Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:29

Uy hibsidagi bloger Miraziz Bozorov yangi ayblovlarga yuz tutmoqda


Faollar Miraziz Bozorovga jinoyat ishi ochilishining asl sababi uning hukumatni tanqid qiluvchi chiqishlari ekanini aytishadi.
Faollar Miraziz Bozorovga jinoyat ishi ochilishining asl sababi uning hukumatni tanqid qiluvchi chiqishlari ekanini aytishadi.

O‘zbekistonda haqorat va tuhmat uyushtirishda gumonlanib, uy hibsiga olingan bloger Miraziz Bozorov yangi ayblovlarga yuz tutmoqda.

Advokati Sergey Mayorovning Ozodlikka aytishicha, 28 nafar fuqaro hamda Toshkentdagi 110-son maktab o‘qituvchilaridan tushgan jamoaviy ariza asosidagi ayblovlardan tashqari, Bozorovga yana uchta bloger shikoyati bo‘yicha ham ayblar qo‘yilgan.

Mayorovning bildirishicha, O‘zbekiston hukumati va kuch ishlatar tizimlariga yaqin deb ishoniladigan uch nafar bloger ham Bozorovni tuhmatda ayblamoqda.

“Bozorov ustidan haqorat va tuxmatlar yog‘dirib, uni geyga chiqargan blogerlarning arizasi alohida epizod sifatida jinoyat ishiga tirkalmoqda. Bundan tashqari, 110-son maktabning uch nafar o‘qituvchisi va yana 28 fuqaroning shikoyat arizasi jinoyat ishiga tirkalgan. Ularning iddaosicha, go‘yo Bozorov milliy an’analarni oyoq osti qilgan. Ish hali bu arizalar bilan cheklanmasa kerak. Xuddi Bobomurod Abdullayevga qarshi o‘ylab topilgan “Jatva”ga o‘xshash davlat to‘ntarishiga urinish kabi narsalar ham tirkalishi xavfi bor”, - deydi advokat Sergey Mayorov.

Miraziz Bozorov shu yilning 28 - mart kuni tunda beysbol bitalari bilan qurollangan 3 nafar niqobli shaxs tomonidan Toshkentdagi uyi oldida urib ketilishi ortidan og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan edi.

Ichki ishlar vazirligi hodisa uchun blogerning o‘zini ayblagan. Mahalliy matbuotda uning "ig‘vogarligi" qoralangan materiallar e’lon qilingan.

Bozorovning o‘zi kaltaklanishidan oldin Ozodlikka hukumatparast blogerlar tarqatgan “har-xil yolg‘on ma’lumotlar tufayli ularning obunachilaridan yuzlab o‘lim tahdidlari olgani"ni aytgandi.

Advokati Sergey Mayorovning so‘zlariga ko‘ra, Miraziz Bozorovga tahdidlar uning Telegram va TikTok ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari orqali hukumat siyosatini tanqid qilishi ortidan boshlangan.

Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva ham Bozorovga jinoyat ishi ochilishining asl sababi uning hukumatni tanqid qiluvchi chiqishlari bo‘lganini aytadi.

"Miraziz 2020 - yil, iyul oyida O‘zbekistonda shaffoflik yo‘qligini aytib, Jahon banki va boshqa donorlarni O‘zbekistonga kredit bermaslikka chaqirdi. Uning Tik-tok va boshqa tarmoqlardagi bu bayonoti minglab layk oldi. Chunki u odamlarning ko‘nglidagi narsani yozib chiqdi. Aynan shu chiqishi ortidan Bozorov Mirobod ROVDsiga birinchi povestkani oldi. Lekin chiqishlari bu bilan to‘xtamadi. Keyin nima bo‘ldi, unga gey degan yorliq ilinib, blogerlarga fas berildi. Mirazizni tarmoqda sazoyi qilib, yuz minglab obunachilariga uning uy manziligacha e’lon qilgan o‘sha blogerlar endi jabrlanuvchi, Bozorov esa jinoyatchiga chiqarilyapti”, - deydi Atayeva.

O‘zbekistonda hukumatni tanqid qilib kelgan boshqa bir bloger Otabek Sattoriy shu hafta boshida haqorat qilish va tovlamachilikda aybdor, deb topilib 6 yarim yilga qamaldi.

Nadejda Atayeva O‘zbekistonda blogerlarga bosimlarni noyabr oyida bo‘lishi kutilayotgan prezidentlik saylovlari bilan bog‘laydi.

“Sattoriyning qamalishi, Bozorovga esa jinoyat ishi ochilishi prezident saylovi arafasida bo‘lyapti. Bu bejiz emas, Mirziyoyevning obro‘si joylarda tushib ketgan. Tarmoqlarga qarasangiz, Mirziyoyev va uning oilasiga salbiy sharhlar bilan to‘lib toshgan. Sattoriy ham, Bozorov ham nazorat qilib bo‘lmaydigan blogerlar. Hatto menga tahdidlar bo‘lyapti, Bozorov haqida yozma, degan ma’noda, ko‘ryapsizmi, vaziyat naqadar xatarli nuqtaga yetgan”, - deydi Atayeva.”

Sattoriyga chiqarilgan hukm ortidan AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonda blogerlarga ta’qiblarni qoralab chiqdi.

“Biz o‘zbekistonliklar va xalqaro hamjamiyatning blogerlar bilan bog‘liq so‘nggi hodisalar bo‘yicha xavotirlariga qo‘shilamiz va hukumatni ommaviy axborot vositalarining erkinligini hurmat qilishga chaqiramiz. Prezident Mirziyoyev ta’kidlaganidek, ochiqlik va so‘z erkinligi O‘zbekistonni isloh qilish uchun zarurdir”, - deyiladi AQSh Davlat departamentining 12 - may kuni Tvetterda e’lon qilgan bayonotida.

Miraziz Bozorov 28 - mart oqshomida Toshkentdagi uyi oldida qora niqobli odamlar tomonidan do‘pposlab ketilgandi. U og‘ir tan jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Shu kuni ijtimoiy tarmoqlarda "Allohu Akbar" deb hayqirayotgan o‘nlab odam Amir Temur hiyoboniga yig‘ilgan ba’zi odamlarni kaltaklagani aks etgan videolar tarqaldi. Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan faollar kaltaklash “ataylab uyushtirilgan bo‘lishi”ini aytishgan.

Miraziz Bozorovning o‘zi 28 - mart oqshomida, kaltaklanishidan bir necha soat oldin Ozodlikka Amir Temur xiyobonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirning LGBTga mutlaqo aloqasi yo‘qligi va bu kabi tadbirlar avval ham qarshiliksiz o‘tkazib kelinganini aytgan. U o‘zining geteroseksual ekanligini ham qo‘shimcha qilgan.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi qator xalqaro tashkilotlar, shuningdek AQSh hamda Britaniyaning O‘zbekistondagi elchilari Miraziz Bozorovga hujumni qoralab chiqishgan va o‘zbek rasmiylarini hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirganlar.

XS
SM
MD
LG