Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi prokurori Karim Xon jinsiy mansubiyat asosida odamlar ta’qib etilayotgani munosabati bilan insoniylikka qarshi jinoyatlar sodir qilganlik gumoni bilan Afg‘onistonda hukmronlik qilayotgan “Tolibon” radikal harakati liderlarini hibsga olish uchun order berish iltimosi bilan sudga murojaat qildi.
Karim Xonning sud saytida yoyinlangan bayonotida aytilishicha, prokuror suddan “Tolibon” oliy rahbari Haybatulloh Oxundzoda hamda toliblar tomonidan Oliy sud raisi etib tayinlangan Abdul Hakim Haqqoniyni hibsga olish uchun order berishni so‘ramoqda. Ularga nisbatan ayol-qizlarni, ularning tarafini olayotganlarni hamda gender o‘ziga xoslik va uning ifodasi sohasida toliblar istagiga muvofiq kelmaydigan shaxslarni ta’qib qilganlik bo‘yicha ayblov ilgari surilgan.
Bu yerda gap Afg‘onistonda ayollar huquqlarining ko‘plab marta buzilgani hamda qotillik, qiynoq, qamash va jinsiy zo‘ravonlik doxil bunga aloqador qatag‘onlar haqida ketmoqda.
Hibsga olish-olmaslikka oid qaror Xalqaro jinoyat sudi tomonidan qabul qilinishi lozim.
Afg‘onistonda 2021-yili hokimiyat tepasiga qaytgan “Tolibon” harakati shariat talablarini bajarayotganini iddao qilib, ayollar haq-huquqlarni keskin cheklab qo‘ygan.
Afg‘oniston Rim statuti ishtirokchisi bo‘lib hisoblanadi, ya’ni u XJS yurisdiksiyasiga bo‘ysunishi kerak. Biroq Xalqaro sud ishida toliblar tomonidan qulatilgan va hozirda amalda bo‘lmagan avvalgi hukumat ishtirok etgan. Toliblar Karim Xon bayonoti yuzasidan hali izoh berganlaricha yo‘q.
Xalqaro jinoyat sudi prokuror taklifiga ko‘ra avvalroq boshqa davlat rahbarlari, jumladan Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni hibsga olishga ham order bergan. Sud ishida dunyodagi mamlakatlarning aksariyati ishtirok etadi, biroq anchagina mamlakat uning yurisdiksiyasini tan olmay, sud ishini tanqid qilib keladi. Bu tanqidchi davlatlar orasida Qo‘shma Shtatlar, Rossiya, Xitoy, Isroil kabilar bor.