Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2021, Тошкент вақти: 23:08

Vashington COVID-19 kasalligining kelib chiqishini tekshirishga chaqirmoqda


24 - may kuni AQSh rasmiylari COVID-19 ni keltirib chiqaruvchi SARS-CoV-2 virusining paydo bo‘lishi sabablari xalqaro komissiya tomonidan tadqiq qilinayotgan vaqtda Xitoy u bilan “batamom ochiq-oydin” ishlamaganini aytishgan.

“Biz, yakuniy xulosa qanday bo‘lishidan qat’i nazar voqeaning tagiga yetishimiz kerak. Buning uchun bizga Xitoy tarafidan to‘liq shaffoflik talab qilinadi. Bu ishda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘magiga muhtojmiz, ammo ayni paytda ularning dastagini his qilayotganimiz yo‘q”, deya ta’kidlagan Oq uy maslahatchisi Endi Slavitt.

Rasmiy talqinga ko‘ra, koronavirus tarqalishi manbasi yovvoyi hayvonlarning go‘shti bo‘lgan, hayvonlar esa o‘z navbatida virusni ko‘rshapalaklardan yuqtirib olgan.

Virus go‘yo Uxandagi virusologiya institutida tadqiqot obyekti bo‘lganligi va u ehtiyotsizlik oqibatida nazoratdan chiqib, atrofga tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi dastlabki shubha aksariy ekspertlar hamda turli davlatlarning tibbiyot ma’murlari tarafidan rad qilingan.

Joriy yil boshlarida Uxan shahrida bo‘lgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari ham virus odamga hayvonlardan yuqqaniga oid taxmin haqiqatga yaqinroqligi to‘g‘risida xulosa qilganlar.

Bu orada AQSh Davlat departamentining o‘tgan yiliyoq koronavirus manbasini izlab topish maqsadida o‘z tadqiqotini boshlagani ma’lum bo‘ldi.

CNN xabaricha, virusologiya institutining Xitoy armiyasi bilan aloqalari Davlat departamentida alohida qiziqish uyg‘otgan. Ilk xulosalarning to‘g‘riligiga shubha bilan qaragan Jo Bayden ma’muriyati tashabbusi bilan ushbu tekshiruv maxfiylashtirilgan.

23 - may, yakshanba kuni Wall Street Journal Amerika maxfiy xizmatlari ma’ruzasini e’lon qildiki, unda Uxandagi virusologiya institutining 2019 - yilning noyabr oyida COVID-19 belgilari bilan kasalxonaga yotqizilgan xodimlari to‘g‘risida so‘z boradi. Rasmiy Pekin ilk kasallanish holatlari 2019 - yil dekabrda bo‘lganini iddao qilib keladi.

Oq uyning tibbiyot masalalari bo‘yicha maslahatchisi Entoni Fauchi virus odamga hayvondan o‘tgani haqidagi farazni ehtimolga yaqin tutsa-da, tekshiruv o‘tkazilishi lozimligini urg‘ulaydi.

XS
SM
MD
LG