Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:48

Turkiya va Suriyadagi zilzilada ikki mingdan ortiq odam nobud bo‘ldi


Turkiyada 6-fevral kuni ikkita kuchli zilzila qayd etildi - ertalab 7,8 magnitudali va kunning ikkinchi yarmida 7,6 magnitudali yer silkinishi. Zilzilalar Turkiyaning janubi-sharqida, shuningdek, qo‘shni Suriya shimolida ko‘plab qurbonlar va vayronagarchiliklarga olib keldi.

Toshkent vaqti bilan soat 20.00 holatiga ko‘ra jabrlanganlarning umumiy soni 2 mingdan oshdi va mahalliy rasmiylarga ko‘ra, yana ko‘payadi.

Zilzila qurbonlari soni Turkiyada qariyb 1500 kishiga, Suriyada esa 800 nafarga yetdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 1939-yilgi zilziladan so‘ng eng kuchli zilzila deb atadi.

Turkiyada kamida 10 ta yirik shahar jabrlangan, kamida 1700 ta uy vayron bo‘lgan.

Turkiyaning Qahramonmarash shahrida butun bir turar-joy maydoni vayron bo‘lganini voqea joyidan olingan suratlar ko‘rsatadi.

Diyarbakirda katta vayronagarchilik qayd etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda vayronagarchilik aks etgan surat va videolar joylashtirilmoqda, ayrim videolarda esa uylarning qulashi jonli aks ettirilgan.

Avvalroq, to‘rt soat oldin Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 912 kishi halok bo‘lgani, 5,4 mingga yaqin kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan edi.

Vayronalar ostida yana qancha odam qolgani noma’lum, chunki zilzila odamlar uxlab yotgan paytda ro‘y bergan. Qurbonlar soni yana ko‘payishi mumkin.

Seysmologlarning qayd etishicha, bu oxirgi paytlarda Turkiyadagi eng halokatli zilzilalardan biriga aylanishi mumkin.

Zilzila Qahramonmarash viloyatining Pazarjik tumanida mahalliy vaqt bilan soat 4:17 da 7 km chuqurlikda sodir bo‘lgan. Turkiya tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (AFAD) ma’lumotlariga ko‘ra, tebranishlar magnitudasi 7,4 ballni tashkil qilgan.

Keyinroq Gaziantep viloyatida 6,4-6,6 magnitudali yana uchta zilzila sodir bo‘ldi. Shuningdek, seysmologlar 22 ta yer silkinishini qayd etishgan.

Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu zilzila Qahramanmarash, Gaziantep, Hatay, Usmoniya, Adiyaman, Malatya, Diyarbakir kabi o‘nta viloyatda sezilganini ma’lum qildi.

Mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi.

7,4 magnitudali birinchi zilziladan so‘ng, birgina Turkiyaning o‘zida 32 ta zilzila sodir bo‘ldi, ulardan oltitasi 6 balldan yuqori.

Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu kamida 10 ta shahar zarar ko‘rganini aytdi. Diyarbakirda savdo markazi qulab tushdi.

Turkiya janubidagi Hatay viloyatida zilzila natijasida gaz quvuri portlab ketdi, deb xabar berdi Ihlas axborot agentligi.

Yer silkinishlari bir qancha hududlarda – Adana, Anqara, Antaliya, Gaziantep, Kayseri, Mersin, Trabzon, Urfa, shuningdek, butun mintaqada – Kipr, Livan va Suriyada sezilib, Turkiyadagi kabi ko‘plab odamlar halok bo‘ldi.

Reyters xabariga ko‘ra, Suriya davlat matbuoti Aleppo viloyatida ko‘p sonli binolar qulaganini ma’lum qilgan. Suriya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 237 kishi zilzila qurboni bo‘lgan, yana 639 kishi jarohatlangan.

Suriyaning Xama shahrida sakkiz qavatli bino qulab tushdi. Qutqaruvchilar vayronalarni tozalamoqda. SANA agentligiga ko‘ra, Latakiyada ham vayronagarchiliklar kuzatilmoqda.

Guvohlarning aytishicha, Damashqda, shuningdek, Livanning Bayrut va Tripoli shaharlarida odamlar uylar qulab tushishidan xavfsirab, mashinalarda uzoqroq joyga borganlar. Yer silkinishlari Armaniston-Gruziya chegarasida ham sezilgan.

Turk Qizil yarim oy jamiyati rahbari Kerem Kinik Turkiya xalqaro yordamni qabul qilishga tayyorligini bildirdi.

G‘aziantepada YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy qal’a zilzila oqibatida qulab tushdi. Bu haqda Turkiyaning Yeni Safak gazetasi xabar berdi. Qal’aning devorlari va minoralari vayron bo‘lgan, ularni qayta tiklash mumkinmi yoki yo‘qmi, hali noma’lum.

U ilk bor Xet podshohligi davrida qurilgan. II-III asrlarda qal’a rimliklar tomonidan qayta qurilib, kengaytirilgan. O‘z tarixi davomida qal’a ko‘p marta qayta tiklangan va 2000-yillarning boshlarida amalga oshirilgan restavratsiya natijasida o‘zining yakuniy shaklini olgan. U panoramali muzey sifatida ishlatilgan.

Suriyada YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Halab qal’asi ham vayron bo‘ldi.

Turkiya dunyodagi eng faol seysmik zonalardan birida joylashgan. 1999-yilda mamlakat shimoli-g‘arbidagi Izmir mintaqasida sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida 17 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan edi.

AQSh Geologiya xizmati, Qahramanmarashdagi zilzila Turkiyada oxirgi yuz yildagi eng kuchli zilzilalardan biri ekanligini qayd etdi. Amerikalik geologlar buni 1939-yilda Turkiya sharqida sodir bo‘lgan va 30 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan 7,8 magnitudali zilzilaga taqqoslagan.

XS
SM
MD
LG