Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 06:30

Ukrainaning kiberaskarlari kimlar va ular Rossiyaga qarshi qanday urushmoqda?


Ukraina hukumati 300 ming kishilik “kiberarmiya”si borligini ma’lum qildi. Bu – Ukraina ichidagi va chet eldagi shirkatlarda ishlayotgan, ayni chog‘da Rossiya agressiyasiga qarshi kompyuterda kurash olib borayotgan professional “aytishnik”lar qo‘shinidir. Ular kunda Rossiya saytlariga, ijtimoiy tarmoqlardagi kanal va guruhlariga kiberhujumlar uyushtirishadi. Maqsad – avvalo, rossiyaliklarga Ukrainadagi urushga doir bor haqiqatni bildirish, qolaversa, bosqinchi mamlakat iqtisodiyotiga zarar yetkazish.

“Biz Rossiya saytlarini “yotqizib qo‘yadigan” maxsus tizim ishlab chiqyapmiz. Bu biron infratuzilma loyihalari, turli xabar saytlari va hokazolar bo‘lishi mumkin: tizimning asosiy g‘oyasi – Rossiyadagi odamlarga har kuni barcha kanallar tiqishtirayotgan propagandani o‘qitmaslik. Shuning uchun bu saytlardan ayrimlarini “chalajon” qilib qo‘yamiz”, deydi Ukraina IT-armiyasi vakillaridan biri.

Ukrainalik IT-mutaxassislari bu ishlar bilan “qalb amriga ko‘ra” shug‘ullanishmoqda. Aytishlaricha, dushmanga qarshi bu yo‘sin kurash olib borishni hukumatga o‘zlari taklif qilishgan. “Kiberaskarlar” ko‘proq Rossiyaning yangilik resurslarini bloklab qo‘yishmoqda ekan.

“Bu yaxshi samara beradi, bizda juda yaxshi tizim bor, u saytlarga Rossiyaning o‘zidan hujum qiladi. Va, tabiiyki, chetdan bo‘ladigan hujumlardan ko‘ra shunaqa hamlalarni daf qilish qiyin kechadi, kerak bo‘lsa, butun bir mamlakatni uzib qo‘yish mumkin”, tushuntiradi ukrain “kiberjangchi”si.

Kiberarmiya a’zolari internetdagi urushlarda Google xaritalaridan ham foydalanishmoqda.

“Biz bir dastur yaratdik: u urushning haqiqiy fotosuratlarini, janglar va qurbonlar tasvirlarini xaritalarga kiritadi. Suratlarni atay Rossiyaning Google xaritalaridagi eng mashhur joylariga qo‘shib qo‘yamiz. Bujuda muhim, chunki rossiyaliklarning 80 foizi haqqoniy axborotni olish imkoniga ega emas: ularning televizorlari faqat davlat propaganasini ko‘rsatadi, asl voqelikni emas”, deydi Youtube’dagi “IT na milliard” kanali mutaxassisi Eduard Vodopyanov.

Ukrain “kiberpartizanlari” tarmoqqa joylab, rossiyaliklarga yo‘naltirgan dastlabki videoroliklardan biri Ukrainada o‘ldirilgan va jasadi har yerda qolib ketgan rus askarlarini sun’iy idrok yordamida tanib olish va ularning o‘limi haqida qarindoshlariga xabar berish dasturiga bag‘ishlangan edi.

“Jasad topilganidan so‘ng sun’iy intellekt ijtimoiy tarmoqlardan uni izlab topadi. Yoki, agar o‘ldirilgan odamning tarmoqda guruh bo‘lib tushgan surati bo‘lsa, dastur uning do‘stlari va qarindoshlariga tegishli akkauntlarni topadi. Keyin biz o‘lgan askarning yaqinlariga xabar jo‘natamiz va jasadning fotosuratini ilova qilamiz”, deyishadi ukrain “aytishniklari”.

Ukraina IT-armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ular shu yo‘l bilan qariyb 600 rus askarining murdalarini tanib olib, Rossiyadagi qarindoshlarini xabardor qilishgan. Bunaqa dasturlar ustida kimlar ish olib borayotgani va ushbu ma’lumotlarni kimlar tahlil qilayotgani maxfiy ma’lumot hisoblanadi. Shuningdek, kiberarmiya askarlarining ismlariyu manzillari ham sir. Tinchlik vaqtida ularning DDoS-hujumlari jinoyat sanaladi. Biroq urush sharoitida Ukraina hukumati bunaqa hamlalarni rag‘batlantirib, Rossiyaga qarshi kurash usullaridan biriga aylantirgan.

Ukraina raqamli transformatsiya vazirining o‘rinbosari Aleksandr Bornyakov kiberaskarlar maxsus telegram-kanal orqali topshiriq olishlarini, topshiriq qachon va kim tomonidan bajarilishini hech kim bila olmasligini aytadi.

“Bu hujumlarni kim, qayerdan uyushtirayotganini, hakerlar qayerdaligini hech kimsa bilmaydi, ya’ni hech qanaqa personal kontaktlar yo‘q. Biz o‘z yurtiga ko‘maklashish va urushni tezroq bitirish istagida yurgan yosh vatanparvar yigit-qizlarni birlashtirdik. Va ular mutlaqo tekinga ishlashyapti”, deya tushuntiradi u.

Ukraina kiberjangchilari Rossiyaga oid yuzlab servislarga, ilovalarga, FSB va Kreml saytlariga, davlat xizmatlari sayti, Moskva birjasi sayti va boshqa ko‘plab veb-resurslarga muvaffaqiyatli hujumlar uyushtirishganini aytishmoqda.

“Kreml saytini “yotqizib qo‘ydik”, “Tinkoff” banki va sog‘liqni saqlash vazirligi saytlarini ham, ularning hammasi bizning nishonimizda”, deydi Svyatoslav ismli IT-mutaxassis.

Svyatoslav IT-armiyaning tajribali vakillaridan biri bo‘lib, yosh askarlar uchun kiberhujumlar uyushtirishga doir qo‘llanma yozishga ulgurgan. O‘z ta’biricha, qo‘llanma “Ukrainani qurol bilan himoya qila olmaydigan, ammo internet va intellekt yordamida Rossiyaga qarshi urushishga shay yigit-qizlarga atalgan”.

Aleksandr Bornyakov Rossiya resurslariga uzluksiz kiberhujumlar dushman iqtisodiyotini holdan toydirish uchun zarurligini urg‘ulaydi.

“Ular urushni iqtisodiyot hisobidan moliyalashmoqda. Iqtisodiy infratuzilmalariga zarba beraversak, ertami kechmi urush uchun pul topishlari qiyinlashadi. Buni “ming tilim strategiyasi” deyishadi: har bir shunaqa hujum dushman tanasini tirnab, bir necha tomchi qonini oqizadi va alal-oqibat uni yiqitadi”, deydi vazir muovini.

Ukraina kiberqo‘shiniga boshqa mamlakatlar IT-armiyalari ham yordam bermoqda. Shuningdek, Anonymous xalqaro hakerlar guruhi ham Rossiya davlat idoralarining saytlariga tez-tez hujumlar uyushtiryapti. So‘nggi hamlalardan birida ular Rossiya Markaziy banki saytini buzib kirib, moliyaviy tuzilmalarga doir 28 gigabayt ma’lumotni tarmoqda tarqatishgan edi. Anonymous hakerlari yana Rossiya aviaregulyatorining ma’lumotlar bazasini ham buzib, juda ko‘p hujjatlarni o‘chirib tashlashdi.

Андреевка қишлоғи: Рус ҳарбийлари излаган "бандерачилар" ва "НАТО аскарлари"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:03 0:00

Belarusning Lukashenkoga qarshi kurashayotgan “Kiberpartizanlar” tashkiloti ham ayni chog‘da Ukraina mudofaasiga bosh qo‘shmoqda. O‘tgan bir oy ichida ular “Belarus temir yo‘llari”ga uch marta hujum qilishdi.

“Qo‘l qovushtirib turishni o‘zimizga ep ko‘rmadik, biz dushman logistika yo‘nalishlariga zarba berdik. Orada Rossiya harbiy poyezdlari harakatini taqa-taq to‘xtatib qo‘ygandik, ozir harakatni qisman tiklashyapti, tijorat poyezdlaridan foydalanishyapti. “Kiberpartizanlar” Belarus muxolifati bilan hamkorlik qiladi, ularda belarus harbiy xizmatchilarining ma’lumotlari bor – vaqti-vaqti bilan birvarakayiga hammaga xabar yo‘llab, qo‘ng‘iroqlar qilib, ularni Ukrainadagi urushga tortishlaridan ogohlantirib kelyapmiz”, deydi tashkilot vakili Yuliana Shemetovets.

Bir necha kun avval Rossiya TIV o‘z bayonotida mamlakat yollanma “kiberaskarlar”ning “misli ko‘rilmagan ko‘lamdagi” hujumlariga yo‘liqayotganini aytib noligan edi.

“Davlat muassasalari, ommaviy axborot vositalari, muhim infratuzilma obyektlariga har kuni ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida kuchli hujumlar uyushtirilmoqda”, deyiladi bayonotda.

Biroq Rossiya hukumati rossiyalik hakerlar ham Ukraina resurslariga qarshi shunga o‘xshash hujumlarni amalga oshirayotgani haqida lom-mim demaydi.

XS
SM
MD
LG