Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:38

Ukraina: “Naftogaz” davlat shirkatining yangi direktori haqiqiy islohotchi ekanini aytdi


“Naftogaz” bosh direktori Yuriy Vitrenko.
“Naftogaz” bosh direktori Yuriy Vitrenko.

Ukrainaning “Naftogaz” davlat shirkati direktori keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishni va’da qildi. Aprel oyi oxirida shirkat boshqaruvi kutilmaganda o‘zgargani uchun Ukrainaning korrupsiyaga qarshi kurashini qo‘llab kelayotgan G‘arb davlatlari xavotir bildirgan edi.

9 - iyun kuni “Naftogaz” bosh direktori etib tayinlangan Yuriy Vitrenko Ozodlik bilan suhbatda 2014 - yildan buyon kompaniyani isloh qilish bo‘yicha ko‘plab tashabbus ko‘targanini aytdi.

Ukraina Vazirlar Mahkamasi 28 - aprel kuni uzoq vaqtdan beri ishlab kelgan bosh direktor Andrey Kobolevni ishdan bo‘shatish maqsadida “Naftogaz” Kuzatuv kengashini vaqtincha tarqatib yuborgani uchun keskin tanqidga uchradi. O‘sha paytda Vitrenko energetika vaziri vazifasini bajaruvchi sifatida Vazirlar Mahkamasi a’zosi edi.

Kengashni tarqatib yuborgan Mahkama Vitrenkoni Kobolevning o‘rniga bosh direktor etib tayinladi.

Bir necha yillardan beri korrupsiyaga botib ketgan korxonani isloh qilishga chorlab kelayotgan AQSh bu holatni keskin tanqid qildi. Vashington islohotlarni amalga oshirib kelgan Kobolev haqida ijobiy fikrda edi.

Vitrenkoning ta’kidlashicha, Vashington Ukrainadagi islohotlar sur’atidan xavotir olayotgani hamda “Naftogaz” islohot “ramziga” aylangani uchun shirkat boshqaruvi almashganidan mamnun emas.

O‘tgan yilning oktabr oyida Ukraina Konstitutsiyaviy sudi G‘arbning yordami bilan qabul qilingan ko‘plab korrupsiyaga qarshi qonunlarni bekor qilgan edi.

Bundan tashqari, mamlakatda boshqa muhim islohotlar to‘xtab qoldi yoki ortga siljiy boshladi.

O‘tgan hafta Ukrainaga tashrif buyurgan AQSh senatori Kris Myorfi 8 - iyun kuni Tashqi aloqalar qo‘mitasi tinglovi chog‘ida Ukraina “bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga” yurayotganini aytdi.

Direktor etib tayinlanganidan beri ilk marotaba Vashingtonga xizmat safari bilan borgan Vitrenko unga qaratilgan tanqidlarga “Naftogaz” shirkati emas, balki “islohotlarning” umumiy konteksti sabab bo‘lganiga ishonishini aytdi.

Vitrenko Vashingtonga ikki maqsad bilan borganini aytdi – AQShni Rossiyaning “Shimoliy Oqim 2” quvur liniyasiga qarshi sanksiyalarni qayta tiklashga undash, shuningdek, Vashingtondagi rasmiylar “ishonchini tiklash”.

Rossiya gazini Yevropaga eltib beruvchi “Shimoliy oqim 2” gaz quvuri qurib bitirilganidan keyin, Ukraina tranzit to‘lovlaridan mahrum bo‘ladi.

44 yoshli Vitrenko “Naftogaz” shirkatida uzoq yillar ishlagan. U shirkatga “Gazprom” rus shirkatidan sud orqali millionlab dollar undirishda muhim rol o‘ynagan. Shuningdek, u 2019 - yilda Kreml bilan yangi tranzit shartnomasini imzolagan.

Vitrenko Kobolevning o‘ng qo‘li o‘laroq ko‘rilar edi, ammo ikkalasi o‘rtasida 2020 - yilda kelishmovchiliklar yuzaga keldi. Vitrenko “Naftogaz”dan ketib, Kobolevni tanqid qila boshladi. Buning ortidan Vitrenko energetika vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu esa unga kompaniyani nazorat qilish imkonini berdi.

Vitrenko Ozodlik bilan suhbatda hukumat yaxshi natija ko‘rsata olmayotgan Kobolevni ishdan olib, to‘g‘ri qaror qilganini aytdi. Xususan, Vitrenko Kobolev rahbarligi ostida “Naftogaz” 2020 - yilda zarar ko‘rganini va uzoq yillar davomida tabiiy gaz qazib olish ko‘lamini oshira olmaganini aytdi.

Kobolev esa shirkat 2020 - yilda zarar ko‘rishiga hukumatga qarashli issiqlik kompaniyalari hamda magnat Dmitriy Firtash nazoratidagi chakana operatorlar o‘z qarzlarini to‘lamagani sabab bo‘lganini aytib keladi. AQSh Firtashni korrupsiyada ayblab, qidiruvga bergan.

Kobolev, shuningdek, “Naftogaz” gaz qazib olish ko‘lamini ko‘paytira olmaganini yangi konlar yetishmayotgani bilan izohladi va amaldorlar kompaniyaga o‘nlab litsenziyani adolatsiz ravishda rad etganini ta’kidladi.

Kobolevning so‘zlariga ko‘ra, hukumat shirkat balansida turgan 2 milliard dollar naqd pulni qo‘lga kiritish uchun uni ishdan bo‘shatgan.

Kuzatuv kengashi dastlab Vitrenkoni lavozimga tayinlanganidan keyin tanqid qildi.

Kengash 3 - may kuni hukumatga yozgan maktubida Vitrenko bilan ishlash qiyin bo‘lishini, chunki u Vazirlar Mahkamasining shirkat faoliyati “qoniqarsiz” ekani haqidagi bayonotini dastaklaganini aytdi.

Kengash, shuningdek, Vitrenko kompaniyani rivojlantirish rejasini ishlab chiqmaganini aytdi. Vitrenko Ozodlik bilan suhbat chog‘ida bir necha kun ichida reja ishlab chiqib bo‘lmasligini aytib, bu ayblovni rad etdi.

Vitrenko G‘arbdagi sheriklar yordamida ishlab chiqarish ko‘lamini oshirishga e’tibor qaratishini aytdi. Prezident Vladimir Zelenskiy mamlakatni gaz importiga qaramlikdan xalos qilish maqsadida shunday chora ko‘rishga chorlagan.

Vitrenko, shuningdek, kompaniyaning ishiga zarar yetkazayotgan sanoat muammolarini hal qilishga intilishini aytdi.

8 - iyun kuni AQSh Davlat kotibi Antoni Blinken Senatning Tashqi aloqalar qo‘mitasida nutq so‘zlab, Ukraina energiya ishlab chiqarish ko‘lamini hamda samaradorlikni oshirish salohiyatiga ega ekanligini aytdi.

Vitrenko bugunga qadar tabiiy gaz uchun to‘lamay kelayotgan kompaniyalarni boshqa energiya turlaridan, shu jumladan, biomassadan foydalanishga undashini aytdi.

Vitrenko, shuningdek, tabiiy gaz uchun to‘lovlarni bermagan Firtashni sudga berishini aytdi. AQSh yetti yildan beri Firtashni ekstraditsiya qilishga urinib keladi.

Tabiiy gaz narxi ko‘tarilgani tufayli o‘tgan yil oxirida mamlakatda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Natijada hukumat yanvar oyidan beri gaz narxini vaqtincha cheklab qo‘yishga majbur bo‘ldi.

Vitrenkoning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda u avvalgi “Naftogaz” boshqaruvi yil boshida Firtash kompaniyalari bilan imzolagan shartnomani ko‘rib chiqmoqda. Uning aytishicha, Firtash turar joy foydalanuvchilariga bozor narxlaridan pastroq narxda gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Vitrenko Firtash firmalari gazning bir qismini tijorat kompaniyalariga qimmatroq narxlarda sotib, tushgan daromadni o‘z cho‘ntagiga solayotgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Vitrenko o‘z rejalarini Vashington qo‘llab-quvvatlashiga ishonishini aytdi.

“Men bu odamlar bilan oldin ham uchrashganman va ishonamanki, ular shaxsan men islohotchi ekanimga ishonishadi. Shunday ekan, ular men haqiqiy islohotchi ekanligim yoki unday emasligim haqida bosh qotirishlari shart emas”, dedi u Ozodlik bilan suhbatda.

XS
SM
MD
LG