Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:19

Turkmaniston rahbarlarining dabdabali safarlari qashshoq yashayotgan aholiga xush kelmayapti


Turkmanistonda "Hosil bayrami" tantanalari.
Turkmanistonda "Hosil bayrami" tantanalari.

O‘tgan dam olish kunlari Turkmanistonning Mari viloyati rasmiylari avtoritar sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedovni tantanali kutib oldi. Prezident tashrifidan oldin ko‘chalar yaxshilab tozalandi, rangi o‘chgan binolar tezda bo‘yaldi va qishloq xo‘jaligi yerlari begona o‘tlardan tozalandi.

To‘q rangli mashinalarga bir necha kun ko‘zdan narida yurish buyurildi. Bo‘ysunmaganlarning avtomobillari transport politsiyasi tomonidan olib ketildi.

2007-yildan to joriy yilning mart oyida prezidentlikni o‘g‘li Serdarga topshirgunga qadar mamlakatni qattiqqo‘llik bilan boshqargan Berdimuhamedov oq rangni va tozalikni xush ko‘rishi aytiladi.

65 ga chiqqan Berdimuhamedov 12-noyabr kuni Marida yangi oq mashinada sayohat qilib, paxta va bug‘doy dalalariga tashrif buyurdi. Parlamentning yuqori palatasi rahbari o‘laroq faoliyat yuritayotgan sobiq prezident hali ham avtoritar davlatda katta siyosiy ta’sirga ega.

Mahalliy manbalarning ma’lum qilishicha, 14-noyabr kuni Bolqon viloyatida minglab odam shunga o‘xshash tozalash ishlariga jalb qilingan, chunki joriy haftada «Berdimuhamedovlardan biri» viloyatga borishi kutilmoqda.

Viloyat rasmiylari mamlakat rahbarlarini hayratda qoldirishga uringan bo‘lsa-da, ko‘pchilik oddiy turkmaning ishtiyoqi ancha past bo‘lgan.

Mari shahri turg‘unlarining ayrimlari Ozodlik bilan suhbatda bunday tashriflar uchun keng ko‘lamda va katta mablag‘ sarflab tayyorgarlik ko‘rilishi qashshoqlik botqog‘iga botgan odamlarga xush kelmayotganini aytishdi.

«Biz zo‘rg‘a ro‘zg‘or tebratayotganimizda bu keraksiz yuk», — dedi mahalliy aholi vakillaridan biri.

«[Ayanchli iqtisodiy sharoitga] qaramay, hali ham Berdimuhamedovlardan qutula olmayapmiz».

Bu shaxs ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirdi, chunki Turkmaniston hukumati hech qanday tanqidga toqat qilmaydi.

Turkmaniston tabiiy gaz zaxiralari bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turishiga qaramay, moliyaviy inqiroz va oziq-ovqat tanqisligiga duchor bo‘lgan.

Gurbanguli Berdimuhamedov.
Gurbanguli Berdimuhamedov.

Ammo amaldorlar hali ham prezident yoki uning otasi biror hududga tashrif buyurganida yoki yig‘ilishda qatnashganida zo‘r berib farovonlik fasadini yaratishadi.

Minglab odam ko‘chalarni supurish, eski binolarni bo‘yash, eski butalarni tozalash va yangi daraxt ekish uchun safarbar qilinadi. Yana yuzlab odam – bolalardan tortib keksalargacha – turli marosimlarda muhim mehmonlarni kutib olish uchun an’anaviy kiyim kiyishi kerak.

Manbalarga ko‘ra, Turkmanboshi port shahrini Berdimuhamedovlardan biri tashrifiga hozirlash uchun joriy haftada Bolqon viloyatida asosan davlat sektori ishchilaridan iborat 2 500 ga yaqin odam kundalik ishidan olib ketilgan.

Ko‘pincha bunday safarlar davomida kichkina bozorchalar, meva-sabzavot sotiladigan rastalar va boshqa do‘konlar xavfsizlik nuqtai nazaridan yoki hatto manzarani yaxshilash uchun yopiladi. Ayrim turkmanlarning so‘zlariga ko‘ra, prezident tashrif buyurganda ular yashayotgan shaharda vaqtinchalik «hayot to‘xtab qoladi».

Mari shahrida Berdimuhamedovning so‘nggi safari oldidan hatto dalalar begona o‘tlardan tozalangan va ekinlar orasidagi yo‘llar supurilgan.

Mahalliy hukumatga yaqin manbalarning Ozodlikka aytishicha, mabodo Berdimuhamedov vertolyotdan dalalarni ko‘radigan bo‘lsa, dalalar benuqson ko‘rinishiga ishonch hosil qilishga urinishgan.

Tashrif arafasida turar-joy binolarining ayrim eski tomlari yashil rangga bo‘yalgan.

Aholiga hamda qishloqdagi choyxonalar egalariga sobiq rahbar shaharni tark etmaguncha o‘tin yoqmaslik buyurilgan. Aksariyat qishloq aholisi uyini isitish uchun o‘tin yoqadi, ammo odamlar buyruqqa rioya qilishlarini ta’minlash uchun xavfsizlik xizmatlari safarbar qilingan.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, so‘nggi kungacha Mari aholisiga, hattoki ko‘pchilik rasmiylarga Berdimuhamedovlarning qaysi biri – o‘g‘il yoki ota – tashrif buyurishi haqida xabar berilmagan. Mamlakatda yuqori lavozimli rahbarlarining safarlari sanalari va bunday tashriflarning boshqa tafsilotlari ko‘pincha sir tutiladi.

«Hozircha kim kelishi va qachon kelishi aniq emas. Bizga ma’lumi shuki, Berdimuhamedovlardan biri zavodning ilk g‘ishtlarini qo‘yish marosimida ishtirok etish uchun tashrif buyuradi», — dedi Ozodlik manbasi.

Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov dam olish kunlari Mari viloyatiga tashrif buyurdi.

Отасидан Туркманистон президенти лавозимини олаётган Сардор Бердимуҳамедов ҳақида 5 факт
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:42 0:00

Ertasi kuni davlat televideniyesi to‘ng‘ich Berdimuhamedovning fermerlar bilan suhbatini namoyish qildi. Berdimuhamedov xushbichim kiyingan fermer bilan suhbatlashar ekan, bir-biriga o‘xshash qora palto va qora bosh kiyimdagi bir necha amaldor bir xil yashil rangdagi daftarlariga qayd yozib bordi.

Davlat matbuotiga ko‘ra, Berdimuhamedovning safaridan maqsad mamlakatdagi eng muvaffaqiyatli fermerlari bilan uchrashish va uning o‘g‘li, ya’ni prezident nomidan Hosil bayrami munosabati bilan sovg‘alar topshirishdan iborat bo‘lgan. Hosil bayrami butun mamlakat bo‘ylab yig‘ilishlar, oziq-ovqat yarmarkalari, ko‘rgazmalar va konsertlar bilan nishonlandi.

Sobiq prezident Turkmaniston viloyatlariga rasmiy tashriflarini davom ettirmoqda. Iyun oyida u Lebap viloyatiga tashrif buyurdi va xuddi shunday mashmasha bilan kutib olindi.

Mariga safar Berdimuhamedovning sentabr boshidan beri mazkur viloyatga qilgan ikkinchi tashrifidir. Mariga safaridan bir kun oldin to‘ng‘ich Berdimuhamedov Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etgan edi. Samarqanddagi yig‘inda deyarli barcha davlat prezidenti qatnashdi, ammo Turkmanistondan prezident Serdar Berdimuhamedov ko‘rinmadi.

XS
SM
MD
LG