Donald Tramp prezident o‘laroq qasamyodga keltirilgan 2025-yil 20-yanvaridan buyon AQSHda 14 ming migrant hibsga olingan. Bu haqda CNN telekanalining “Mamlakatdagi vaziyat” dasturida Tramp tomonidan “chegara podshohi” etib tayinlangan Tom Xoman bildirgan.
“Biz bu borada bundan ham ko‘proq ish qilishimiz”, deya iqtibos keltirgan “Amerika ovozi”ning rus xizmati Xoman so‘zlaridan.
Mulozim dastur davomida AQSHda immigratsiya agentlari tomonidan hibsga olingan va vataniga deportatsiya qilingan noqonuniy migrantlar soni o‘ta kamligidan norozilik izhor qilgan.
Ayni paytda Xoman deportatsiyalar soni Jo Bayden ma’muriyati davridagidan “anchagina yuqori” ekanini urg‘ularkan, “Biz ish sur’atini oshirishimiz zarur. Bu og‘ir mehnat”, deya qo‘shimcha qilgan.
The Washington Post nashrining yozishicha, yanvar oyi oxirida Tramp AQSHda noqonuniy yurgan muhojirlarni tutish bo‘yicha amaliyot sur’ati pastligidan norozilik bildirgan. O‘sha paytda immigratsiya politsiyasining mahalliy ofisiga sutkasiga kamida 75 ta hibsni amalga oshirish vazifasi qo‘yilgan, shunday qilingan taqdirda mamlakat bo‘yicha hibslar sonini umumiy hisobda kuniga 1500 tagacha yetkazish mumkin edi. Normani bajarmagan xizmat xodimlariga jarima solinishi mumkin.
Qo‘lga olingan migrantlarning ko‘pi o‘z mamlakatlariga qaytarilgan yoki AQSHning Kubadagi Guantanamo harbiy-dengiz bazasida joylashgan qamoqxonaga yo‘llangan, biroq migrantlarning ayrimlariga sudni kutish uchun mamlakatda qolishga ruxsat berilgan.
AQSH rasmiylariga ko‘ra, mamlakatda 11 millionga yaqin noqonuniy migrant istiqomat qiladi. Tramp o‘tgan yilgi saylovoldi kampaniyasida “millionlab” migrantni topib, deportatsiya qilishga va’da bergan edi. Mulozimlar birinchi navbatda AQSHda jinoyat sodir etgani uchun sudlangan migrantlar hibsga olinayotganini qayd etishmoqda, biroq umuman olganda zarur immigratsion hujjatlarga ega bo‘lmasdan yashayotganlarning barchasi hibsga olinib, yurtiga badarg‘a qilinishi mumkin.
Tramp ma’muriyati migratsiya masalalari bilan shug‘ullanuvchi AQSH Immigratsiya va bojxona xizmatini (ICE) kuchaytirish uchun bir necha federal agentlikdan huquq-tartibot idoralari xodimlarini jalb qilgan.
Yangi ma’muriyatning ilk kunlarida kuniga yuzlab migrant hibsga olingan va bu jarayon, avvalgidek ko‘lamda bo‘lmasa-da, haligacha davom etmoqda. AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi yanvar oyi oxirida kuniga 800 ga yaqin hibs qayd etilganini, 26-yanvar kuni esa qo‘lga olishlar soni 1179 taga yetganini ma’lum qilgan. Biroq fevral oyining birinchi yarmida bu ko‘rsatkich kuniga 600 dan kamroqqa tushgan.