Линклар

Шошилинч хабар
25 январ 2025, Тошкент вақти: 01:59

Turkiya: Antaliya aeroportiga qo‘ngan Rossiya uchog‘ida yong‘in chiqdi


Turkiyada 24-noyabr oqshomida Rossiyaning “Azimut” aviashirkatiga qarashli Sukhoi Superjet 100 yo‘lovchi uchog‘ida Antaliya aeroportiga qo‘nganidan keyin yong‘in chiqdi. Uchoq Rossiyaning Sochi shahridan uchib kelgan, uning bortida 95 kishi bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa chog‘ida hech kim jabr ko‘rgan emas. Yong‘in o‘chirilgan.

Turkiya aviatsiya rasmiylariga ko‘ra, uchoqda 89 nafar nafar yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Rosaviatsiya iddaosicha, ularning barchasi evakuatsiya qilingan va qurbonlar bo‘lmagan.

Mash va Baza telegram-kanallarining yo‘lovchilar ma’lumotiga tayangan holda xabar qilishlaricha, uchoq inish chog‘ida qo‘nish yo‘lagiga qattiq urilgan, shundan so‘ng undan yoqilg‘i oqib ketgan. Aviashirkat vakillari TASS agentligiga kuchli shamol tufayli “qattiq qo‘nish” bo‘lganini tasdiqlashgan.

Guvohlar dastavval uchoqning dvigateli yona boshlagani, keyin esa alanga boshqa joylarga o‘tganini aytishgan. Turk matbuotiga ko‘ra, voqea joyiga qutqaruv xizmatlari yetib borgan, hodisa bo‘yicha tekshiruv boshlangan.

AirportHaber saytiga ko‘ra, Antaliya aeroporti vaqtincha reyslarni qabul qilmay qo‘ygan. Uchish-qo‘nish yo‘lagi avariya tufayli yopilgan.

Oktyabr oyida Mineralniye vodidan Ivanovoga qatnovni amalga oshirayotgan Superjet yonib ketgani ortidan Moskvadagi Vnukovo aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirgandi. Qo‘nish paytida uchoqning pastki qismida uchqunlar chaqnashi kuzatilgan, deyilgan Rosaviatsiya hisobotida. O‘shanda uchoq bortida 98 nafar yo‘lovchi va 4 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan, hodisa chog‘ida hech kim jabrlanmagan.

2019-yili Moskvadagi Sheremetevo aeroportida “Aeroflot” aviashirkatiga tegishli Sukhoi Superjet 100 uchog‘i qo‘nish yo‘lagiga urilgani ortidan yonib ketgan edi. O‘sha paytda uchoq bortida bo‘lgan 78 kishidan 41 nafari halok bo‘lgan. Ekipaj komandiri Denis Yevdokimov 2023-yili olti yilga qamalgan.

Yevdokimovning advokatlari fojiaga shassining yerga qattiq tegishi natijasida yoqilg‘i to‘kilishiga olib kelgan uchoqdagi konstruktiv kamchiliklar sabab bo‘lganini ta’kidlagan: ularga ko‘ra, shassi tirgaklari yerga urilish chog‘ida yoqilg‘i baklarini teshib qo‘ygani iddao qilingan.

XS
SM
MD
LG