Линклар

Шошилинч хабар
09 май 2021, Тошкент вақти: 22:22

Turkmanistonda prezidentni “uyatga qo‘ymaslik” uchun do‘konlar oldida navbatga turish man etildi


Turkmaniston viloyatlarida oziq-ovqat mahsulotlarini imtiyozli narxlarda sotadigan davlat do‘konlari oldida navbat kutish taqiqlandi.

Bunga bosh vazir o‘rinbosari, prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Sardor Berdimuhamedov do‘konlar yaqinidagi gavjum navbatlar otasini “obro‘sizlantirishini” aytgani turtki bo‘ldi.

Ozodlik muxbirlarining xabar berishicha, Turkmanobod shahrida davlat do‘konlarida navbat kutayotganlar soni to‘rt kishidan oshmasligi to‘g‘risida buyruq chiqarilgan. Buyruqni buzganlar darhol navbatdan chiqariladi va hibsga olinishi mumkin.

Hukumat tanqidchilari va inson huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar avtokrat sobiq prezident Safarmurod Niyozov vafotidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan prezident Gurbanguli Berdimuhamedov muxolifatni yo‘q qilib, deyarli hech qanday islohotlarni amalga oshirmaganini aytib keladi.

Berdimuhamedov Niyozov singari hokimiyatni qo‘ldan boy bermaslik ilinjida asosiy mahsulotlar va kommunal xizmatlar narxlariga subsidiya ajratib keladi.

Do‘konlar oldida navbat kutishni man etuvchi buyruq Turkmanistonda ko‘p yillik iqtisodiy va oziq-ovqat inqirozi manzarasida, subsidiya ajratilgan oziq-ovqatga muhtoj odamlar soni keskin ko‘paytgan bir paytda chiqarildi.

Davlat oziq-ovqat do‘konlarida oziq-ovqat mahsulotlarini imtiyozli narxlarda faqat ertalabki soat 6:00 dan kechki soat 8:00 gacha xarid qilish mumkin. Bunday do‘konlarda har bir xaridor oyiga 1 litr paxta va kungaboqar moyi, 1 kilogramm shakar, 1 kilogramm guruch sotib olishi mumkin. Ba’zi do‘konlarda tuxum va tovuq go‘shti ham sotiladi.

13 - aprel kuni Mari shahrida 1 000 ga yaqin kishi 2 kilogrammdan muzlatilgan go‘sht sotib olish uchun soatlab navbat kutgan edi. Bir kilogramm go‘sht narxi 36 manat bo‘lib, bu davlat tomonidan belgilangan kurs bo‘yicha 10 dollarga, qora bozor kursi bo‘yicha 1 dollarga tengdir.

Turkmanistonda bir necha oydan beri oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelgani xabar qilib kelinadi. Ko‘p holatlarda davlat do‘konlarida xaridorlar prezidentning portretlari kabi qo‘shimcha buyumlarni sotib olishga majburlanadi.

Turkmaniston tabiiy gaz zaxiralari ko‘lami bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda bo‘lishiga qaramay, so‘nggi bir necha yil davomida mamlakat iqtisodi inqirozdan chiqmay keladi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli vaziyat yanada og‘irlashdi. Hukumat esa na iqtisodiy inqiroz, na COVID-19 yuqtirish holatlari borligini tan olgan.

Human Rights Watch tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Berdimuhamedov, “uning qarindoshlari va ularning sheriklari aholi turmushining barcha jabhalarini nazorat qiladi”.

XS
SM
MD
LG