Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:57

Uxan shahrida koronavirus yuqtirish holatlari ko‘paya boshladi


Koronavirusning yangi delta shtammi Xitoyning Uxan shahriga yetib bordi. Shaharda 2019 - yilda koronavirus ilk bor aniqlangan edi.

“The Associated Press” agentligining xabar berishicha, Xitoy hukumati shaharga uchoq va poyezd qatnovini to‘xtatgan, professional basketbol ligasi o‘yinlarini bekor qilgan va ommaviy koronavirus testi o‘tkazilishini e’lon qilgan.

Virusni yuqtirganlar soni bir necha yuzni tashkil qiladi, xolos. Ammo 2020 - yil boshidan beri Uxanda virus yuqtirganlar soni juda oz bo‘lib kelayotgan edi.

Xitoyda koronavirus butunlay yo‘q qilingani yo‘q, lekin Pekin keskin cheklovlar, ommaviy testlash hamda yuqtirganlarni izolyatsiya qilish orqali kasallik tez suratda tarqalishi oldini olishga muvaffaq bo‘lib keladi.

Bugunga qadar virus yuqtirish holatlari asosan muayyan shahar yoki viloyat tashqarisiga chiqmay kelayotgan edi. Ammo bu safar infeksiya Xitoyning 33 ta provinsiyasi va hududlaridan 17 tasida hamda 35 dan ortiq shaharda tasdiqlangan.

Nankin va Yanchjou shaharlaridagi barcha ichki reyslar bekor qilingan. Pekin esa shaharlararo poyezdlarga 23 bekatda to‘xtashni man etgan. Xitoy basketbol assotsiatsiyasi pandemiya tufayli erkaklar professional ligasi o‘yinlari to‘xtatilishini ma’lum qilgan.

Xitoy markazida joylashgan Uxan shahrining aholisi 11 million bo‘lib, u yerdagi barcha aholidan test olish rejalashtirilmoqda. Dushanba kuni shaharda uchta virus yuqtirish holati tasdiqlangan. So‘nggi bir yil ichida shahar ahli orasida mahalliy yuqtirish holatlari qayd etilmagan edi.

Seshanba kuni Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi dushanba kuni butun mamlakat bo‘ylab 90 ta holat tasdiqlanganini bildirgan. Ulardan 61 tasi mahalliy yuqtirish holatlari bo‘lib, 29 tasi yaqinda chet eldan kelganlar orasida aniqlangan.

Mahalliy yuqtirish holatlarining aksariyati Szyansu provinsiyasida qayd etilgan. Avvalroq provinsiya poytaxti Nankin aeroportida boshlangan epidemiya viloyatning boshqa hududlariga va uning tashqarisiga tarqalgan.

Boshqa beshta viloyat hamda Pekin va Shanxay shaharlarida ham mahalliy yuqtirish holatlari qayd etilgan, ammo ularning soni ko‘p emas. Shanxayning ikki asosiy aeroportidan birida ishlaydigan haydovchi testi natijasi ijobiy chiqqan. Pekinda so‘nggi kunlarda jami beshta virus yuqtirish holati haqida xabar berildi.

Koronavirusning delta varianti Nankindan Xitoyning boshqa hududlariga tarqalgani aytilmoqda. Shuningdek, boshqa ikkita joyda delta variantining tarqalishi qo‘shni Myanma bilan bog‘liq ekani aytilmoqda. Myanmada delta shtammi tez suratda tarqalmoqda.

Chjenchjou shahrida virus Myanmadan uchib kelgan ikki shaxsdan tarqalgan.

Xitoy hukumatiga aloqador olimlarning aytishicha, xitoy vaksinalari koronavirusning yangi shtammlariga nisbatan samarasizroq, ammo baribir himoya qiladi.

Ayni damda Xitoy aholisi faqat Xitoy vaksinalari bilan emlanmoqda. Mamlakat rasmiylarning aytishicha, bugunga qadar aholi 1.6 milliarddan ortiq doza vaksina olgan.

XS
SM
MD
LG