Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani sudi 3 yoshli bolani vahshiylarcha o‘ldirishda ayblanayotgan fuqaro S.M.ga nisbatan ochilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqmoqda.
Kun.uz nashrining xabar qilishicha, sud-psixiatriya ekspertizasi sudlanuvchini aqli raso va ruhiy sog‘lom deb topgan.
Navbatdagi sud majlisida guvohlik bergan psixolog-ekspert sudlanuvchi ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan vaqtda fiziologik affekt holatida bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Psixiatr-ekspert ham fuqaro S.M. 2024-yil 28-avgustidan 10-sentyabrigacha sud psixiatriya-ekspertiza bo‘limida tekshiruvdan o‘tgani, tekshiruv davomida unda hech qanday ruhiy buzilish holatlari aniqlanmaganini aytgan.
Sudda tergov yakunlanib, tomonlar muzokara qismiga o‘tgan. Ishni ko‘rib chiqishda 29-noyabrgacha tanaffus e’lon qilingan.
Sud tergovida marhumning ota-onasi qotilga umrbod qamoq jazosi berishni so‘ragan.
Joriy yilning 9-iyul kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanida 30 yoshli erkak qonuniy nikohsiz yashab kelgan xotini bilan janjallashuv ortidan ayolning birinchi turmushidan bo‘lgan 3 yashar o‘g‘lini chavaqlab o‘ldirgani tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Sudlanuvchi S.M. – 1993-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan. Unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qasddan odam o‘ldirish, kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish kabi moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
Tergov xulosasiga ko‘ra, S.M. muqaddam kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni olish, saqlash, tashish va o‘tkazish jinoyatlari uchun jazo o‘tab chiqqan, lekin qilmishidan to‘g‘ri xulosa chiqarmay, surunkali ravishda kuchli ta’sir qiluvchi va giyohvandlik vositalarini iste’mol qilib kelgan.