Линклар

Шошилинч хабар
09 октябр 2024, Тошкент вақти: 07:59

Ukraina: Shveysariyadagi sammitdan keyin Rossiya muzokaralar stoliga o‘tiradimi?


15-16-iyun kunlari Shveysariyada o‘tkazilgan Ukrainada tinchlik bo‘yicha sammitda dunyoning 90 dan ortiq davlatlaridan vakillar ishtirok etdi. Rossiya taklif etilmagan sammitda ishtirokchilar muloqotni davom ettirish uchun jarayon boshlangani va yaqin kelajakda ikkinchi sammit o‘tkazilishiga ishora qildi.

Ikki kunlik anjuman yakunida umumiy kommyunike e’lon qilindi. Unda Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmagan bo‘lsa-da, «tinchlikka erishish uchun barcha tomonlarning ishtiroki va muloqoti zarurligi» ta’kidlandi.

«Haqiqiy tinchlik jarayoni hech qanday shartlarsiz boshlanishi kerak. Bu BMT Nizomi va xalqaro huquqni hurmat qilish asosida tinchlik jarayonini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan inauguratsion sammit bo‘ldi. Sammit chog‘ida Rossiya va Ukraina ishtirokida ultimatumlarsiz tinchlik konferensiyasini o‘tkazish imkoniyati muhokama qilindi”, deydi ukrainalik tahlilchi Vladimir Fesenko.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy sammitning birinchi sessiyasidan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda: «Bu yerda Rossiya yo‘q, agar Rossiya tinchlikdan manfaatdor bo‘lganida, urush bo‘lmasdi», deya fikr bildirdi.

Shveysariyadagi sammit arafasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha o‘z tinchlik rejasini bayon qildi. Putin taklif qilgan rejaga ko‘ra, agar Ukraina o‘z kuchlarini Rossiya anneksiya qilgan Ukrainaning barcha mintaqalaridan olib chiqsa va NATOga qo‘shilish ambitsiyalaridan voz kechsa, Moskva «zudlik bilan» o‘t ochishni to‘xtatib, muzokaralarni boshlashga tayyor. Putin o‘z rejasida shuningdek, Rossiya anneksiya qilgan Ukrainaning to‘rt viloyatini tan olishni hamda Moskvaga kiritilgan sanksiyalarni bekor qilishni ham talab qildi.

Putin Rossiya Tashqi ishlar vazirligidagi brifingda.
Putin Rossiya Tashqi ishlar vazirligidagi brifingda.

Putinning bayonoti darhol Ukraina va Shveysariyadagi sammitning ko‘plab ishtirokchilari tomonidan global konferensiyani buzishga qaratilgan »ultimatum« sifatida qoralandi.

«Putin harbiy kuch bilan erisha olmagan narsani unga berishlarini talab qilmoqda va buni murosa deb ko‘rsatishga harakat qilmoqda”, deya Putinning shartlarini izohlaydi rossiyalik tahlilchi Ivan Preobrajenskiy.

Xitoyning manfaatlari

Rossiyaning asosiy geosiyosiy ittifoqchisi bo‘lgan Xitoy Shveysariya sammitida qatnashmadi va Braziliya bilan birgalikda Rossiya va Ukraina urushi borasida o‘z tinchlik rejasini taklif qildi.

Pekinning tinchlik rejasida Ukrainaning hududiy yaxlitligi masalasida hech nima deyilmagan. Tinchlik kelishuvi «milliy suverenitet»ga hurmatga asoslangan bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan.

Tahlilchi Ivan Preobrajenskiyning fikricha, Xitoy urushni to‘xtatishdan manfaatdor emas. «Pekin hozirgi status-kvoni saqlab qolishni xohlaydi, ya’ni Xitoy uchun Rossiya bu urushda to‘liq yutqazmasligi kerak, ammo shu bilan birga g‘alaba qozonmasligi ham muhim», deydi ekspert.

Zelenskiy Shveysariyaga borishdan oldin kutilmaganda Saudiya Arabistoniga safar qildi. Xabarlarga ko‘ra, Kiyev Saudiya Arabistonini Xitoy va Rossiya ishtirokidagi navbatdagi tinchlik konferensiyasiga mezbon sifatida ko‘rmoqda.

Vladimir Putin va Si Szinpin.
Vladimir Putin va Si Szinpin.


Tahlilchi Fesenkoning aytishicha, Shveysariya sammiti urush asirlarini ozod qilish yoki Rossiyaga noqonuniy olib ketilgan ukrainalik bolalarni qaytarish kabi «kelishuvga erishish mumkin bo‘lgan» masalalar muhokamasi uchun platforma bo‘lgan.

«Ammo ba’zi savollar borki, ular bo‘yicha murosa qilish imkonsiz , jumladan, bosib olingan hududlar maqomi borasida», - deydi u.

Boshqa tomondan, jarayon Ukraina va Rossiya hamda sammit qatnashchilari ishtirokidagi norasmiy uchrashuvlar bilan davom etishi mumkin.

«Ammo bu tinchlik muzokaralari emas, balki kelajakdagi tinchlik muzokaralari formati va kun tartibi bo‘yicha kelishib olishga qaratilgam harakat bo‘ladi», deya xulosa qildi ukrainalik tahlilchi.

XS
SM
MD
LG