Линклар

Шошилинч хабар
20 январ 2022, Тошкент вақти: 21:21

Toshkentdagi chempionatda Eronning 1979- yilgacha bo‘lgan madhiyasi qo‘yilganiga eronliklar norozilik bildirmoqda


Eron og‘ir atletika federatsiyasi ramzi.

Toshkentda o‘tayotgan Og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati davomida, 15 -dekabr kuni Eron Islom respublikasining emas, 1979 - yilgacha bo‘lgan Eron davlati madhiyasi yangradi.

Chempionatning Eron Davlat televideniyesi orqali jonli namoyishi 42 yil avval taxtdan ag‘darilgan shoh Pahlaviy davridagi madhiya yangray boshlashi bilanoq uzib qo‘yildi.

Shoh davri madhiyasining Toshkentdagi chempionatda yangrashi eronliklar noroziligiga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, xatolikka Eron delegatsiyasining o‘zi yo‘l qo‘ygan.

Eron og‘ir atletika federatsiyasi eronliklardan rasman uzr so‘rashga majbur bo‘ldi.

7 - dekabr kuni Toshkentda boshlangan Og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatining to‘qqizinchi kunida 102 kilo vazndagi sportchilar o‘rtasida o‘tgan musobaqalarda eronlik Massul Motamediy g‘olib chiqdi.

G‘olibga oltin medalni topshirish marosimida Eronning eski madhiyasi yangragani esa eronliklarning noroziliklariga sabab bo‘ldi.

Chempionat marosimi aks etgan videolarda oltin medal sohibi Massul Motamediy va uning hamyurti, bronza medal sohibi Amir Xavougi madhiya yangrashidan bir necha daqiqa o‘tgach, “Stop” deya bir necha bor qichqirib, o‘z noroziliklarini bildirgani aks etgan.

“Farda” radiosi xabariga ko‘ra, Eron davlat televideniyesi orqali jonli yoritilayotgan chempionat shoh Pahlaviy davridagi madhiya yangrashi bilan zudlikda uzib qo‘yilgan.

DPA agentligi Eronda shoh Pahlaviy davri haqida gapirish tabu bo‘lgani bois, Toshkentdagi hodisa eronliklarning jiddiy noroziliklariga sabab bo‘lgani haqida yozdi.

Eron ijtimoiy tarmoqlari norozilik postlari bilan to‘lib-toshgani haqida xabar qilindi.

Ozodlik voqeaga oydinlik kiritish maqsadida Toshkentdagi chempionatni o‘tkazish mas’uliyati yuklatilgan O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi bilan bog‘landi.

Federatsiya mas’ullaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, 15 - dekabr kuni taqdimot marosimida Eronning eski madhiyasi qo‘yilishida O‘zbekiston tomonining aybi yo‘q, bu - Eron jamoasi xatosi.

“Bu bo‘yicha musobaqaning tashkiliy qo‘mitasi, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi va Eron og‘ir atletika federatsiyasi shug‘ullandi. Bu masala yopildi, hal bo‘ldi. Kelishmovchilik bo‘yicha tomonlarda jiddiy e’tiroz yo‘q. Eron tomonidan eski madhiya berilgan, biznikilar shuni qo‘ygan. Muzika qo‘yayotganlar eski-yangi qaysi ekanini bilmaydiku.?! Ular berganini qo‘yishgan. Musobaqalar tartib-qoidasiga ko‘ra, g‘olib komanda madhiyasi o‘sha komanda mas’ullari tomonidan tasdiqlatib olinadi. Bu safar ham xuddi shunday bo‘lgan. Eron tomoni madhiyani tasdiqlab bergachgina, biznikilar qo‘ygan. Keyin ular “bu bizning xatomiz” deb aytishdi”, dedi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi mas’uli.

Federatsiyadan olingan ma’lumotga ko‘ra, 15 - dekabr kuni Eronning eski madhiyasi yangragani ma’lum bo‘lgach, oradan bir necha daqiqa o‘tgach, yangi madhiyani topib qo‘yishgan.

Eron og‘ir atletika federatsiyasi Xalqaro federatsiya va tashkiliy qo‘mitadan xatolik uchun uzr so‘ragan.

Xalqaro musobaqalar payti davlatlar madhiyasini qo‘yishda adashishlar avval ham kuzatilgan.

2023 - yilgi Jahon chempionatining saralash musobaqalarida Qozog‘iston va Suriya jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda Suriya madhiyasi o‘rniga Eronniki qo‘yilgan va bu suriyaliklar noroziligiga sabab bo‘lgan.

8 - dekabr kuni Ispaniyada gandbol bo‘yicha jahon chempionatida Qozog‘istonning eski madhiyasi yangradi, qozoq sportchilarining o‘zi yangi madhiyani xirgoyi qilishdi.

Eronda 1953 - yil amalga oshirilgan to‘ntarishda demokratik tarzda saylangan bosh vazir Muhammad Masaddiq hukumati ag‘darilgan, uning o‘rniga shoh Muhammad Rizo Pahlaviy hokimiyatga kelgan edi.

Pahlaviy hukumati esa 1979 - yilgi Islom inqilobida ag‘darildi.

Inqilob natijasida 2500 yil davom etgan monarxiya tizimi barham topgandi.

Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviy ag‘darilgandan keyin revolyutsionerlar uning haykalini ikkiga ajratishdi. Hozir tehronliklar har kun Sadobod saroyiga olib boruvchi yo‘ldan Pahlaviyning oyoqlari yonidan o‘tib ketishadi
Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviy ag‘darilgandan keyin revolyutsionerlar uning haykalini ikkiga ajratishdi. Hozir tehronliklar har kun Sadobod saroyiga olib boruvchi yo‘ldan Pahlaviyning oyoqlari yonidan o‘tib ketishadi

XS
SM
MD
LG