Temiryo‘l qurilishi bo‘yicha shartnomada ko‘p savollarga javob yo‘q, ayniqsa, qurilishni moliyalash masalasi ochiq qolgan, deb yozdi Eurasianet nashri.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi anchadan beri rejalashtirilgan bo‘lsa-da, asosan mablag‘ bilan bog‘liq muammolar tufayli kam ish qilingan. Ammo iyun oyi boshida uch davlat yetakchilari barcha mayda tafsilotlar nihoyat ishlab chiqilganini aytib, yo‘nalishni qurish bo‘yicha qurilish konsorsiumi tuzilganini e’lon qildi. Biroq, bir muammo bor edi: uch mamlakatning hech biri konsorsium faoliyati haqidagi batafsil hujjatni darhol e’lon qilmadi.
Xitoy Davlat kengashi axborot xizmati Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Jumart Otorbayevning izohini e’lon qildi, unda loyiha Markaziy Osiyoni savdo markaziga aylantirish salohiyatiga ega ekanligi ta’kidlanadi. “Yangi temiryo‘l – umid va nekbinlik chirog‘idir”, degan Otorbayev.
Dastlabki e’londan bir necha kun o‘tib, Qirg‘iziston parlamenti 13 banddan iborat kelishuvni e’lon qildi. Hujjatda temir yo‘l loyihasi tomonlarning “strategik hamkorlikni rivojlantirish uchun uzoq muddatli manfaatlari” natijasi sifatida ko‘rsatilgan. U qurilish konsorsiumi tarkibiga oydinlik kiritgan bo‘lsa-da, moliyalashtirish va qurilish muddatlari masalasiga bevosita to‘xtalmagan.
Hech kimni ajablantirmasa ham, hujjatda Xitoy loyihada asosiy ulushga ega ekanligi, qurilish xarajatlarining 51 foizini qoplashi ko‘rsatilgan. Qirg‘iziston va O‘zbekistonning har biri ulushi 24,5 foizdan to‘g‘ri keladi. Xitoy korxonalariga Qirg‘iziston hududida temiryo‘l qurish vazifasi yuklangan, Qirg‘iziston esa loyihaga jalb qilingan xitoylik ishchilar va asbob-uskunalar uchun viza va soliq talablarini olib tashlaydi.
Xitoy kelishuvni moliyalashtirish yo‘lini ochish uchun Qirg‘izistonning qarzdorlik reytingini yuqori xavfdan o‘rta xavfga ko‘tarishga majbur bo‘ldi, deya xabar beradi mahalliy OAV.
18-iyun kuni Qirg‘iziston temir yo‘lari rahbari Azamat Sakiyev Qirg‘iziston parlamentida bo‘lib o‘tgan tinglovda loyiha yuzasidan deputatlar savollariga javob berdi.
Ikki soat davom etgan so‘roqlashda Saqiyev ba’zi savollarga yaxshi javob bersa ham, ayrim javoblari yangi savollarni ham tug‘dirdi. U haqiqatan ham mablag‘ masalasini ko‘tardi. U qurilishning umumiy qiymatini 4,7 milliard dollarga baholadi va Xitoy hukumati konsorsiumga 2,35 milliard dollar miqdorida past foizli kredit ajratishga va’da berganini, bu esa loyihaning yakuniy hisob-kitobining yarmini qoplaganini qo‘shimcha qildi.
Saqiyevning aytishicha, Qirg‘iziston qurilish xarajatlarini qoplash uchun 700 million dollar topishi kerak, bu esa mamlakatning moliyalashdagi 24,5 foiz ulushiga mos kelmaydi. Qolgan qurilish qiymatining chorak qismi taxminan 576 million dollarni tashkil etadi. Yig‘ilishda deputat Qirg‘iziston loyihaga 1 milliard dollargacha hissa qo‘shish uchun javobgar bo‘lishi mumkinligini aytdi, Saqiyev bu raqamga e’tiroz bildirmadi. Shuningdek, u Qirg‘iziston Xitoyning ikki banki bilan qurilish uchun noma’lum miqdorda kredit olish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini aytdi.
Vaziyatni chalkashtirib O‘zbekistonning Spot.uz nashri 19-iyun kuni O‘zbekiston va Qirg‘izistonning har biri majburiyatlari 573 million dollarni tashkil etgani, bu esa kelishuvga muvofiqligini ma’lum qildi. Miqdorlar o‘zgarib turibdi, moliyaviy kelishuvlar yakunlangani haqida esa xabarlar yo‘q.
Saqiyev Qirg‘izistonning boshqa rasmiylari ilgari aytganlarini tasdiqlab, temir yo‘l qurilishi oktyabr oyida boshlanib, olti yil davom etishini aytdi. O‘zbekiston rasmiylari ham boshlanish sanasi sifatida oktyabrni aytgan.
Loyiha qachon boshlanishini oldindan aytib bo‘lmaydigandek tuyulsa ham, temiryo‘lning yo‘nalishi noaniqligicha qolmoqda.
Noaniqlikning asosiy qismi Xitoyning Qashg‘ar shahridan boshlanib, O‘zbekistonning Andijon shahrida tugaydigan temiryo‘lning Qirg‘iziston qismiga tegishli. Qirg‘izistondagi Makmal yo‘nalishida relslar o‘lchovi kengayadi, bu esa yuklarni bir poyezddan boshqasiga o‘tkazishni talab qiladi.
Qirg‘iziston orqali o‘tadigan yo‘nalish o‘nlab ko‘priklar va tunnellar qurilishini talab qiladi, ularning nihoiy soni aniq emas. Rasmiy «Kabar» agentligi xabar berishicha, Qirg‘iziston qismida 81 ta ko‘prik va 41 ta tunnel bo‘ladi. Biroq Tazarbek axborot xizmati bu raqamlarni 95 ta ko‘prik va 48 ta tunnel deb bergan.
Sakiyev qurilishda mahalliy ekologiyaga ehtimoliy ta’siri hisobga olinishini aytib, Qirg‘iziston qismi hech qanday qo‘riqxonani kesib o‘tmasligini ta’kidladi. Qirg‘iziston parlamenti a’zolari kelishuvning xitoylik pudratchilarga butun yo‘nalishni qurishga ruxsat beruvchi bandini keskin tanqid qildi. Deputatlardan biri Baktibek Sodiqov Qirg‘iziston ham, o‘zbek kompaniyalari ham bu ishni bajara olishini ta’kidlab, ular bilan shartnoma tuzilmaganini “haqorat” deb aytgan.