Qozog‘istonning Satpayev shahrida sud “Vagner” xususiy harbiy shirkati tarkibida Rossiyaning Ukrainaga bosqinida ishtirok etgan mahalliy turg‘unni 4,5 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan. Bu haqda Ozodlikning qozoq xizmati xabar qildi.
Sud hukmiga muvofiq, sudlanuvchi Ukrainadagi urushga mafkuraviy sabablarga ko‘ra ketgan. Otasi Xarkovda tug‘ilgan ayblanuvchi Ukraina rasmiylari mamlakat sharqidagi rus millatiga mansub aholi haq-huquqlarini cheklayapti, deb hisoblagan.
Ayblanuvchining ism-sharifi ochiqlangan emas. U “Vagner” XHSHga 2022-yilda yozilgan. Dastavval u “Vagner”ga qarashli qurol-aslaha omborida ishlagan, keyin esa jangovar bo‘linmaga o‘tkazilgan. 2023-yilda qozog‘istonlik shaxs vataniga qaytib kelgan.
Sud uni xorijiy davlat hududidagi qurolli mojaroda ishtirok etganlikda aybdor deb topgan. U o‘ziga qo‘yilgan ayblovni to‘liq tan olgan.