Turkiyada bir necha yildan buyon tutqunlikda ushlab turilgan o‘zbekistonlik 42 yoshli ayol ozod qilingan. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi ma’lumot tarqatdi.
Ayolning tutqunlikda tutib turilgani qizining o‘zbek diplomatlariga murojaati ortidan ma’lum bo‘lgan. Qayd etilishicha, qarshilik 21 yoshli qiz bundan to‘rt yil muqaddam Istanbulga ketgan onasi 3 yildan beri aloqaga chiqmayotganini aytib, uni topish va O‘zbekistonga qaytarishda yordam so‘ragan.
Tekshiruvlar natijasida X. D. “Turkiyaning Ushoq shahrida ekanligi, 2020-yildan buyon Turkiya fuqarosi M. G. tomonidan erkiga xilof ravishda tutqunlikda ushlab turilgani aniqlangan”.
27-avgust kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida tutqunlikdagi ayol qutqarilib, Ushoq shahar ichki ishlar boshqarmasiga yetkazilgan.
“Turkiya qonunchiligiga binoan shaxsni erkiga xilof ravishda tutqunlikda saqlaganligi uchun M. G. ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, deyilgan xabarnomada ayni paytda qarshilik ayolni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar davom ettirilayotgani qo‘shimcha qilingan.