Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:30

Turkiya: Yirik shaharlarda muxolifat nomzodlari peshqadam


Istanbul meri lavozimiga muxolifat nomzodi Ekrem Imomo‘g‘li
Istanbul meri lavozimiga muxolifat nomzodi Ekrem Imomo‘g‘li

Turkiyadagi eng yirik shahar bo‘lgan Istanbulda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga muxolifatda bo‘lgan amaldagi mer Ekrem Imomo‘g‘li oldinda bormoqda. Saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, Imomo‘g‘li 51 foizdan ko‘proq, uning raqibi Murat Qurum esa 39,5 foiz ovoz yig‘olgan.

Jumhuriyat xalq partiyasining yana bir nomzodi - Anqaraning amaldagi meri Mansur Yavash ham Erdo‘g‘on partiyasi nomzodi bo‘lgan raqibidan qariyb ikki baravar ko‘p ovoz olgan – Mansur Yavash uchun saylovchilarning 60.35 foizi, raqibi Turgut Altino‘q uchun esa 31.69 foizi ovoz bergan.

Turkiyada 31-mart kuni bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlar siyosiy sharhlovchilar tomonidan 2028- yildagi prezident saylovi oldidan kuch sinashish o‘laroq baholanmoqda. Keyingi saylovga amaldagi prezident Erdo‘g‘on o‘z nomzodini qo‘ymasligi aytilmoqda. Tahlilchilar keyingi prezident saylovida muxolifat nomzodi Istanbul meri Ekrem Imomo‘g‘li bo‘lishini taxmin qilishmoqda, biroq bu lavozim uchun ayni paytda raqibini katta farq bilan yenggan Mansur Yavash ham da’vogarlik qilishi mumkinligi istisno qilinmayapti.

Izmir, Antaliya, Adana, Bursa kabi yirik shaharlarda nomzodi oldinda borayotgan muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi, saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 37.74 ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Siyosiy sharhlovchilarning ayrimlari bu Jumhuriyat xalq partiyasining 1989 yildagi mahalliy saylovlardan buyon erishgan eng yirik g‘alabasi ekanini aytmoqdalar.

Turkiya janubiy-sharqida joylashgan ayrim viloyatlarda an’anaga muvofiq ravishda kurdlar manfaatlarini tamsil etuvchi DEM partiyasi peshqadamlik qilyapti.

2014-yildan buyon prezident lavozimini egallab kelayotgan Erdo‘g‘on ungacha (2003-yildan beri) bosh vazir maqomida Turkiya siyosatida bosh rolni o‘ynab kelgan. O‘tgan yili u prezident saylovida birlashgan muxolifat nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li ustidan g‘alaba qozonib, 2028-yilgacha davlat rahbari lavozimida qolish imkoniyatini qo‘lga kiritgan edi.

XS
SM
MD
LG