Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:22

Turkiya tojikistonliklar uchun viza tartibini joriy qildi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Turkiya Tojikiston fuqarolariga nisbatan viza tartibini joriy qildi. Prezident Erdo‘g‘onning bunga oid farmoni 6-aprel kuni hukumat nashri bo‘lgan Resmi gazete (“Rasmiy gazeta”) orqali yoyinlangan. 7-aprel kuni esa Tojikiston TIV Anqaradan rasmiy bildirishnoma olganini tasdiqlagan.

Xorijiy pasportlarga ega bo‘lgan tojikistonliklarga nisbatan viza tartibi 20-apreldan amalda bo‘ladi. Viza tartibi nima sababdan joriy etilganiga turk rasmiylari izoh bergan emas. Tojikistonliklar Turkiyaga uchib borganlaridan keyin viza olishlari mumkinmi yoki ular viza uchun elchixonaga murojaat qilishlari kerakmi — bu borada hozircha aniq bir ma’lumot yo‘q.

Hozirda tojikistonliklar Turkiyada 30 kungacha vizasiz yurish huquqiga egalar. Tojikiston TIV Anqaraning bu qadamiga qarshi javob choralari qabul qilinishi mumkinligini bildirib, o‘z fuqarolariga xorijiy safarlarda Turkiyadan tranzit o‘lka o‘laroq foydalanmaslikni tavsiya qilgan.

Ozodlikning tojik xizmati qaydicha, tojikistonliklar uchun viza tartibi joriy etilganiga oid xabar ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini ranjitgan. Turkiya Tojikistondan bo‘lgan tijoratchilar va sayyohlar uchun muhim yo‘nalish bo‘lib hisoblanadi, shuningdek, tojikistonliklar bu mamlakatdan muhim tranzit punkti o‘laroq ham foydalanib kelishadi.

Ozodlik suhbatdoshi siyosatshunos Abdumalik Qodirov boshqa sharhlovchilar singari Turkiya hukumati qarorini Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll”ga 22-mart kuni amalga oshirilgan hujum bilan bog‘lagan. Rossiyada mazkur hujumda gumonlanib Tojikistonning bir necha nafar fuqarosi hibsga olingan.

“Turkiyaning hozirda ko‘rayotgan chorasi Tojikiston fuqarolarini “jamoaviy tarzda jazolash” deb ataladi”, degan siyosatshunos.

Avvalroq “Krokus”ga hujumda gumonlanganlardan kamida ikki nafari bir muddat Istanbulda bo‘lib, keyin Moskvaga uchib borgani haqida xabar qilingan edi.

Konsert zalidagi terakt uchun mas’uliyatni terror tashkilot deb tan olingan “Islom davlati” o‘z zimmasiga olgan. Shu yil yanvar oyida esa ID Istanbuldagi katolik cherkoviga hujum uchun mas’uliyatni zimmasiga olgan, hujumchilar orasida Tojikiston va Rossiya fuqarolari bor edi. Turkiya rasmiylari avvalroq IDga aloqadorligi taxmin etilgan 48 kishi qo‘lga olingani haqida ma’lum qilishgan. Ularning qaysi davlat fuqarosi bo‘lganiga aniqlik kiritilgan emas.

Tojikiston rasmiylari “Krokus Siti Xoll”ga hujumni qoralab chiqishgan, mamlakat hududida IDga aloqadorlikda gumonlangan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar qilingan. Ayni paytda Tojikiston TIV Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning Dushanbedagi Ukraina elchixonasi Rossiyaga qarshi jangovar harakatlar olib borish uchun go‘yo odam yollayotganiga oid iddaolarini rasman rad etgan. TIV vakili “rossiyalik mansabdor shaxsning iddaolari hech qanday asosga ega emas”ligini bildirgan.

Rossiya rasmiylari “Krokus”dagi teraktda Ukraina izi borligi iddao qilishgan, Kiyev va G‘arb vakillari esa bu iddaoni “absurd” deb atashgan.

XS
SM
MD
LG