AQSH prezidenti Donald Tramp 12-fevral kuni ertalab Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgan. Bu haqda Tramp TrueSocial ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
“Biz Ukraina, Yaqin Sharq, energetika, sun’iy intellekt, dollar kuchi va boshqa mavzularni muhokama qildik. Biz ikkimiz millatlarimizning buyuk tarixi haqida fikr yuritdik”, deb yozgan Tramp.
AQSH lideriga ko‘ra, tomonlar o‘zaro tashriflar to‘g‘risida kelishib olishgan.
“Shuningdek, biz tegishli komandalarimiz [Rossiyaning Ukraina bilan harbiy mojarosini hal qilish bo‘yicha] zudlik bilan muzokaralar boshlashlari haqida kelishib oldik, biz bu ishni bo‘lib o‘tgan suhbatdan Ukraina prezidenti [Vladimir] Zelenskiyni xabardor qilish uchun unga qo‘ng‘iroq qilishdan boshlaymiz va men buni hoziroq amalga oshiraman”, degan Tramp.
AQSH prezidenti iddaosicha, u Ukraina bo‘yicha muzokara jarayoniga yetakchilik qilishni Davlat kotibi Marko Rubio, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolts va maxsus elchi Stiv Uitkoffga topshirgan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezidentlar suhbati qariyb bir yarim soat davom etganini bildirgan. Putin Trampning Moskva va Vashington birga ishlashi lozimligiga oid tezisini dastakladi, deya urg‘ulagan Peskov.
Kreml vakiliga ko‘ra, Putin Trampning harbiy mojaro uzoq muddat ichida hal bo‘lishiga muzokaralar yo‘li bilan erishish mumkinligiga oid fikriga qo‘shilgan.
Shundan so‘ng Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilgan. Mazkur suhbat bir soatcha davom etgan.
“Hozirgina Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan gaplashdim. Suhbat juda yaxshi kechdi. U ham prezident Putin kabi TINCHLIKka erishishni istaydi. Biz urush bilan bog‘liq ko‘plab mavzularni muhokama qildik, biroq asosiy gap juma kuni Myunxenda tashkil etiladigan hamda delegatsiyamizga vitse-prezident Jeyms Devid Vens va Davlat kotibi Marko Rubio yetakchilik qiladigan uchrashuv haqida bo‘ldi. Men bu uchrashuv natijasi ijobiy bo‘ladi, deb umid qilaman. Ommaviy va hech kimga kerak bo‘lmagan O‘LIM va VAYRONALIK keltirgan bu bema’ni urushni to‘xtatish vaqti keldi. Xudo Rossiya va Ukraina xalqini yorlaqasin!” deb yozgan AQSH prezidenti.
Zelenskiy Tramp bilan bo‘lib o‘tgan suhbat haqida ijtimoiy tarmoqda quyidagilarni yozdi: “Uzoq suhbat. Tinchlikka erishish imkoniyatlari haqida. Komandalar darajasida birgalikda ishlashga hozirligimiz haqida. Skot Bessent bizning suhbatimiz hamda xavfsizlik, iqtisodiy va resurs hamkorligi bo‘yicha yangi kelishuvimizni tuzishga tayyorgarlik masalasini muhokama qildik”.
“Prezident Tramp menga Putin bilan suhbati tafsilotlarini gapirib berdi. Ukraina tinchlikni hammadan ko‘ra ko‘proq istaydi. Rossiya tajovuzini to‘xtatish hamda ishonchli, uzoq muddatli tinchlikni kafolatlash uchun Amerika bilan birgalikda qo‘yiladigan qadamlarimizni belgilayapmiz”, deya bildirgan Zelenskiy.