Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2025, Тошкент вақти: 05:19

Viner gimnastika bo‘yicha Rossiya termasi murabbiyi lavozimini tark etdi


Irina Viner sobiq turmush o‘rtog‘i Alisher Usmonov bilan (arxiv surati)
Irina Viner sobiq turmush o‘rtog‘i Alisher Usmonov bilan (arxiv surati)

Badiiy gimnastika bo‘yicha Rossiya terma jamoasining bosh murabbiyi Irina Viner egallab turgan lavozimini tark etdi, deya xabar qildi TASS agentligi.

“Badiiy gimnastika – bu mening hayotim va men sportning bu go‘zal turi rivojiga o‘z hissamni qo‘sha olganimdan baxtiyorman”, deya iqtibos keltirgan agentlik Irina Viner so‘zlaridan. U “orttirilgan tajribalarni sport yulduzlarining kelajak avlodini tayyorlaydigan murabbiylarga” topshirmoqchi ekanini qayd etgan.

Bir necha hafta avval Bi-bi-sining rus xizmati Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yo‘ldoshi ekani aytiladigan olimpiya chempioni Alina Kabayeva Vinerni Rossiya badiiy gimnastikasida yetakchilik o‘rnidan siqib chiqarayotgani haqida hikoya qilgan edi.

Terma jamoa bosh murabbiyi lavozimi asli o‘zbekistonlik tadbirkor Alisher Usmonovning sobiq xotini Irina Viner egallab kelayotgan yagona rasmiy lavozim edi. Nashr bilan suhbatlashgan sport jurnalisti Viner bilan sodir bo‘layotgan voqealarni “barcha jabhalar bo‘ylab mag‘lubiyat” deb atagan, chunki Rossiya termalari xalqaro musobaqalardan chetlatilgani tufayli bosh murabbiyning qiladigan ishi “deyarli qolmagan” edi.

Viner Butunrossiya badiiy gimnastika federatsiyasiga 2008-yildan 2024-yilgacha, ya’ni federatsiya tarqatilgunicha prezidentlik qilgan. U murabbiy sifatida Olimpiadalarda, Jahon va Yevropa chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni olgan o‘nlab gimnastikachilarni tayyorlagan, ular orasida Yevgeniya Kanayeva, Yuliya Barsukova va yuqorida ismi zikr etilgan Alina Kabayevalar bor.

Shuningdek, Viner prezidentlik saylovlarida uch marta Vladimir Putinning ishonchli shaxsi bo‘lgan va haligacha “Yedinaya Rossiya” partiyasining oliy kengashiga kiradi.

XS
SM
MD
LG