Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2024, Тошкент вақти: 23:18

WSJ: Kursk viloyatida shimoliy koreyalik general yaralandi


Shimoliy Koreya askarlari paradda (arxiv surati)
Shimoliy Koreya askarlari paradda (arxiv surati)

Rossiyaning Kursk viloyatida Shimoliy Koreya armiyasining generali yarador bo‘lgan. Bir qismi Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan nazorat qilinayotgan Kurskda ukrainaliklarga qarshi kurashayotgan Rossiya qo‘shinlari tarkibida shimoliy koreyalik askar va zobitlar jang qilayotgani haqida avvalroq xabar qilingan edi. KXDR generali “yaqinda” Ukraina qo‘shinlari tomonidan Kurskka berilgan zarbalar chog‘ida jarohat olgani to‘g‘risidagi xabarda hodisaga oid boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

Mazkur xabar dastavval The Wall Street Journal nashri tomonidan yoyinlangan.

Shu tariqa, Rossiya tomonida turib Ukraina Qurolli kuchlariga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etayotgan shimoliy koreyalik yuqori lavozimli harbiy RF hududida yaralangani g‘arblik rasmiylar tomonidan ilk bor tasdiqlangan.

The Wall Street Journal bir kun avval Kursk viloyatida shimoliy koreyalik harbiylarga KXDR Bosh shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari general Kim Yon Bok qo‘mondonlik qilayotgani haqida xabar qilgan edi. Qayd etilishicha, generalga KXDR qo‘shinlarini Rossiya armiyasiga integratsiya qilish hamda urush olib borishning zamonaviy metodlarini o‘rganish topshirilgan.

Kim Yon Bok avvalroq KXDRning maxsus topshiriqlar bajaruvchi kuchlariga rahbarlik qilgan va uzoq vaqtgacha soyada yurgan. U Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan 2024-yil iyunidan keyin ikki mamlakatning o‘zaro yaqinlashuvi manzarasida ommaga taniqli shaxsga aylangan. O‘shandan buyon general KXDR lideri Kim Chen In bilan birgalikda rasmiy tadbirlarda muntazam ravishda ishtirok etib kelgan, deyilgan The Wall Street Journal maqolasida.

Avvalroq Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Shimoliy Koreya askarlari evaziga Rossiyadan texnologiyalar olishni istayotgani haqida bildirgan edi.

Razvedkalar ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada ayni paytda KXDRdan kelgan bir necha ming harbiy yuribdi. Pentagon hisob-kitobiga ko‘ra, ular soni 11 ming nafarga yetadi.

XS
SM
MD
LG