Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:15

WP: Terakt “Krokus”da bo‘lishi Rossiyaga 2 hafta oldin aytilgan


Mart oyi boshida Rossiyada terror xuruji sodir etilishi xavfi haqida Rossiya maxsus xizmatlarini ogohlantirar ekan, AQSH “Krokus Siti Xoll”ni hujumning muhtamal hadafi sifatida ko‘rsatgan. Bu haqda AQSHning The Washington Post gazetasi vaziyatdan xabardor amerikalik ikki anonim mulozimdan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Nashrga ko‘ra, Vashingtonning “yuqori darajadagi aniqlik” bilan bergan ogohlantiruvi Moskvaning “AQSH ogohlantiruvi o‘ta umumiy xarakterga ega edi” qabilidagi iddao aksini isbotlaydi.

Vashington muhtamal terror hujumlari haqida o‘zida mavjud bo‘lgan ma’lumotni xorijiy davlatlarga muntazam ravishda berib keladi, biroq, gazeta tomonidan so‘ralgan ekspertlar fikricha, “o‘z raqibiga konkret hadaflar to‘g‘risida ma’lumot berish g‘ayriodatiy qadam bo‘lib hisoblanadi”. Ularga ko‘ra, bu razvedka faoliyati hamda konfidensial ma’lumotlar manbalarini xavf ostiga qo‘yib, AQSH maxsus xizmatlarining ma’lumot olish usullari fosh bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Biroq, maqolada izoh berilishicha, konsert zalida terror xurujini amalga oshirishga hozirlik ko‘rilayotganiga oid ma’lumot Rossiyadagi amerikaliklar uchun ham muhtamal xavf-xatarni anglatar edi.

WP qaydicha, hozirlanayotgan terakt haqidagi ma’lumotni AQSH maxsus xizmatlari Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga (FSB) 6-mart kuni — AQSHning Rossiyadagi elchixonasi Moskvada terakt terakt ehtimoli borligi haqida ma’lumot tarqatishidan bir kun avval berishgan. O‘sha ma’lumotda, jumladan terakt konsert vaqtida ham sodir bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Gazeta manbalaridan biriga ko‘ra, AQSH rossiyalik rasmiylarni Moskvadagi sinagogaga hujum uyushtirilishi mumkinligi haqida ham ogohlantirgan. 7-mart kuni Rossiya FSBsi Moskvadagi sinagogada terakt oldi olingani haqida ma’lum qilgan.

Ilk ogohlantiruvdan keyin nima uchun xavfsizlik kuchaytirilib, yuqori darajada dastaklanmagani noaniqligicha qolmoqda. Balki Rossiya maxsus xizmatlari 7-martdan keyin kunlarda hujum sodir etilmaganini ko‘rishib, “AQSH ma’lumoti noto‘g‘ri ekan” deb o‘ylab, hushyorlikni susaytirishgandir”, deya o‘z taxmini bilan o‘rtoqlashgan gazeta suhbatdoshi. Rossiya FSBsi vakillari “Krokus”dagi teraktdan keyin AQSH hujumga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida oldinroq ma’lumot berganini e’tirof etishgan, biroq bu ma’lumot tafsilotli emas, balki “umumiy” bo‘lganini bildirishgandi.

“Krokus Siti Xoll” konsert zaliga hujum 22-mart oqshomida amalga oshirilgan. O‘sha paytda binoda 6000 odam bo‘lgan. Bu odamlar qurollangan bir guruh shaxs tomonidan o‘qqa tutilgani, binoga esa o‘t qo‘yilgani natijasida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 144 kishi halok bo‘lgan, 380 dan ziyod odam jarohatlangan. Rossiya Tergov qo‘mitasi avvalroq 12 nafar gumonlanuvchi ushlangani haqida ma’lum qilgan. Ulardan o‘n nafariga nisbatan hibsga olish shaklida ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Avvalroq ko‘plab mamlakatlarda taqiqlangan “Islom davlati” terror guruhi “Krokus”dagi terakt uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan edi. Mazkur terakt aynan ID tomonidan uyushtirilganiga AQSH va G‘arbdagi boshqa mamlakatlar ham shubha qilishmayapti. Rossiya tomoni terakt ijrochilari ortida Ukraina turgan bo‘lishi mumkinligini iddao qilyapti. Kiyev bunga oid ayblovlarning barchasini rad etib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG