Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:01

Toshkentdagi memorial va "qahramon"i yo‘q o‘zbeklar - tarmoqlar Navalniyning o‘limi haqida


Toshkentdagi “Shahidlar xotirasi” xiyoboni. 16-fevral, 2024
Toshkentdagi “Shahidlar xotirasi” xiyoboni. 16-fevral, 2024

Rossiya va tashqarisidagi jamoatchilikni larzaga solgan Putinning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniyning qamoqdagi o‘limi ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentini befarq qoldirmadi.

Rossiya Federal Jazoni ijro etish xizmati 16-fevral kuni muxolifatchi Aleksey Navalniy “Qutb bo‘risi” tutqungohida vafot etgani haqida xabar qilgan edi. G‘arb davlatlari siyosatchining o‘limi uchun mas’uliyatni Kreml zimmasiga yukladi.

Gazeta.uz” nashrining yozishicha, Toshkentda ham kichik miqyosda bo‘lsa-da Navalniyni xotirlash aksiyalari o‘tkazilgan. Xususan, “Shahidlar xotirasi” xiyoboni, Rossiya elchixonasi, “Rossotrudnichestvo”, ukrain shoiri Taras Shevchenko haykali va Kosmonavtlar maydoniga gullar qo‘yilgan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari “Shahidlar xotirasi” xiyoboniga kelgan o‘nlab odamlarning gul qo‘yishiga to‘sqinlik qilmagan, ammo yodgorlik yonida turmaslik va sham yoqmaslikni so‘ragan.

“Yana bir kishi gullar bilan birga Navalniyning suratini olib kelgan, biroq huquq-tartibot idoralari xodimlari “siyosatni bu yerda boshlamaslik”ni so‘rab, uni yodgorlik yonida qoldirishga ruxsat bermagan. E’tirozlarga javoban Milliy gvardiya vakili “uni biz o‘ldirmaganmiz” deb ta’kidlab, yig‘ilganlarga siyosatchi uchun uyida motam tutishni taklif qildi”, deb yozadi “Gazeta.uz”.

"Qamoqqa tiqqandan keyin ham undan qo‘rqish uchun odam qanchalik qo‘rqoq bo‘lishi kerak...

Umid qilamanki, bu qo‘ng‘iroq uyqudagi hammani uyg‘otadi", deb yozdi "Korzinka" tarmog‘i rahbari, ishbilarmon va jamoat faoli Zafar Hoshimov o‘zining Feysbukdagi postida.

Iqtisodchi bloger Otabek Bakirov Navalniyning o‘limini “Rossiya uchun, uning ertasi uchun to‘ldirib bo‘lmas ulkan yo‘qotish” deb baholadi.

“O‘zbekistonliklar Navalniyga nisbatan betaraflashtirilgan, begonalashtirilgan, mehnat migrantlarimiz uchun birato‘la olabo‘ji qilib ko‘rsatilgan. Propaganda uni Putindan farqi yo‘q, millatchi, dohiylikka da’vogar yangi imperiyachi o‘laroq tasvirlarni o‘zbekistonlik miyalarga ham quyishni uddalagan. Uni o‘rganmagan, yaxshi bilmagan mutlaq ko‘pchilik bunga ishongan”, deb yozadi u.

Bakirovning ishonishicha, “Orzudagi O‘zbekistonda va kelajakdagi Go‘zal Rossiyada Navalniy do‘st, sherik va teng hamkor bo‘lgan bo‘lardi”.

“Afsuski, faqat kitoblardagina ezgulik yovuzlik ustidan g‘alaba qozonadi. Real hayotda esa yovuzlik g‘olib bo‘ladi. Kuch-qudrat yovuzlik qo‘lida bo‘ladi. Navalniyning o‘limi yovuzlikning yana bir g‘alabasi bo‘ldi”, deb yozdi sobiq deputat va jamoat faoli Rasul Kusherboyev.

“Xalqaro miqyosdagi harbiy jinoyatchi rejimining qurbonlari yana bittaga ko‘paydi. Bu rejim qurbonlari har kuni ko‘payishda davom etmoqda”, deya munosabat bildirdi ekspert Komil Jalilov.

Tahlilchi Anvar Nazirning fikricha, avvaliga rus millatchisi sifatida faoliyat boshlagan Navalniy keyin keskin o‘zgarib, Putinning korrupsiyasiga qarshi eng kuchli va muvaffaqiyatli kurashchiga aylandi.


“Shu paytga qadar uni o‘ldirish uchun ko‘p urinishlar bo‘ldi. Mana, oxiri o‘ldirishdi. Uni maxsus usulda o‘ldirishganini taxmin qilish mumkin. Endi uning jasadini tekshirishsa ham, qiynoq izlarini topish imkonsiz bo‘ladi”, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Tahlilchi Sardor Salim Navalniyning o‘limidan o‘zbek jamoatchiligi ikki xulosa chiqarishi kerak deb hisoblaydi.

“Birinchidan, qahramonlarga zor jamiyatning baxti qoradir. Najot qahramon yoki navbatdagi prezidentdan emas, o‘zimiz kabi kichik, zaif insonlar o‘zaro ginani (jumladan, dindor-sekulyar ixtilofini) chetga surib, uyushib harakat qilganidan keladi. Ikkinchidan, siyosiy jarayonlarda qisqa muddatli sprintga emas, uzoq marafonga tayyorlanish kerak ekan. Islom Karimovning gapidan foydalansak, “avgustda hammasi yaxshi bo‘lib ketmaydi”, deydi Salim.

Jamoatchilik vakillari orasida “Navalniy o‘zbeklar uchun qahramon emas” degan fikr tarafdorlari ham bor.

“Aytib qo‘yay, hech qachon Navalniyga nisbatan simpatiyam bo‘lmagan. Uning shovinistik qarashlari menga yoqmasdi. Qamalganida ham aybi uchun jazosini olmoqda deb o‘ylaganman. Yashirmayman, men uni “Putinning proyekti”, “shunchaki rolь o‘ynab yuribdi” degan xayolda edim. Ammo uni qamoqda o‘lishini oqlab bo‘lmaydi. Shuningdek, Toshkentdagi Qatag‘on qurbonlari majmuasida Navalniy xotirasi uchun tadbir o‘tkazilishini qoralayman. Bu provokatsiyadan boshqa narsa emas. Navalniy biz uchun qahramon emas”, deb yozdi jurnalist Sharofiddin To‘laganov.

“Sovet mafkurasidan qolgan zararli illat – qahramon bo‘lish uchun o‘lish”, deya qisqa post qoldildi “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov ta’kidicha, Navalniyning o‘ldirilishi Putinning “mayda shaxs” ekanidan dalolat beradi.

“Navalniyning qatl etilishi Putin maydaligi nazariyasiga yaqqol va inkor qilinmaydigan dalil bo‘ldi. Tarix kitoblarida yashovchi odamni o‘sha kitoblarda qo‘rqoq deb atashadi, u o‘ldirgan raqibini esa mard deyishadi. Bu ta’rif adolatli bo‘ladi deb o‘ylayman. Chunki haqiqatan Navalniydek mard siyosatchilar har avlodda ham chiqavermaydi”, deya xulosa qiladi B.Hoshimov.

XS
SM
MD
LG