Линклар

Шошилинч хабар
26 май 2022, Тошкент вақти: 13:07

Ukrainadagi urushning ilk kunlari Buchada 11 nafar o‘zbek muhojiri bedarak ketdi (VIDEO)


Rossiyaning Ukrainaga urushining ilk kunlari Kiyev va atrofida ishlab kelgan 11 nafar o‘zbekistonlik bedarak yo‘qoldi. Surxondaryo viloyatidan bo‘lgan mehnat muhojirlari bilan aloqa uzilganiga 1,5 oy bo‘lgani aytilmoqda.

Ozodlikka ma’lumot bergan Ukrainadagi “Aydar” batalyoni sobiq jangchisi, asli jizzaxlik Shavkat Muhammad muhojir yigitlar yaqinlari bilan oxirgi marta Kiyev viloyati Bucha tumani Buzovaya qishlog‘idan aloqaga chiqqanini bildirdi.

Ozodlik ixtiyorida Buzovayaga qo‘shni bo‘lgan Kolonshchina qishlog‘ida mahalliylar tomonidan olingan video ham mavjud.

Shavkat Muhammad o‘zbek muhojirlari rus zobitlari tomonidan asirga olingan bo‘lishi mumkinligini ham taxmin qildi:

- Menga ijtimoiy tarmoqlardan shaxsiyga xat kelib tushdiki, 11 nafar o‘zbekistonlik yigit qattiq janglar bo‘lgan Kiyev ostonasida bedarak yo‘qolibdi, degan. Bu ma’lumotlarni tanish-bilishlarga tarqatdim. Bolalarni izlashni boshladim. Ularning O‘zbekistondagi qarindoshlari topildi. 11 yigitdan 7 tasi Surxondaryo viloyatining bitta mahallasidan ekan. Ularni tanigan bir kishi 8 kishining pasport nusxalarini menga yubordi.

Bular asirda bo‘lgan, keyin asirlikdan qochib, Kiuev ostonasidagi bir qishloqda 3- martgacha yashashgan, o‘sha yerdan oxirgi marta aloqaga chiqqan. Hozir xabar yo‘q. Bu aholi punktlarida juda qattiq janglar bo‘lgan, juda ko‘p insonlar o‘ldirilgan. Shunga tashvishlanib o‘tiribman – o‘sha yerga borib, qidirmoqchiman. Ular oddiy ishchi muhojir bo‘lgan. Ular, menimcha, ruslar tomonida asirda bo‘lgan, - deydi Shavkat Muhammad.

U o‘zbekistonlik muhojirlarning taqdiriga oydinlik kiritishda ular bilan bog‘liq har qanday ma’lumot ahamiyatli ekanini ta’kidlaydi:

- Menga shunday ma’lumotlar kerakki, ular Ukrainada qayerda yashagan, qachondan boshlab yashagan, qayerda ishlagan, ishxonasing nomi nima, kimlar bilan do‘stlashgan, qaysi nomerdan uyga telefon qilgan, biror surat video bo‘lsa, men ularning qayerdaligini qadamma-qadam tiklab, qidiruv ishlari bilan shug‘ullanmoqchiman. Shuning uchun har bir mayda ma’lumot men uchun juda muhim.

Kiyev viloyatining Buzovaya qishlog‘i urushning ilk kunlari rus harbiylari tomonidan egallab olingan edi. Aynan shu qishloqdagi tinch aholi vakillarining ommaviy qirg‘ini dunyoni larzaga soldi.

Butkul vayron qilingan Buzovayada Rossiya kuchlari tomonidan sodir etilgan ommaviy qotilliklar G‘arb davlatlari rahbarlari tomonidan “genotsid” deb ataldi. Xalqaro hamjamiyat rus armiyasi va Rossiya hukumatini harbiy jinoyatlarda aybladi. Putin rejimi bu ayblovlarni qat’iyan rad etib kelmoqda.

Ozodlik Buzovayada bedarak ketgan migrantlar ishi Ukrainadagi O‘zbekiston elchixonasi nazoratida ekanini ham aniqladi.

O‘zini Abror deb tanishtirgan O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi vakili surxondaryolik bolalarning bedarak ketganini tasdiqladi va ularning O‘zbekistondagi yaqinlari bilan aloqada ekanliklarini aytdi.

11 nafar ekani aytilayotgan bu muhojirlarning aksari Surxondaryo viloyatining Denov tumanidan.

Yo‘qolgan muhojirlar ro‘yxati
Yo‘qolgan muhojirlar ro‘yxati

Denov tuman hokimi yordamchisi Abdujalil Qodirov Ozodlik bilan suhbatda bu yigitlardan birini tanishini aytib, ular bilan Ukrainada urush boshlanganidan beri aloqa uzilganini tasdiqladi.

- O‘sha ro‘yxatdagi bolalarning bittasini men tanib qoldim – Majidov Firdavs Husaynovich. U mening mahalladoshim. Hozir ota-onasi bilan bog‘lanolmadim. Bilamanki, bu bola Ukraina hududida bedarak ketgan. U bola haqida Internetda o‘qib qoldim. 20-25 kundan beri aloqa yo‘q u bilan, haqiqatan. 4-5-martlardan dom-daraksiz, menimcha. Bu bola Surxondaryo viloyati, Denov tumani, Sunbula mahalla fuqarosi. Uylanmagan, yoshi 23-24larda. Lavash pishirgan u yerda. Oilada ikkinchi farzand. Zora, xabar chiqib qolsa u haqda, - deydi Denov tuman hokimligi mulozimi.

Bedarak ketgan muhojirlar ro‘yxati
Bedarak ketgan muhojirlar ro‘yxati

Bedarak ketgan yigitlarning ko‘pini shaxsan taniganini aytgan yana bir suhbatdosh esa, ular Kiyevda shaurma pishirib sotgan bir tarmoq ishchilari ekanini aytadi.

- 1,5-2 oy bo‘lyapti aloqaga chiqqaniga. Oxirgi marta Buzovayada bo‘lgan. Svet o‘chganidan keyin ularning telefon zaryadkasi tugagan. Oxirgi marta telefonda gaplashganda, “Bizni joyimizga tanklar keldi”, degan. Shu telefon o‘chganidan aloqa yo‘q. Ular Kiyev shahridagi kioskalarda shaurma pishirib kelgan, bir-birlarini chaqirib, ishlashayotgandi. Kievda portlash bo‘lganida ular qishloqqa qochgan. 3 kuncha qishloqda turgan. U erda 50 tacha odam bo‘lgan. Ularning aksari mashinalarda chiqib ketgan Polshaga qarab. Bu 26-28 fevral kunlari sodir bo‘lgan. Bular avval taksi zakaz qilgan, lekin taksi o‘qqa tutilgan va orqaga qaytgan. Yigitlar esa chiqib ketmagan piyoda, qo‘rqqan. Bu yigitlardan ikkitasi yo‘lga chiqib ketgan va Kiyev vokzaliga yetib borgan. Hozir ular O‘zbekistonga yetib kelgan, narigilar esa qolib ketgan.

Shavkat Muhammad O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi surxondaryolik migrantlar qidiruvlarida ko‘maklashayotganini ham alohida ta’kidladi.

Украинада 11 нафар ўзбекистонлик дараксиз кетди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:22 0:00

U 15-aprel kuni Kiyev viloyati Bucha tumaniga qarashli Kolonshchina qishlog‘ida o‘zbek muhojirlari tushgan videotasvirni Ozodlikka taqdim etdi. Videoda o‘zbekistonlik ekanini aytayotgan yigitlar o‘zlarini tanishtiradi:

- Amirqulov Ulug‘bek Nuriddinovich. O‘zbekiston, Surxondaryo viloyatidanman. Majidov Firdavs Husanovich. Asqarov Alisher Alisherovich. Safarov Siratullo Sayfulloyevich, Mahmadrajabov Kamoliddin Usmonovich, Surxondaryo viloyatidanman. Botirov Murodjon Usmonovich - Surxondaryo viloyatidanman. Hamrayev Navruz Hasanovich, Surxondaryo viloyatidanman. Safarov Humayni Abdurahmonovich. Abdumannoyev Hamidullo Abdurahmonovich.

Ozodlik video 3-mart kuni Kolonshchina qishlog‘ida olinganini aniqladi.

Abdumannoev Hamidullo
Abdumannoev Hamidullo

Qishloqdagi hududiy harbiy bo‘linmaning o‘zini Leonid deb tanishtirgan zobiti muxbirlarimiz bilan telefon orqali suhbatda o‘zbekistonliklarni ko‘rganini tasdiqladi:

- Bu yigitlarni 28 eki 29-mart kuni uchratib qoldik. Ular Buzovoy tomonidan kelyapti ekan, u yerda bir necha kun yerto‘lada jon saqlashgan ekan. Ular Baryazevka tomonidan ariq bo‘ylab Kolonshchinaga kelibdi. Ularni mahalliy baza qorovuli Ilьya o‘z vagonchasida joylashtirdi bir necha kunga. Ularga oziq-ovqat berdik, bittasini oyoq kiyimi loyga botgan ekan – men unga o‘zimni etigimni berdim. Hujjatlarini ko‘rsatishdi, hammasi joyida ekan. 3-mart kuni chiqib ketibdi qishlog‘imizdan, men u yerda emasdim. Biz transport bilan ularga yordam berolmasdik, chunki otishma boshlandi. Ular, bilishimcha, Kiyev trassasi tomon Ukraina Qurolli Kuchlari qo‘riqlayotgan hudud tomon chiqib ketgan. Lekin keyinroq menga u trassada rus snayperlari otayotgani, hech kimni o‘tkazmayotganini aytishdi. O‘zbek bolalar taqdiri keyin nima bo‘ldi, bilmayman, - deydi ukrainalik harbiy.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, urush boshlanguncha Ukrainada 4300 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan. Ular asosan, Ukraina universitetlarida o‘qiyotgan talabalar, tadbirkorlar va mehnat muhojirlaridir. O‘zbekiston hukumati 26 ta reys bilan 6 mingdan ziyod o‘zbekistonlikni urush harakatlari ketayotgan hududlardan olib chiqqanini ma’lum qilgan.

Biroq Ozodlikka kelib tushayotgan xabarlardan Ukraina hududida, jumladan, urush harakatlari ketayotgan mintaqalarda hanuz o‘zbekistonlik vatandoshlar qolmoqda.

24-fevral tongida Rossiya kuchlari prezident Putinning buyrug‘i bilan Ukrainaga bostirib kirdi. Rossiya "maxsus harbiy operatsiya" deb atagan urush harakatlarida hozirgacha har ikki tomondan minglab harbiy va tinch fuqarolar halok bo‘ldi. G‘arb davlatlari Rossiyani Ukrainaga asossiz va hech qanday sababsiz urush ochish, tinch fuqarolarni nishonga olish va ommaviy qotiliklar sodir etishda ayblaydi. AQSh prezidenti Jo Bayden rus harbiylari Kiyev yaqinidagi Bucha shahrida sodir etgan ommaviy qotilliklarni "genotsid" deb atadi. Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi Ukrainada sodir etilgan harbiy jinoyatlarni tergov qilmoqda.

XS
SM
MD
LG