Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:47

Turkiyada qirg‘izistonlik kelinni o‘z qaynotasi o‘ldirdi


Ayat
Ayat

Turkiyaning Taqirdog‘ida yashovchi yosh qirg‘izistonlik ayol qaynotasi tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirildi. 12 - oktabr kuni tarqalgan bu xabar jamoatchilikni larzaga soldi. Voqea Turkiyada katta shov-shuv bo‘ldi, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh konsulligi tergov harakatlarini diqqat bilan kuzatmoqda.

12 - oktabr, seshanba kuni Turkiya axborot agentliklari Taqirdog‘ shahrida qirg‘izistonlik juvon vahshiylarcha o‘ldirilgani haqida yozdi. Turk politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 30 yoshli Ayatni o‘z qaynotasi o‘ldirgan va jasadini parchalab, chiqindixonaga tashlab yuborgan.

Turkiyaning “ShouTV” telekanali vakillari voqea joyiga borib, nima bo‘lganini aniqlashga urinishdi. Qo‘shnilari Ayat qaynota-qaynonasi bilan birga yashaganini, so‘nggi kunlarda damduz va kamgap bo‘lib qolgani so‘zlab berganlar.

“Bu oila bilan hech kim bordi-keldi qilmaydi. Shunchaki salom-alik qilishadi xolos. Fojia yuz bergan kuni qaynonasi faryod solib yig‘lagandi. Shu ish bo‘lar ekan-da, demak. Qaynotasi unaqa qahri qattiq odamga o‘xshamaydi. Sud unga loyiq jazo beradi deb umid qilamiz”, deyishgan qo‘shnilar.

Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmati Ayatning qalin dugonasi Umida bilan bog‘landi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ayat to‘rt yil muqaddam eri To‘lg‘axon bilan tanishib, Turkiyaga ko‘chib kelgan. Er-xotin inoq yashashgan. Ammo erning qarindoshlari qirg‘iz kelinni xushlamagan, oilasiga qabul qilmagan va hadeb turmushiga aralashavergan.

“Ayatni Turkiyaga ko‘chib kelishidan oldin ham tanirdim. Bir kuni u qo‘ng‘iroq qilib, turk yigitiga erga tegmoqchi ekanini aytdi. Men, agar biron yordamim kerak bo‘lib qolsa, tortinmay aytaverishi mumkinligini bildirdim. Ko‘p o‘tmay ular biz istiqomat qilayotgan Anqara shahriga ko‘chib kelishdi. O‘shanda Ayat erining urug‘lari uni yoqtirmasligidan arz qilgandi. Men unga birinchi galda o‘zingni o‘yla, deb aytdim. Keyin ular Adana shahriga, erining qarindoshlari yoniga ko‘chib ketishdi. Qaynona-qaynotasi uni chiqishtirmasdi. Ayat ulardan haqorat eshitishi haqida ko‘p gapirgan. Qaynotasi uni pichoq bilan nimtalab tashlaganini yangiliklardan bildim. Eshitdim‑u butun dunyo ostin-ustun bo‘lib ketdi”, deya hikoya qilib berdi Umida.

Ayat so‘nggi marta ijtimoiy tarmoqlarga 30 yoshga to‘lgan kunida kirgan ekan. U eng yaxshi kunlari hali oldindaligi haqida, sevimli eri borligi va bir necha farzandga ona bo‘lgani haqida yozgan. Shuningdek, avvalgi sodda fe’l-atvori o‘zgarib, endilikda mas’uliyatli ayolga aylanganini so‘zlagan va unga hayot baxsh etgani uchun onasiga minnatdorlik bildirgan.

Qirg‘izistonning Istanbuldagi Bosh konsuli Lira Sidiqova Taqirdoqqa borgani va Ayatning o‘limi yuzasidan tergov olib borilayotgani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqda xabar qoldirgan.

Bosh konsullik tergov tadbirlarini tezlashtirishni so‘rab Turkiya huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilgan. Shuningdek, konsulxona marhumaning oilasiga va yaqinlariga diplomatik tarafdan huquqiy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgan.

Ayatning onasi payshanba kuni Moskvadan Turkiyaga uchib borib, tergov harakatlarida ishtirok etishini va qizining jasadini olib ketishini aytgan.

Turk nashrlari xabar qilishicha, politsiya Ayatning qaynotasini "Odam o‘ldirish" moddasi bo‘yicha gumonlanuvchi tariqasida hibsga olgan. So‘roq chog‘ida u kelini “nabiralarini urgan”ini va “ularni sira o‘z holiga qo‘ymagan”ini, shuningdek, “qilmishidan pushaymon”ligini aytgan.

Turkiyada qirg‘izistonlik ayollar birinchi marta maishiy zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgani yo‘q. 2020 - yilda Antaliyada 23 yoshli qirg‘izistonlik qiz noma’lum kimsa tomonidan o‘ldirilgan edi.

2016 - yilda qirg‘izistonlik yana bir qiz pichoqlanib, kasalxonaga tushgan. Politsiya gumonlanuvchi tariqasida u bilan birga yashagan erkakni qamoqqa olgan.

2016 - yilda Antaliyada enaga bo‘lib ishlovchi Malika yo‘l chekkasida behush holda topilgan edi. Tergov idorasi u Qo‘rquteli tumanida Turkiya fuqarosi M.Y. tarafidan jinsiy zo‘rlanganini, shundan so‘ng erkak temir buyum bilan uning boshiga bir necha marta urib, yo‘lga tashlab ketganini aniqlagan. Ayblanuvchi sudda o‘z aybini tan olmagan.

Malika Nootiyevaning sudi 5 yildan beri davom etmoqda. Uning huquqlarini to‘rt nafar turk advokat himoya qilyapti. Ulardan biri – Enis Ziyali, jinoyat ishi ishtirokchisi Turkiya yoki boshqa mamlakat fuqarosi bo‘lishidan qat’iy nazar, sud adolatli qaror chiqarishiga ishonishini aytadi. Ayni chog‘da u ba’zan haddan ziyod engil jazo tayinlanishini yashirmaydi.

“Qaynotaning o‘z kelinini vahshiylarcha o‘ldirgani haqidagi bunaqa xabarlar odamning yurak-bag‘rini xun qiladi. Men advokat sifatida, gumonlanuvchining aybi isbotlanib, o‘zi umrbod qamoqqa olinishini kutyapman. Mazkur fojia Turkiyada jamiyatni qattiq hayajonga soldi. Mening amaliyotimda shunaqa ishlar bo‘lganki, jabrlanuvchi tomon xorijiy mamlakatlar fuqarolari bo‘lganida sud ayblanuvchiga yumshoqroq jazo tayinlagan yoki jazodan butkul ozod etgan. Shunday ekan, Ayatning ishi sinchkovlik bilan tergov qilinishi va albatta sudda ko‘rilishi lozim. Qaynotasiga eng qattiq jazo berilishi kerak”, deya fikr bildirdi advokat Ozodlik muxbiri bilan muloqot chog‘ida.

Xabar qilinishicha, marhumaning voyaga etmagan farzandlari bolalar uyiga joylashtirilgan.

Turk politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2020 - yilda 300 nafar ayol o‘ldirilgan. Biroq ulardan nechtasi chet elliklar ekanligi ochiqlanmagan.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, Turkiyada 25 mingdan ziyod qirg‘izistonliklar ro‘yxatga olingan. Ular asosan Istanbul, Anqara va Antaliyada ishlashadi.

Yaqinda Hindistonda qirg‘izistonlik homilador ayol va uning bir yashar o‘g‘li o‘ldirilgan edi. 27 yashar Misqol Jumaboyeva hamda o‘g‘lining jasadlari Nyu-Deli shahrining Kalkaji tumanida topilgan. O‘limidan oldin u dugonasining uyida bo‘lgani aniqlangan. Politsiya marhumaning erini, dugonasini va dugonasi bilan birga yashovchi erkakni so‘roq qilganini ma’lum qildi. Ayolning qarindoshlari prezident Sadir Japarovga murojaat etib, gumonlanuvchilarni topish va javobgarlikka tortishda undan ko‘mak so‘raganlar.

XS
SM
MD
LG