Линклар

Шошилинч хабар
19 май 2024, Тошкент вақти: 16:17

Vazirlar Mahkamasi bayonnomasidagi 18-band qayerga yo‘qoldi?


Bug‘doy yetishtirish uchun olinadigan imtiyozli kredit olishda fermerlar muammolarga udch kelmoqda.
Bug‘doy yetishtirish uchun olinadigan imtiyozli kredit olishda fermerlar muammolarga udch kelmoqda.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Vazirlar Mahkamasining 1-avgust kuni o‘tkazgan yig‘ilishi 189-bayonnomasining 18-bandida fermerlar ancha vaqtdan beri kutgan yangilikni ko‘rdi.

Bu bandga binoan endi fermerlar g‘alla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun kreditni banklardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlari olishlari mumkin bo‘lgan edi.

Fermerlar "do‘ppini osmonga otdi" va nihoyat o‘rtadagi klaster degan vositachi yo‘q bo‘lishidan, g‘alla parvarishini bemalol o‘zlari mustaqil moliyalashtira olishidan xursand bo‘ldilar.

Ammo bu xursandlik uzoqqa cho‘zilmadi. Aynan o‘sha yig‘ilishning yangi bayonnomasi e’lon qilindi va unda 18-bandda yozilgan bitiklar o‘z-o‘zidan yo‘qolib qoldi.

O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Haitov Ozodlikning bu boradagi savoliga javob berishdan o‘zini olib qochdi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov raislik qilgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida uning o‘rinbosarlari Jamshid Qo‘chqorov, Shuhrat G‘aniyev va prezident Administratsiyasi sho‘’ba mudiri Sh.Ismoilov ham qatnashgan.

Yig‘ilishda oziq-ovqat mahsulotlari uzluksizligini va narxlar barqarorligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilingan.

Yig‘ilishda fermerlarni qiziqtirgan masala, ularning g‘alla parvarishi uchun oladigan kreditlari o‘rtada vositachisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlari banklardan olishi mumkinligi haqida edi.

Yig‘ilish bayonnomasining 18-bandida fermerlarni qiynab kelayotgan muammo yechimi berildi:

“18. Moliya vazirligi (Ishmetov), Qishloq xo‘jaligi vazirligi

(Teshayev), Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (Isroilov), Markaziy bank (Hamrayev) 2023-yil hosilidan boshlab, g‘alla yetishtirish harajatlarini moliyalashtirish uchun Moliya vazirligi huzuridagi qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab quvvatlash jamgarmasi mablag‘lari hisobidan tijorat banklari tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer uchastkasiga egalik huquqi bo‘lgan fermer xo‘jaliklari, g‘allachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklariga yo‘naltirilsin”.

O‘zbekistondagi fermerlarining qariyb 30 mingga yaqin a’zosi bo‘lgan Telegram kanalida bu xabar xursandlik bilan kutib olindi.

Fermerlar va nihoyat o‘rtadagi vositachidan qutulib, o‘zlari mablag‘larini erkin tasarruf etish imkoni bo‘lgani haqida yozdilar.

Ammo oradan bir hafta o‘tganidan so‘ng o‘sha majlis bayonnomasining boshqa varianti chiqarildi. Bu yangi bayonnomada aynan 18-banddagi so‘zlar butunlay o‘chirilib, uning o‘rniga mana bu yozuv paydo bo‘ldi:

Bayonnoma nusxalari.
Bayonnoma nusxalari.

“18. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Teshayev), O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (Xaitov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari bilan birgalikda 2023 -yil hosili uchun 2022-yilning avgust-sentabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz hamda noyabr-dekabr oylarida to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini ekish ishlari tashkil etsin”.

Xorazmlik fermer Ne’mat Ishchanovning aytishicha, fermerga berilgan erkinlik yana olib qo‘yildi:

“Bu yangilik haqiqiy erkinlik edi, lekin bo‘lmadi. Eng yomoni, klaster g‘alla yetishtirishga beriladigan pulni shunday olib bersa ham gap yo‘q edi, lekin u pulni o‘zlariga olib mineral o‘g‘it va yonilg‘ini qimmat narxda fermerga beradi. Fermerda arzon resurs qidirish imkoni qolmadi. U klasterga ipsiz bog‘lab qo‘yilgan. Klaster aytgan narxda sotib olishga majbur, tanlov yo‘q. Biz ilgari ham o‘rtada vositachi nimaga kerak, deb talab qilgan edik. Shu 18-modda bilan masala hal bo‘lgan edi. Lekin nima sababdan olib tashlangani bizga noma’lum bo‘lib qoldi”.

Ishchanovning aytishicha, ular fermerlarning Telegram kanali orqali buning sababini so‘rab, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Fermerlar kengashiga murojaat qilishgan, ammo ulardan javob bo‘lmagan.

Ismi sir qolishini so‘ragan andijonlik fermerning aytishicha, 18-bandning o‘zgartirilishi zaminida klasterlar va ular homiylarining moddiy manfaati yotadi:

“Bu bilan fermerlarning imtiyozli kredit olish tartibida ayrim idoralar, ayrim tabaqalarning manfaatlarini yashirishyapti. Mana paxta misolida oladigan bo‘lsak, 2021- yilda paxtaning imtiyozli krediti fermerlarning o‘zlariga berilgan edi. 2022yyilda uni klaster orqali qilib qo‘ydi. Klasterlar esa buni suiiste’mol qilib, pulni beliga bog‘lab oldi. Fermer oyog‘iga yiqilib iltimos qilsa, yalinsa, klaster shartlariga ko‘nsa berib qolgan paytda bermasdan turli xil hunar ko‘rsatishdi. Fermer yana battar klasterga qaram bo‘ldi.”

Fermerning aytishicha, ularning noroziligi oshib borsa-da, lekin rahbarlar bunga munosabat bildirmadi:

“Mana shu 18-band o‘zgartirilganiga Telegram kanalida yuzlab fermer norozilik bildirdi. Rahbarlarning hammasini bundan xabari bor, lekin miq etgan javob bo‘lmadi. Endi gapning indallosini aytsam, bularning hammasini boshida Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev turibdi. Shu bandni ham o‘sha o‘zgartirgan bo‘lishi tabiiy. Bu inson qishloq xo‘jaligini umuman tushunmaydi, buyruqbozlik, majburlash uning ish uslubi. Ko‘plab noroziliklarning kelib chiqishiga ana shu odam sabab bo‘lyapti. Bu ishning ortida qing‘ir niyat bor, katta korrupsiya bo‘lish ehtimoli ham yo‘q emas”.

Fermerlarning Telegram kanallarida bu masala qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ayrim fermerlarning yozishicha, 18-modda Bosh vazirning ko‘zini shamg‘alat qilib o‘zgartirib qo‘yilgan bo‘lishi ham mumkin:

Fermerlar telegram kanali.
Fermerlar telegram kanali.

“Agar haqiqatda Bosh vazir qo‘l qo‘yganidan keyin 6-7-betlari o‘zgartirilgan bo‘lsa, o‘zgartirgan odam Bosh vazirga, hukumatga xiyonat qilgan bo‘ladi”.

“Fermerlar foydasi uchun yozilgan 18-bandi bekor bo‘lgan. Bir duo bilan, kuf-suf qilishib. Yuqorida vallomatlar emas, valiylar o‘tirishibdi”.

“18 -bandi juda tosh bosadigan ekan...121 Chi Karorni 1.15% ga uxshab...Yana texnik "xato" deyishsa... Karorlarini tayerlaydiganlarni kompetentligi xam ....bilmadim Nima deyish mumkin. 20- avgust.22- avgustda..shu kabi "texnik xatolarni"..kupayib boraetgani Prezidentga yetkazish mumkindur...eki yukmi?Bu Respublika Kengashi m'asul xodimlariga xavola.. Menimcha Chorixon aka..xabardorlar..vaziyatdan". (yozishmalar orfografiyasi saqlab qolindi - tahr.)

Fermerlar telegram kanali.
Fermerlar telegram kanali.

Ozodlik O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi, senator Aktam Haitov bilan bir necha marta bog‘landi. Ammo senator goh majlisdaman, goh yo‘ldaman deb, savoldan o‘zini olib qochdi.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati rahbari Rezida Erdman, savolni yozma ravishda yo‘llashimizni va besh kun ichida javob berishlarini aytdi. Vazirlikka savol yozma ham yuborildi.

XS
SM
MD
LG