Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:13

Xorazm: Prezident kelib ketgandan keyin xodimlardan ishdan bo‘shash haqida ariza olindi


Ishdan bo‘shash arizasi
Ishdan bo‘shash arizasi

O‘zbekiston prezidentining Xorazm viloyatiga tashrifi ortidan viloyatning barcha tumanlaridagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari xodimlaridan yoppasiga ishdan bo‘shash haqidagi arizalar yozdirib olindi. Majburan ariza yozganlar ertasiga o‘z o‘rinlariga vaqtincha va sinov muddati bilan ishga olindi.

Xorazm viloyati Bandlik bosh boshqarmasida ishlaydigan mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ xodimlarni qattiqqo‘llik bilan boshqarish uchun shu uslub tanlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra¸ O‘zbekiston prezidenti viloyatga tashrifi chog‘ida ishsizlikni bartaraf qila olmagan mulozimlarni tanqid ostiga olgani ortidan bu ishga qo‘l urilgan.

Xorazm viloyati tumanlaridan biridagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimi Ozodlik bilan suhbatda “bu viloyat rahbari ijod qilgan uslub” ekanligini bildirdi.

«Tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazida ishlayman. Prezident kelib ketganidan keyin iqtisodiy kompleks xodimlariga yetarli darajada ishlamayotganligi bildirilib, ariza olish kompaniyasi boshlanib ketdi. Bizlarga yakshanba kuni boshqarmadan ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozib berishni so‘rashdi. Izidan bir kundan keyin ishga qabul qilish to‘g‘risida ariza yozishni talab qilishdi. Vaqtincha vazifani bajaruvchi qilib sinov muddati bilan qayta ishga olinar ekanmiz. Bu mehnat qonunchiligiga zid narsa. Tumanlardan so‘rasam, barchasi yozib bergan arizani».

Shovot tumanidagi Bandlikka ko‘maklashish markazi
Shovot tumanidagi Bandlikka ko‘maklashish markazi

Xorazm viloyati Bandlik bosh boshqarmasida ishlaydigan mulozimning Ozodlikka aytishicha, «butun xodimlarga ishonchsizlik bildirib, yoppasiga sinov muddatiga o‘tkazilishi viloyat hokimi 12 - dekabr kuni imzolagan 238- sonli farmoyish ortidan amalga oshirilmoqda».

Ozodlikda viloyat hokimi Ermanov imzolagan farmoyish nushasi bor. Farmoyishda «aholini ish bilan bandligini ta’minlashdagi kamchiliklar bartaraf qilinishi zarurati» ta’kidlangan. Ammo rasmiy hujjatda bandlik markazi xodimlarini yoppasiga ishdan bo‘shatib, qaytadan vaqtincha ishga olish to‘g‘risida talab yo‘q.

Hokim farmoyishi
Hokim farmoyishi

Bu hujjatni Ozodlikka taqdim qilgan viloyat Bandlik Bosh boshqarmasi xodimi «farmoyishda ko‘rsatilgan talablarni bajartirish maqsadida xodimlar intizomiy sirtmoqda ushlab turilishi uchun shu ish» qilinganini aytdi:

«Sinov muddatidagi xodimni olti sekundda ishdan bo‘shata olasiz. Hatto kasaba uyushma roziligi ham kerak emas. Maqsad shu. Bandlik markazi iqtisodiy soha xodimlari mahallalarga biriktirilgan. Shu ishlarni bajartirish uchun qilinayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu natija berishi qiyin. Sababi ish o‘rni juda kam ochilyapti».

Ozodlikda viloyat Bandlik Bosh boshqarmasi xodimlarining ëpiq Telegramm guruhidagi yozishmalar nushasi mavjud. Bu yozishmalardan xodimlarga tezroq ariza yozishlari uchun bosim o‘tkazilganini tushunish mumkin.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Xorazm viloyati moliya¸ soliq va bank tizimi xodimlaridan ham yoppasiga ariza yozdirib olib, ularga uch oylik sinov muddati belgilangan.

Xorazm viloyati Iqtisodiy taraqqiët va kambag‘allikni qisqartirish Bosh boshqarmasi mulozimining Ozodlikka bildirishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi davomida bandlik¸ moliya¸ soliq va bank xodimlarining "faoliyatsizligi"ni tanqid qilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining o‘zini Xodimlar bo‘limi vakili, deb tanishtirgan mulozimi “xodimlarni yoppasiga bo‘shatib, qayta ishga olish bo‘yicha topshiriq berilmagani"ni aytdi.

XS
SM
MD
LG