Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:48

Toshkentliklarning qishga g‘amlagan kartoshka-piyozi tekshirilmoqda


Toshkentdagi mahalla yig‘inlari xodimlari uyma-uy yurib, aholining kartoshka, piyoz va sabzi zaxirasini tekshirmoqda.

Aholi orasida uyiga qoplab kartoshka-piyoz g‘amlashni targ‘ibot qilishga majburlanayotganini aytgan mahalla faollari bu topshiriqni “absurd” deya atashdi.

Faollar elektr va gaz muammosi kuzatilayotgan bir paytda aholidan oziq-ovqat zaxirasini talab qilish noo‘rinligini aytmoqda.

Mutasaddilar aholining qishki zaxirasi tekshirilayotganini tasdiqladi, biroq mahalla yig‘inlari majburlanayotganini inkor qildi.

Toshkentning Shayxontohur tumanidagi mahalla yig‘inlari xodimlaridan Ozodlikka bo‘lgan murojaatda poytaxt aholisining qishki zaxirasini tekshirish borasida majburiy topshiriq olganliklari aytiladi.

“Mahalla xodimlarini uyma-uy yurib, kim qoplab kartoshka-piyoz yig‘ib qo‘yganini aniqlashga majburlashyapti. O‘zi gaz-svet muammosi yetmay turgandi, endi kartoshka-piyoz qoplab olishga majburlash qolgandi”, deya yozdi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan MFY xodimlaridan biri.

Ozodlikda mutasaddilar tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlariga Telegram orqali jo‘natilgan topshiriqning nusxasi mavjud.

“Hurmatli hamkasblar, ertadan aholining zaxirasini o‘rganish uchun komissiya chiqadi. MFYlarini ogohlantirib qo‘yinglar, zaxirasi bor xonadonlarni bilib qo‘yishsin, ko‘rsatishga. (kartoshka, piyoz, sabzi)”, deyiladi Telegramdagi yozishmada.

Ozodlik Shayxontohur tumanidagi bir qancha MFYlari bilan bog‘landi. Ularning barchasi aholining qishki zaxirasini tekshirish borasida topshiriq olganini va bunga norozi ekanliklarini aytishdi.

Jumladan, “Jarariq” mahallasi xodimlaridan biri ushbu topshiriqni “absurd” deya atadi:

“Kim o‘ylab topgan bu topshiriqni, hayronman. Kartoshka-piyozingni ko‘rsat deyish mutlaqo absurd narsa. 600ta xonadonga kirib, skladlarini titkilashimiz qolgandi. Ko‘chada ko‘rib qolsak, hammaga aytyapmiz, “Kartoshka-piyozni g‘amlab qo‘ying”, deb. Ular ham “xo‘p” deyapti. Har 2-3 kunda yarmarka qilyapmiz. Odamlar ehtiyojiga qarab olyapti. Lekin qoplab olishga nima hojat, bunisini tushunmayapmiz. Endi komissiya kelishiga 1-2ta xonadonni tayinlab qo‘ydik, qoplab kartoshka-piyozi bor ekan, shularnikiga olib boramiz”.

Ozodlik 12 - dekabr kuni Toshkentdagi MFYlariga qo‘ng‘iroq qilib, aholining qishki zaxirasini teshkirish nafaqat Shayxontohur tumanida, balki poytaxtning barcha hududlarida birday davom etayotganini aniqladi.

Biroq MFYlarining hammasi ham bu topshiriqni bajarish niyatida emasligi ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, “Gulbozor” mahallasi faollari aholining uylariga birma-bir kirish rejasi yo‘qligini aytishdi.

“Bizning mahallamiz hududida bozor joylashgan. Shuning uchun aholi uyida zaxira saqlashga hojat yo‘q. Bozordagi savdogarlar ham, asosan, mahalla ahlidan. Kartoshka-piyozni uyga bosib qo‘ygandan ko‘ra, yangisini sotib olish qulay. Uyga olib qo‘yishdan foyda yo‘q. Agar komissiya kelsa, odamlarning o‘zlari bilan uchrashtiramiz, ularning o‘zlari aytishadi, zaxiraga ehtiyoj yo‘qligini”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz MFY faollaridan biri.

Olmazor tumanida yashovchi toshkentlik ayol ham qishga zaxira g‘amlash rejasi yo‘qligini aytadi:

“Kecha mahalladan kelib, “kartoshka-piyozingiz bormi”, deb so‘radi. Hayronman bularga, boshqa qiladigan ishi yo‘qmi? “Kartoshka-piyozim yo‘q bo‘lsa, olib kelib berasizlarmi” desam “yo‘q” deyishdi. Unda balo bormi, uyma-uy yurishga? Uchastkada turamiz, oldin 2-3 qoplab olib qo‘yardik. Lekin bahorga yetmay yarmi chirib ketardi. Bozorga borish uchun transport muammosi sabab qoplab olardik. Hozir mahallamizda bozor bor, do‘kon bor. Qoplab olishga hech hojat yo‘q. Kerak payti bolalar chiqib, bir necha kilo olib kelishadi. Undan ko‘ra, issiqlik ta’minotini yaxshilashsin. Bir oydan beri vaziyat o‘nglanmadi”.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining Ozodlik bog‘langan xodimi Toshkentda aholining qishki zaxirasini o‘rganish tadbiri bo‘layotganini tasdiqladi.

“Qishloq aholisi qishga zaxira qilishga o‘rgangan. Lekin shaharliklar bu narsani qilmaydi. Hech kim MFYlarini majburlamayapti. Fuqarolar ham qoplab kartoshka-piyoz olishga majburlanmayapti. Faqat targ‘ibot ishlari olib borilib, odamlarga qishga zaxira g‘amlash haqida tushuntirilmoqda xolos. 2020-2021 - yilgi qish-bahor mavsumiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish borasida oktabr oyidayoq hukumat qarori qabul qilingan. Hozirda mamlakat bo‘yicha kartoshka, piyoz, sabzi va guruchning jami zaxira hajmi 795 ming tonnani tashkil etadi. 1 - yanvarga qadar zaxira mahsulotlarini ichki iste’mol bozoriga etkazib berish jadvallari ishlab chiqiladi. Hammasi faqat fuqarolarimizni o‘ylab qilinyapti”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan vazirlik xodimi.

XS
SM
MD
LG