O‘zbekistonda Umra tadbirlarini noqonuniy tashkil etayotgan turoperatorlar javobgarlikka tortilmoqda. Bu haqda Daryo.uz nashri Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
O‘zbekiston va Tojikistonning yuzga yaqin fuqarosi qo‘mitaga Saudiya Arabistonining Makka shahridagi mehmonxonadan chiqarib yuborilgani hamda qaytish aviachiptalarisiz qolib ketgani haqida murojaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ziyoratchilar tegishli litsenziyasiz, noqonuniy faoliyat olib borayotgan Yusro Tour, Muslim Travel, Meta Travel hamda Elchi Travel turoperatorlari orqali muqaddas ziyoratga borgan. Holat o‘rganilganda, turfirmalar tomonidan mehmonxona pullari to‘lanmagani aniqlangan.
Saudiya Arabistonida qolib ketgan fuqarolar qaytarilgan va Umra tadbirlarini noqonuniy tashkil etgan firmalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita joriy yil 21-noyabr kuni Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirishga haqli bo‘lgan 12 ta sayyohlik firmasi nomini e’lon qilgandi.
Vazirlar Mahkamasi joriy yil 12-oktyabr kuni “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 668-sonli qaror qabul qilishi ortidan Umra litsenziyasi talablari kuchaytirilgan.
Rasmiylar litsenziya talablari kuchaytirilishini turfirmalar aybi bilan bir necha ming vatandosh Saudiya Arabistonida sarson bo‘lgani bilan izohlagan.
Jamoatchilik esa litsenziya shartlari yanada qiyinlashishi ortidan Umra monopoliyasi qaytishi mumkinligidan xavotir bildirgan.