Линклар

Шошилинч хабар
19 январ 2025, Тошкент вақти: 07:51

Turkiyada yashiringan o‘zbekistonliklarni ushlash tadbirlari kuchaytiriladi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda tergov va suddan yashiringan shaxslarning Turkiya hududida yashirinishga urinishi holatlari ko‘paymoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi tomonidan tarqatilgan xabarnomada so‘z borgan.

Qayd etilishicha, birgina 2024-yilning 10 oyida javobgarlikdan qutulish maqsadida yillar davomida qardosh davlat hududida yashirinib yurgan 37 nafar ayblanuvchi qo‘lga olingan va odil sudlov hukmiga havola etilgan.

Diplomatik vakolatxonaga ko‘ra, “ikki davlat Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro huquqiy yordam tadbirlari doirasida bu kabi shaxslarga nisbatan jinoiy ta’qibni amalga oshirish yanada samarali ko‘rinishga ega bo‘lmoqda”.

Konsullik bundan buyon qidiruvdagi shaxslarni qo‘lga olish tadbirlari yanada kuchaytirilishi, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurash jadal davom ettirilishini urg‘ulagan.

Istanbuldagi bosh konsulxona “qidiruvdagi shaxslar uchun yagona va eng to‘g‘ri yo‘l – O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalariga yoki respublika huquqni muhofaza qiluvchi idoralariga murojaat qilish, tergov va sud protsessida qonuniy himoya huquqidan foydalanish” ekanini eslatgan.

Ozodlik joriy yilning 12-sentyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya tashqi ishlar vaziri Haqan Fidan, ichki ishlar vaziri Ali Yerliqaya va Milliy razvedka xizmati direktori Ibrohim Qalindan iborat delegatsiyani qabul qilgani haqida xabar qilgandi. Ushbu tashrif yakunida Toshkent va Anqara rasmiylari ikki mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi idoralari o‘rtasida munosabatlarni institutsionallashtirish, ochiq qolayotgan huquqiy masalalarni tartibga solishga doir kelishuvlar imzolangan.

XS
SM
MD
LG