Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:59

Ukraina bayrog‘i: Toshkentdagi xonadon balkonidan yulib olingan "neytrallik"


24-may kuni Toshkentdagi ko‘p qavatli uyning sakkizinchi qavatidagi xonadon balkoniga ilingan Ukraina bayrog‘i maxsus kran orqali olib tashlandi.
24-may kuni Toshkentdagi ko‘p qavatli uyning sakkizinchi qavatidagi xonadon balkoniga ilingan Ukraina bayrog‘i maxsus kran orqali olib tashlandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-may kuni “O‘zLiDeP” qurultoyida davlat bayrog‘idan faqat bayram va marosimlarda yoki sport musobaqalarida ko‘tarishda foydalanilayotgani, endilikda esa uning har bir xonadonda hilpirab turishiga ruxsat beruvchi hujjatni qabul qilish vaqti yetganini aytdi.

Mirziyoyevning bayonoti Toshkentdagi xonadonlardan birining balkoniga ilingan Ukraina bayrog‘ining olib tashlanishi tarmoqda qizg‘in muhokama qilinayotgan pallada yangradi.

24-may kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani, "Novomoskovskaya" turar-joy majmuasidagi ko‘p qavatli uyning sakkizinchi qavatidagi xonadon balkoniga ilingan Ukraina bayrog‘i maxsus kran vositasida olib tashlandi.

Bu vaqtda uy egasi Rejep Latipov oilasi bilan Turkiyada dam olishda bo‘lgan. Ichki ishlar xodimlari xonadon egasiga telefon qilib, undan “Ukraina fuqarosimisiz?” deb so‘ragan. “Yo‘q, O‘zbekiston fuqarosiman” degan javob olingach, uning balkonidagi ilinib turgan Ukraina bayrog‘i olib tashlanishini aytishgan.

O‘zbek huquq-tartibot idoralarining bu harakatidan junbushga kelgan tarmoq foydalanuvchilari “Bu ish qonuniymi?”, “Nahotki, Rossiyadan qo‘rqish shu darajada bo‘lsa?", "Ichki ishlar nega qizil bayroqlarni olib tashlashni talab qilmaydi?" degan savollarni berishmoqda.

O‘zbekiston Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, milliy bayroqni faqat davlat organlari va diplomatik vakolatxonalar binolarida, prezident va boshqa rahbarlar devonlarida, harbiy qismlarda, chegara postlarida, sport maydonchalarida, bayram va tantanalarda, sport musobaqalarida ko‘tarishga ruxsat berilgan.

Ammo nohukumat-notijorat tashkilotlari va xususiy uylarda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarishga ruxsat berilmagan.

Ayni paytda mavjud qonunchilikka ko‘ra, biror o‘zbekistonlikning boshqa davlat bayrog‘ini o‘z uyiga ilib qo‘yishi – huquqbuzarlik emas.

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida 24-may kuni yuz bergan hodisa haqida tarmoq faollaridan iborat norasmiy "Ukrainani qo‘llab-quvvatlash guruhi" asoschisi, mustaqil tahlilchi Anvar Nazir birinchilardan bo‘lib xabar berdi.

U bayroqni olib tashlash noqonuniy xatti-harakat bo‘lganiga e’tibor qaratadi.

“Bu shaxsiy mulk bo‘lib, bayroq xususiy shaxs tomonidan shaxsiy uyining balkoniga osib qo‘yilgan edi. Uy egasi uyda bo‘lmagan, o‘t o‘chiruvchilar va militsiya xodimlari qonunga zid ravishda, egasi yo‘qligida birovning shaxsiy mulkiga ochiqchasiga shunaqa bostirib kirish mumkinmi? Nima, bu bayroqni osish jamoat xavfsizligiga tahdid soladimi? O‘zbekistonda Ukraina bayrog‘i hech qanday qonun yoki qonunosti hujjatlari bilan taqiqlanmagan, demak, O‘zbekiston fuqarolarini Ukraina bayrog‘ini namoyish qilgani uchun har qanday ta’qib qilish noqonuniy hisoblanadi. Ya’ni, bu haqiqiy o‘zboshimchalik”, - deydi Anvar Nazir.

ЭКСКЛЮЗИВ: "Зеленский Мирзиёевни таклиф қилган"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:38 0:00

O‘zbekiston hukumati Ukraina–Rossiya urushida o‘zining neytral pozitsiyada ekanini ta’kidlab keladi. Ammo o‘tgan yili AQSHning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Deniel Rozenblum O‘zbekiston mahalliy matbuotga bergan intervyusida rasmiy Toshkent Ukrainadan ko‘ra Rossiyaga yaqinlik ko‘rsatayotganini aytib, O‘zbekistonning neytralligini savol ostiga olgan edi.

Ikki oy avval O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumat majlisida qilgan chiqishida “katta davlatlar O‘zbekistondan "sen kim tomondasan?" deb so‘rayotganini aytgan.

"Bo‘ldi endi, yoki u tomonga o‘tgin, yoki bu tomonga o‘tgin”, deyapti. Savolga javob bitta: bir tomonman! Millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimni manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman deb javob beraman", - degan Mirziyoyev.

O‘zbekistonlik jurnalist Marina Kozlovaning aytishicha, o‘zbek rasmiylarining harakatlarida neytrallik kuzatilmaydi.

“Bir davlat ikkinchi davlatga bostirib kirib, aholisini qirg‘in qilishiga qanday qilib neytral qarab turish mumkin? Lekin, Toshkent neytral ham bo‘layotgani yo‘q. To‘liq deya olmayman, ammo sezilarli darajada Rossiya tomonida ekani ko‘rinib qolyapti.

Urush boshlanganidan beri Mirziyoyev va Zelenskiy o‘rtasida biron telefon muloqot bo‘lganini eslolmayman. Lekin, Mirziyoyev Putin bilan muntazam aloqada, Toshkent rahbari Moskvaga serqatnov. So‘nggi bor Mirziyoyev 9-may kuni xalqaro sud tomonidan harbiy jinoyatchi sifatida hibsga olishga order berilgan Vladimir Putin yonida turdi. O‘zbekistonning Rossiya tomonida ekanining belgisi faqat shu emas. Urushning ashaddiy qo‘llab quvvatlovchilariga Toshkent quchoq ochmoqda. Putinning eng ashaddiy targ‘ibotchisi, rejissyor Nikita Mixalkovga Toshkentdagi “Rus sezoni” festivali doirasida to‘n kiygizishdi. Bundan oldin Toshkentda o‘tkazilgan gimnastika musoboqasida Putinning zavjasi Alina Kabayeva O‘zbekiston prezidenti qizi Saida Mirziyoeva bilan minbarda yonma-yon o‘tirganini ko‘rdik. 9-may kuni Toshkentda Rossiya bayroqlarini, SSSR bayroqlarini ko‘tarib chiqishdi, ko‘ksiga georgiy lentalarini taqib chiqishdi. Birov ularga bayroqni olib tashla, dedimi? ”.

Tahlilchi Kamoliddin Rabbimov fikricha, O‘zbekiston hukumati, kimningdir hech kimga ko‘rinmaydigan balkonida osilib turgan Ukraina bayrog‘ini olib tashlab, davlatning ichki va tashqi siyosati, manfaatlari va qadriyatlari uchun huquqiy ziddiyat va muammo yaratgan.

“Neytrallik” – bu davlatning pozitsiyasi. Ya’ni hukumatning, hokimiyatning pozitsiyasi. Lekin O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga ko‘ra, xalq, jamiyat erkin bo‘lishi, hokimiyat mana shu erkinlikni ta’minlashi kerak.

Neytrallik xalqqa nisbatan joriy qilinishi mumkin emas. Oddiy odamlardan “urushda hech kimning tarafida turmang!” deyish g‘alati bo‘ladi. Buni talab qilish va ta’minlash – davlatning huquqiy emasligini bildiradi, odamlardan erkin fikrlash va qadriyatlarini ifoda qilish huquqini olib qo‘yganini anglatadi", deb yozdi Rabbimov.

Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Mikola Doroshenko.
Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Mikola Doroshenko.

Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Mikola Doroshenko Ozodlikka Toshkentdagi bayroq mojarosi haqida izoh berishni xohlamadi.

“Siz yaxshisi, bu haqda Toshkent hokimligi yoki O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi yo-da Ichki ishlar vazirligidan so‘rang”, - dedi ukrain elchisi Ozodlik so‘roviga javoban.

Hozirga qadar O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ham Toshkent hokimligi ham hususiy uy balkoniga ilingan Ukraina bayrog‘i nega olib tashlanganini izohlamadi.

XS
SM
MD
LG