Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:50

Turkmaniston Afg‘oniston bilan chegarasiga harbiy texnika yubormoqda


Turkmaniston og‘ir qurol-yarog‘, vertolyot va boshqa harbiy texnikani Afg‘oniston bilan chegarasiga joylashtira boshlagan. Poytaxtda esa zaxiradagi askarlar hushyor holatga keltirilgan. Bu holat Tolibon harbiy yutuqlarga erishar ekan, Markaziy Osiyo bo‘ylab xavotir oshib borayotganidan dalolat beradi.

Turkmaniston xavfsizlik idorasining yuqori lavozimli mulozimi Ozodlikka intervyu berib, Mari shahri yaqinidagi armiya garnizonidan qo‘shimcha kuchlar chegara qo‘riqlash bo‘linmalarini kuchaytirish uchun chegaraga yuborilganini aytdi. Mari Afg‘oniston yaqinidagi Sarhadoboddan 400 kilometr shimolda joylashgan.

Ommaviy axborot vositalari bilan suhbatlashish huquqiga ega bo‘lmagan mansabdorning aytishicha, chegaraga yuborilgan qo‘shimcha harbiylar orasida ofitserlar, shuningdek, qiruvchi uchoqlar va vertolyotlar bor.

Chegaraga necha harbiy yoki uchoq yuborilgani ma’lum emas.

Turkmen.News nashri ham o‘tgan hafta og‘ir harbiy texnika Sarhadobod tumaniga yuborilganini xabar qilgan edi.

Ayni paytda poytaxt Ashxobodda ba’zi zaxiradagi askarlar chaqirtirilgan va ularga harbiy xizmatga shay turish buyurilgan. Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, hozircha faqat Ashxoboddagi zaxiradagi askarlar ogohlantirilgan.

Turkmaniston hukumati xavfsizlik kuchaytirilgani to‘g‘risida hech qanday bayonot bergani yo‘q.

Aholisi 100 ming kishiga yaqin deb hisoblanadigan Mari shahrida mahalliy amaldorlar davlat xizmatlari xodimlari uchun vatanparvarlik ma’ruzalarini tashkil qilishni boshlagan.

8 - iyul kuni shaharning Margush tumanidagi kommunal xizmat xodimlari ish kuni tugaganidan keyin bir soatlik yig‘ilishda qatnashishga majburlangan. Ishtirokchilardan birining Ozodlikka aytishicha, ishchilar ma’ruza tinglashga majburlanayotganidan mamnun emas.

Yana bir ishchi o‘sha kuni tonggi soat 7 dan beri ishlaganidan keyin, yig‘ilishga qatnashishga majburlanganidan shikoyat qildi.

Ishchining aytishicha, ma’ruzada mamlakat naqadar obod ekani va odamlar qanday qilib hukumatga sodiq bo‘lishi kerakligi haqida so‘zlangan.

Turkmaniston Afg‘oniston bilan 800 kilometrga cho‘ziluvchi chegaraga ega. Afg‘onistonda Tolibon tobora ko‘proq tumanni qo‘lga kiritar ekan, mamlakatda xavfsizlik vaziyati keskin yomonlashmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, yuzlab Afg‘oniston hukumatiga sodiq harbiy, jumladan, askarlar va mahalliy politsiya xodimlari Tojikiston singari qo‘shni Markaziy Osiyo mamlakatlariga qochib o‘tgan.

Tojikiston rasmiylari o‘tgan hafta Tolibon hujumiga javoban o‘z chegarasiga qo‘shimcha 20 ming askar yuborishini e’lon qildi. 5 - iyul kuni chegarani qo‘riqlash xizmati o‘tgan 24 soat ichida 1 000 dan ortiq afg‘on askari Tojikistonga o‘tganini xabar qildi.

AQSh prezidenti Jo Bayden AQSh qurolli kuchlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketish 31 - avgustga qadar yakunlanishini aytgan.

Bu orada Tolibon tezkor hujumlarni amalga oshira boshladi va bugunga kelib mamlakatdagi 421 tuman va tuman markazlarining uchdan bir qismini egallab olgan.

Joriy oy boshida AQSh qurolli kuchlari Afg‘onistondagi eng katta baza bo‘lmish Bagramni bo‘shatgan edi.

AQSh kuchlari tezda chiqib ketayotgani va Tolibonning jang maydonidagi yutuqlari G‘arb dastaklab kelayotgan Kobuldagi hukumat qulashi haqida xavotirga sabab bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG