Ukraina urushida halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni 53 ming 586 nafarga yetgan. Bu haqda Bi-bi-si rus xizmati va “Mediazona” nashrining yangi hisobotida aytilgan.
Jurnalistlar urushda ko‘rilgan talafotlarni ochiq manbalar - OAVdagi xabarlar, mahalliy rasmiylar va qarindoshlar ta’ziyanomalari asosida kuzatib borishadi. O‘limlarning haqiqiy soni bundan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin.
Rossiya armiyasi talafotlari 2024-yilning may oyida yana orta boshlagan, bu esa Xarkov viloyatiga hujumlar boshlangani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. O‘tgan ikki hafta ichida 1 ming 431 kishi halok bo‘lgan, bu 2022 va 2023-yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan ko‘pdir.
Urushda o‘lganlarning 20 foizga yaqinini mahkumlar, 14 foizini ko‘ngillilar, 12 foizini harbiy safarbarlikka jalb qilinganlar tashkil etadi. Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan shaxsiy tarkibni to‘ldirish uchun jalb qilinayotgan ko‘ngillilar o‘rtasida ham o‘lim holatlari oshgani qayd etilgan: oktyabr oyidan buyon ko‘ngillilar orasida o‘lganlar soni haftasiga 75 nafardan pastga tushmayapti, ba’zan esa ular soni 100 nafardan oshib ketyapti.
Eng ko‘p talafot bergan mintaqalar o‘laroq Krasnodar o‘lkasi (2022 kishi), Boshqirdiston (1953 kishi) va Sverdlovsk viloyati (1802 kishi) ko‘rsatilgan.