Линклар

Шошилинч хабар
21 июн 2021, Тошкент вақти: 11:18

Uchinchi urinish: Mirziyoyev davridagi ilk muxolif partiya Qibraydagi xonadonda ta’sis qilindi


"Haqiqat va Taraqqiyot" partiyasi Ta’sis qurultoyi Qibray tumanidagi xonadonlardan birida bo‘lib o‘tdi - 8 - mart, 2021. Video skrinshoti

8 - mart kuni Toshkentda “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasining Ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Professor Xidirnazar Allaqulov partiya lideri etib saylandi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan partiya vakillari va tadbirda kuzatuvchi sifatida ishtirok etganlarning aytishicha, tadbirning o‘tkazilishiga rasmiy idoralar to‘sqinlik qilmagan.

Yangi partiya lideri Ta’sis qurultoyining ertasiga yana Andijon IIBga tergovga chaqiruv kelganini Ozodlikka bildirdi.

“Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasining 8 - mart kuni bo‘lib o‘tgan Ta’sis qurultoyida shu partiyaning matbuot kotibi etib tayinlangan shoir Bahrom G‘oyibning Ozodlikka bildirishicha, qurultoy Toshkent viloyat Qibray tumanidagi xonadonlardan birida bo‘lib o‘tgan.

“Qurultoyda partiya Tashabbus guruhiga kirgan 57 kishining hammasi ishtirok etdi. Yig‘ilishda partiya nizomi va dasturi muhokama qilindi va tasdiqlandi. Partiya raisi etib Xidirnazar Allaqulov saylandi. Uning o‘rinbosarlari etib Mahmud Davronov va Hamroqul Asqarlar saylandi”, - dedi Bahrom G‘oyib.

Xabar qilinishicha, Ta’sis qurultoyida quvg‘indagi “Erk” demokratik partiyasining bir necha vakili kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan.

“Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi raisi etib saylangan 65 yashar professor Xidirnazar Allaqulov Ta’sis qurultoyining shahar chetidagi xonadonda o‘tkazilganini tadbirni rasmiy binolarda o‘tkazish mutlaqo imkonsiz ekanligi, qurultoyni o‘tkazish uchun bundan oldin ijaraga olingan tijoriy binolar esa, shartnomani buzgani bilan tushuntirdi.

"Haqiqat va Taraqqiyot" sotsial demokratik partiyasi Qurultoyini o‘tkazish tashabbus guruhi bilan majlisni o‘tkazish masalasida shartnoma tuzgan Oqsaroy to‘yxonasi ta’mir bahonasida to‘liq yopib tashlangan.
"Haqiqat va Taraqqiyot" sotsial demokratik partiyasi Qurultoyini o‘tkazish tashabbus guruhi bilan majlisni o‘tkazish masalasida shartnoma tuzgan Oqsaroy to‘yxonasi ta’mir bahonasida to‘liq yopib tashlangan.
  • 26 - fevral kuni poytaxt to‘yxonalaridan birida Haqiqat va Taraqqiyot sotsial-demokratik partiyasi tarafdorlarining Ta’sis qurultoyi o‘tkazilishi lozim edi. Bu borada barcha ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon berilgan, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakolatxonlariga qurultoy uchun taklifnoma tarqatilgandi.
  • O‘sha kuni ertalabdan Xidirnazar Allaqulovning Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi uyiga huquq-tartibot organlarining bir necha o‘n xodimi kelib, uyiga kirishga urindi. Kunning ikkinchi yarmida Allaqulovni IIB xodimlari Andijon viloyatiga tergovga olib ketgan edi.

Xidirnazar Allaqulovning aytishicha, 8 - mart kungi qurultoy tinch o‘tgan. “Fitna uyushtirilishi oldini olish maqsadida bir necha faolimiz tashqarida turdi. Bir shubhali mashina sekin yurib kelib, ichidagilar qurultoy o‘tayotgan xonadonga qarab bir necha daqiqa turibdiyu ketibdi. Agar shuni hisobga olmasak, yig‘ilishimizni hech qanday to‘sqinliksiz o‘tdi, deyish mumkin”, - dedi Allaqulov.

Qurultoyda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan quvg‘indagi “Erk” demokratik partiyasi a’zosi, dramaturg Sanjarali Imomovning Ozodlikka aytishicha, uning partiyadoshiga “7 - mart kuni ma’lum idoraning xodimlari qurultoyga bormaslikni tavsiya qilgan, biroq u baribir qatnashgan. Men o‘zim qurultoyda o‘tiribmanu ana kirib kelishadi, mana kirib kelishadi, hammani bosib olib chiqib ketishadi, deb o‘tirdim. Yo‘q, tinch o‘tdi”.

Yangi partiya lideri Xidirnazar Allaqulovning aytishicha, partiya rasmiy qayddan o‘tishi uchun Adliya vazirligiga Ta’sis qurultoyi qarori, partiya nizomi va dasturiga qo‘shib mamlakatning kamida 8 ta viloyatidan partiyaga xayrixoh kamida 20 ming kishining imzosini yig‘ib topshirish kerak, chunki qonun talabi shunday.

  • 1996 - yili qabul qilingan “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasida jumladan bunday deyilgan:
  • Siyosiy partiyani tuzish uchun kamida sakkizta hududiy subyektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo‘lgan kamida yigirma ming fuqaroning imzosi bo‘lishi talab etiladi.
  • Yangi partiyaning maqsadi

Xidirnazar Allaqulovning aytishicha, yangi partiyaning maqsadi O‘zbekistondagi avtoritar boshqaruvga barham berish.

“Bosh g‘oyamiz bir shaxsning yakkahokimligiga tayangan siyosiy tizimdan qonunlar asosida saylovlar yo‘li bilan huquqiy davlatga o‘tishdir. Inson huquqlari, uning qonuniy manfaatlari ta’minlanadigan, insonning qadri, qimmati, sha’ni, obro‘yi oliy qadriyat hisoblanadigan, barcha fuqarolarning erkinligi so‘zsiz ta’minlanadigan demokratik jamiyatni qurishdir”.

Qurultoyning ertasiga kelgan chaqiruv

“Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi Ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tgan kunning ertasiga – 9 - mart kuni Xidirnazar Allaqulovga yana Andijon viloyat IIBdan chaqiruv kelgani ma’lum bo‘ldi.

“Bugun, 9 - mart, soat 14.00da mahallamiz noziri Yunusobod tuman IIB mayori bilan birga uyimga chaqiruv qog‘ozi olib keldi. Unda 10 - mart soat 15.00 da Andijon viloyat IIBga etib borishim kerakligi aytilgan”, - dedi Allaqulov.

Yangi partiya raisi, Ozodlikka aytishicha, chaqiruvni olganidan so‘ng, uni olib kelgan xodimlarga Ichki ishlar vaziri nomiga yozilgan arizani topshirgan. Arizasida Allaqulov hadeb Andijonga qatnayverishni sog‘lig‘i ham, cheklangan moliyaviy ahvoli ham ko‘tara olmasligini bildirib, so‘roqni Andijon viloyatidan Toshkent shahriga ko‘chirishni so‘ragan.

Muxolifatsiz saylovlar

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 - yilning 27 - dekabrida xorijdagi siyosiy muxolifatni mamlakatga qaytarish chaqiriqlarini rad etgan edi.

"Men Prezident sifatida muxolifatga qarshi emasman. Biroq u o‘zimizda paydo bo‘lishi uchun muhit yaratishimiz kerak. Bu shaxslar xalqning dardini bilishi, ular bilan barcha muammolarni boshidan kechirishi va shu yerning nonini yeb, suvini ichishi kerak".

Ammo o‘tgan vaqt mobaynida Adliya vazirligi bironta yangi siyosiy partiyani ro‘yxatdan o‘tkazgani yo‘q. O‘tgan yil yanvarida vazirlik muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi faollarining partiya faoliyatiga izn berishni so‘rab qilgan murojaatini rad etgan edi.

2020 - yil 10 - yanvarida "Erk" partiyasi faollaridan bir guruhini qabul qilgan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, ularning Ozodlikka aytishicha, "bu partiya tarixda qoldi" deya uqtirishga uringan.

"Erk"chilar fikricha, partiya nizomi 1991 - yilning sentabrida rasman qayd etilgan va u bekor qilingan emas.

Mavjud saylov qonunchiligi, shuningdek saylovlarda nomzodlarning mustaqil tashabbus guruhlari tomonidan ilgari surilishiga izn bermaydi.

2019 - yil dekabridagi parlament saylovlarini kuzatgan YeXHT missiyasi O‘zbekistondagi nisbatan erkinlashgan matbuot siyosiy muxolifatning o‘rnini bosa olmganini aytgan edi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi rasmiylari kelayotgan prezident saylovlarida xalqaro tashkilotlarning "maqbul" tavsiyalari tadbiq etilishini aytishgan, ammo bu tavsiyalarga haqiqiy muxolifat kiradimi, yo‘qmi, aniqlik kiritmaganlar.

O‘zbekiston parlamentidagi mavjud beshta partiyaning hammasi hukumatparast partiyalardir. Mamlakatda qaror topgan siyosiy an’anaga ko‘ra, aynan shu partiyalarning rahbarlari prezident saylovlarida amaldagi prezidentga "raqib" bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG