Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy 1-oktyabr kuni Eron tomonidan Isroilga berilgan raketa zarbasini “qonuniy” va “mashru’” deb atadi. Bu haqda u juma xutbasida bildirdi.
“Bizning Qurolli kuchlarimiz amalga oshirgan ish sionistik rejim, AQSH va uning ittifoqchilari jinoyatlari uchun eng kichik jazo edi”, dedi Xomanaiy. U zarurat tug‘ilgan taqdirda, hujumlar davom etishini urg‘uladi.
Xomanaiy Isroil Falastinning HAMAS (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) va Livanning “Hizbulloh” guruhlari ustidan hech qachon g‘alaba qilolmasligini qayd etdi.
AQSH “Hizbulloh”ni terror tashkiloti deb biladi, Yevropa Ittifoqi esa “Hizbulloh”ning faqat qurolli qanotini terror tashkiloti deb biladi, deputatlari Livan parlamentida o‘tirgan “Hizbulloh” partiyasi esa, YI fikricha, terror tashkiloti emas.
Tehrondagi Imom Humayniy masjidida bo‘lib o‘tgan juma namozi va “Hizbulloh”ning o‘ldirilgan lideri Hasan Nasrullohni yodlash marosimida oyatulloh Ali Xomanaiydan tashqari Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, parlament spikeri Muhammadboqir Qolibof va sud hokimiyati rahbari G‘ulom Ejeylar ishtirok etishgan. Marosimga Tehron ko‘chalaridagi o‘n minglab kishi qo‘shilgan.
Xomanaiy so‘nggi marta juma namoziga 2020-yil yanvarida Eron tomonidan AQSHning Iroqdagi ikki bazasiga raketa zarbalari berilgani ortidan imomlik qilgan edi. Tehron mazkur hujum Islom inqilobi posbonlari korpusi qo‘mondonlaridan biri Qosim Sulaymoniyning Bag‘dod aeroportida amerikalik harbiylar tomonidan o‘ldirilganiga javob ekanini urg‘ulagan.
Birinchi oktyabr kuni Eron Isroil hududiga 180 dan ziyod ballistik raketa otgan. Bu Livanning Eron tomonidan dastaklanayotgan “Hizbulloh” guruhi bilan Isroil o‘rtasidagi janglar eskalatsiyasi manzarasida sodir bo‘lgan. Raketalarning anchaginasi havoda urib tushirilgan, biroq ko‘plab raketa raketaga qarshi mudofaa tizimini yorib o‘tgan.
The New York Times gazetasi iddaosiga ko‘ra, Isroilga hujum oliy rahbar Ali Xomanaiy topshirig‘i bilan Islom inqilobi posbonlari korpusi tomonidan berilgan, mo‘tadil siyosatchi sanalgan mamlakat prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonga esa bu haqda bevosita raketalar otilishidan sal avvalroq xabar berilgan. Pezeshkiyon raketa hujumini Eronning o‘zini o‘zi mudofaa qilish huquqini amalga oshirishi deb atab, zarbalarni rasman dastaklab chiqqan.
Bu Eron tomonidan bevosita Isroilga qarshi amalga oshirilgan ikkinchi raketa hujumi bo‘lib hisoblanadi. Birinchi hujum aprel oyida amalga oshirilgan edi. O‘shanda Isroil Eron hududiga javob zarbasini bergan emas. 1- oktyabrdagi zarbalar ortidan Isroil Tehron hujumiga javob berilishi mumkinligini bildirgan.