Линклар

Шошилинч хабар
17 сентябр 2021, Тошкент вақти: 20:25

“Ukrainadagi Belarus uyi” rahbari Kiyevda osilgan holda topildi. Uning yuzida kaltak izlari bo‘lgan


“Ukrainadagi Belarus uyi” rahbari Vitaliy Shishov

2 - avgust kuni Kiyevda yo‘qolgan “Ukrainadagi Belarus uyi” rahbari Vitaliy Shishov istirohat bog‘ida osilgan holda topildi. Bu haqda milliy politsiyaning Kiyev boshqarmasi ma’lum qilgan.

Politsiyaga ko‘ra, uni yashash joyidan uzoq bo‘lmagan xiyobonlardan birida topishgan. Mobil telefoni va shaxsiy buyumlari yonida bo‘lgan, politsiya ularni musodara qilgan.

Shuningdek, politsiya “Qasddan odam o‘ldirish” (Ukraina JKning 115-moddasi) bo‘yicha jinoyat ishi ochgan bo‘lib, bayonotda aytilishicha, barcha taxminlarni, jumladan, o‘z joniga qasd qilish bilan niqoblangan qotillik taxminini ham tekshirib ko‘radi.

“Ukrainadagi Belarus uyi” vakili Yuriy Shchuchko “Nastoyashcheye vremya” efirida Shishovning yuzida kaltaklash belgilari borligini so‘zladi.

“Svyatoshinsk bog‘ini Ukraina Milliy gvardiyasi o‘rab olgan, tergov harakatlari olib borilmoqda. Biz uning qiz o‘rtog‘i uchun tez yoram chaqirdik. Vitaliyni u Ukrainaga kelgan ilk kundan bilardim”, deydi u.

Shchuchkoning aytishicha, u Vitaliyning do‘stlari bilan birga uni qidirgani chiqqan, bu paytda politsiya mahalliy aholidan Shishov haqida so‘rab-surishtirgan. Boqqa yetib borishganida u yerda Shishovning jasadiga duch kelganlar.

“Eski usul. Odam yuzida kaltaklash belgilari bilan osilgan. Hech nimasi o‘g‘irlanmagan. U oddiy, ohori to‘kilgan sport kiyimida edi, yonida faqat telefoni bo‘lgan”, deydi Shchuchko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Ukrainadagi Belarus uyi”ning barcha faol a’zolari Ukrainaga “ularni jismoniy yo‘q qilish uchun Belarusdan Maxsus amaliyot kuchlari va boshqa bo‘linmalar xodimlari kelgan”i haqida ma’lumot olganlar.

“Jumladan, Ukraina Xavfsizlik xizmatidan shunaqa ma’lumot keldi. Ehtiyot bo‘linglar, chunki bu yerda Belarus KGBsining josuslar tarmog‘i bor, deyishdi. Vitaliy mendan uning yaqin kishilari holidan xabardor bo‘lib turishni iltimos qiluvdi. Ko‘ngli bir falokatni sezganga o‘xshardi”, deydi Shchuchko.

Avvalroq “Ukrainadagi Belarus uyi”ning telegram-kanali Shishov 2 - avgust kuni ertalab yugurishga chiqib ketganicha qaytmaganini ma’lum qilgan edi.

“Uning raqamidan bir nechta sassiz qo‘ng‘iroq qilingan, ammo hozir u bilan aloqaga chiqib bo‘lmayapti. Ortiq qo‘ng‘iroq qilmadi. Biz u odatda yugurgani chiqadigan joyni ko‘zdan kechirib chiqdik, biroq Vitaliyning izini topa olmadik”, deyilgandi xabarda.

Shishovning tanishlari huquqbonlarga, u ertalab yugurishga chiqqanida ortidan kuzatishayotganini payqaganini, u bilan qiz o‘rtog‘ining yoniga begona odamlar kelib, gapga solmoqchi bo‘lishganini so‘zlab berishdi.

“Ukrainadagi Belarus uyi” notijoriy jamoat tashkiloti bo‘lib, Ukrainaga qochib kelgan Belarus fuqarolariga ijaraga uy topish, qonuniy ro‘yxatdan o‘tish va ishga joylashishda ko‘maklashadi.

Ozodlik radiosi belarus xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tashkilot “Azov” batalyoni tarkibida Donbassdagi janglarda qatnashgan va Ukraina fuqaroligini olgan asli belaruslik Sergey Korotkix nomi bilan bog‘liq.

XS
SM
MD
LG