani ortidan Toshkentdagi ko‘p qavatli uy liftida qamalib qolgan pochtachi ayol vafot etgandi.
Poytaxtdagi boshqa bir ko‘p qavatli uy liftining nosozligi oqibatida 11 kishi jarohatlangan edi.