Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:43

Xorijliklarning Rossiyada yurishiga 90 kunlik cheklov kiritilishi mumkin


Rossiya IIV xodimlari (illyustrativ surat)
Rossiya IIV xodimlari (illyustrativ surat)

Rossiya Ichki ishlar vazirligi migratsiyaga doir qonunchilikni kuchaytiradigan qonun loyihasi ustidan ishini yakunlagan. Unda, jumladan xorijliklarning Rossiya hududida vizasiz yurish muddatini bir yil ichida 90 kungacha qisqartirish hamda ularni biometrik ma’lumotlarni topshirishga majburlash taklif qilinmoqda. Bu haqda RF IIV vakilasi Irina Volk ma’lum qildi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi xorijliklarning raqamli profilini yaratish, shuningdek, ish beruvchilar va xorijlik ishchilar reyestrini tuzishni taklif qilyapti. Shu bilan birga chet davlat fuqarolariga ularning shaxsini tasdiqlovchi yagona hujjat berish rejalanmoqda. U bugungi kunda berilayotgan barcha migratsion hujjatlar o‘rnini bosishi lozim.

Rossiyaga kirishda xorijliklar biometrik ma’lumotlarni topshirishdan tashqari xayrixohlik to‘g‘risidagi bitimni imzolashlari kerak bo‘ladi. Bitimda ular, agar qonunlarni buzadigan bo‘lsalar, mamlakatga kirish huquqlari cheklanishi haqida ogohlantirilishadi. Qonun loyihasiga muvofiq, xorijlik fuqarolarni Rossiyadan sudlar singari ijroiya hokimiyati organlari ham badarg‘a qilishlari mumkin bo‘lgan.

Joriy yilning 22-martida Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zaliga hujum uyushtirilgan bo‘lib, uning natijasida 144 kishi nobud bo‘lgan. Teraktni amalga oshirganlikda gumonlanib Tojikistonda tug‘ilgan to‘rt fuqaro hibsga olingan.

Terakt ortidan Rossiyaning ko‘plab shaharlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, xorijliklarga qarshi reydlar va tekshiruvlar o‘tkazila boshlagan. Shuningdek, bir qator kremlparast arboblar og‘zidan migratsion qonunchilikni kuchaytirish chaqiriqlari yangramoqda. IIV vakilasi Irina Volk yangi qonun loyihasining ishlab chiqilishi terakt bilan bog‘liq yoki emasligini ochiqlamagan.

XS
SM
MD
LG