Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2025, Тошкент вақти: 04:10

Vazir Saidov Isroilning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashdi


O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Gideon Lustig bilan, Toshkent, 2024-yil 26-noyabri
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Gideon Lustig bilan, Toshkent, 2024-yil 26-noyabri

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 26-noyabr kuni Toshkentdagi TIV binosida Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Gideon Lustig bilan uchrashgan. Bu haqda TIV rahbari o‘z telegram-kanali orqali ma’lum qildi.

O‘zbekiston bosh diplomatiga ko‘ra, u Isroil elchisiga BAAda o‘ldirilgan ravvin Svi Kogan vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirib, o‘zbek xalqi “barcha din va elat vakillariga azaldan do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan”ini urg‘ulagan.

Biz millatchilikning hech qanday ko‘rinishiga toqat qilmaganmiz va bundan keyin ham toqat qilmaymiz. Terrorizm va ekstremizmning chegarasi va millati yo‘q. O‘zbekiston hukumati tergov jarayonlarida BAA va Isroil idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda”, deb yozgan vazir Saidov.

Ikki kun muqaddam Birlashgan Arab Amirliklarida isroillik ravvin Svi Koganning jasadi topilgani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan edi. BAA rasmiylari ravvin o‘limida gumonlanib uch nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olinganini bildirishgan. Amirliklar Ichki ishlar vazirligi bayonotida qotillikda gumonlanayotganlarning ismi Olimboy Tohirovich, Azizbek Komilovich va Mahmudjon Abdurahim bo‘lib, ulardan ikki nafari 28 yoshda, yana biri esa 33 yoshda ekani qayd etilgan.

Avvalroq O‘zbekistonning Dubaydagi bosh konsulxonasi o‘zbek diplomatlari BAA Tashqi ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib, isroillik ravvin o‘limi yuzasidan “oydinlik kiritish maqsadida tegishli ishlar” olib borayotganlarini ma’lum qilgan edi.

2020-yildan buyon BAAda istiqomat qilayotgan Isroil va Moldova fuqarosi Kogan yahudiylarning “Xabad Lyubavich” ortodoksal diniy harakatini tamsil etib kelgan.

Koganning avtomobili Abu Dabidan 150 kilometr naridagi shosseda topilgan. Amirlik rasmiylari ravvinning o‘ldirilish sabablariga oid biror ma’lumotni ochiqlashmagan.

Isroil bosh vaziri ofisi va Tashqi ishlar vazirligining qo‘shma bayonotida Koganning o‘limi “mudhish antisemitcha terror xuruji” deb atalgan. Bayonotda aybdorlar qayerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, Isroil ularni javobgarlikka tortish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishi va’da qilingan.

XS
SM
MD
LG