Линклар

Шошилинч хабар
01 март 2021, Тошкент вақти: 07:06

"Yangi Angren" IES: Qurbonlar yaqinlari va ishchilar fojia takrorlanishi xavfidan ogohlantirmoqda


“Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyasi

“Yangi Angren” IESda 3 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan portlash yuzasidan jinoyat ishi ochildi.

20 - yanvar kuni IESning ta’mir uchun to‘xtatilgan 5-blokida portlash sodir bo‘lgan, unda 3 kishi o‘lgan, yana 3 kishi og‘ir jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan edi.

Qurbonlardan ikki nafari – 52 yashar Manzura To‘ychiyeva va 40 yashar Nazira Rejaboyevaning yaqinlari hodisaga stansiya hududida texnika va ishchilar xavfsizligi ta’minlanmagani sabab, deb da’vo qilmoqda.

Ularga ko‘ra, hodisadan 2 kun o‘tib, xabar olgan IES rahbarlari buni “baxtsiz hodisa” deb izohlashga urinmoqda.

Bu oilalarning 22 - yanvar kuni aytishicha, stansiya boshqaruvini Qozog‘istondan turib yuritayotgan investor qurbonlar oilasiga 10 ming AQSh dollaridan naqd pulni shaxsan tarqatgan va yana moddiy-ma’naviy yordam va’da qilgan. Aytilishicha, bu investor ismini oshkor qilmagan.

Bu so‘nggi 1 yilda “Yangi Angren” IESda sodir bo‘lgan ikkinchi halokat. 2020 - yilning 30 - yanvarida chiqqan yong‘inda stansiyaning 4-3-bloklari tomi yonib ketgan, unda hech kimga shikast yetmagan edi.



Toshkent viloyatining Angren tumanidagi Nurobod qurg‘onida yashagan 52 yashar Manzura To‘ychiyeva 20 - yanvar kungi portlashda vafot etgan 3 ishchining biridir.

Uning qizi Maftuna Holiqulovaning aytishicha, 22 - yanvar kuni uyiga IES rahbariyati va ushbu stansiyaning boshqaruvi Qozog‘istonda bo‘lgan investorlaridan bir vakil borgan.

Bu vakil hamdardligini bildirgan va marhuma ishchining oilasiga 10 ming AQSh dollari miqdorida naqd pul bergan hamda hali yana moddiy va ma’naviy yordam berilishini va’da qilgan.

Ayni paytda Maftuna Holiqulova, hodisadan 2 kun o‘tib, ulardan xabar olgan rasmiylar fojiani “baxtsiz hodisa” deb atashga uringanini aytdi:

- Biznikiga kelgan rahbarlar “bu baxtsiz hodisa” deyishyapti. Bu baxtsiz hodisa emas, stansiyadagi ishchilarning xavfsizligiga rioya qilinmagan. Texnika xavfsizligiga ham rioya qilinmaydi. Bu yettinchi hodisa. O‘limidan oldingi 3 kun ichida onam har kuni “stansiyada kuchli gaz hidi bor, boshim og‘riyapti” deb keldi. Ishchilarning sharoiti juda og‘ir, ularning xavfsizligini sekin-sekin tuzatamiz, deyishdi. Lekin, buni tezroq qilish kerak, bunaqa falokat boshqa takrorlanmasligi kerak!

Maftuna marhumlar oilasida hol-ahvol so‘raganlarga o‘z minnatdorligini bildirar ekan, ayni paytda zudlik bilan hal qilinishi kerak bo‘lgan masala – elektr stansiyasidagi ishchilar va texnika xavfsizligini ta’minlashdir, deydi.

Uning onasi, 52 yashar Manzura To‘ychiyeva ko‘p yillardan beri stansiyada ishlab kelgan. Bunga qadar uning poyezd urib ketib, halok bo‘lgan otasi ham ayni stansiyada mehnat qilgan.

Maftuna marhuma ayolning 3 farzandidan biri, yana bir qizi turmushga chiqqan, yana bir o‘g‘li esa Rossiyaga muhojirlikka ketgan.

- Stansiyadagi ish juda og‘ir edi. Onam vaqti kelganda, arqonlarga osilib, issiq va sovuq joylarda ishladi. Chunki bizni boqish uchun shu ishga ehtiyoji bor edi. Hozir o‘lganidan keyin, o‘zlarining aybi bilan o‘ldi, deyishyapti bizga, men bu gapga rozi emasman, - deb ta’kidladi Maftuna.

21 - yanvar kuni Ozodlikka intervyu bergan yana bir oila - Ohangaron tumani Qoraxitoy qishlog‘ida yashagan 40 yashar Nazira Rejaboyevaning yaqinlari ham IES 5-blokida ishchilar xavfsizligi ta’minlanmagani bois 3 kishi nobud bo‘ldi, deb da’vo qilgan.

Marhuma Rejaboyevaning kelini - Lola Boyg‘ozovaga ko‘ra, portlashda nobud bo‘lgan 3 ishchi – IES hududida bajariladigan eng og‘ir ish – nosoz qurilmalar va lyuklarni tozalash, yamash va izolyatsiya qilish ishlari bilan shug‘ullangan, kuniga 8 – 12 soatga cho‘ziladigan bir oylik ish uchun 2 – 3 million so‘m atrofida maosh olgan.

"Янги Ангрен” ИЭСда портлаш қурбони яқинлари: расмийлар ёлғон ахборот тарқатяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:45 0:00

Ozodlik bu hodisa yuzasidan 22 - yanvar kuni ham, “Yangi Angren” IES rahbariyati va portlashda o‘lgan ayollarni ishga yollagan "VostokEnergoTeploIzolyatsiya" OAJ dan izoh olishga urindi, ammo rasmiy izoh hanuz berilmadi.

22 - yanvar kuni Ozodlik bog‘langan bir mas’ul - “Yangi Angren” IESda uchastka rahbari, deb taqdim qilingan Uchqun Merganov portlashga “baxtsiz hodisa” deb qaralayotganini tasdiqladi va so‘ngra bandligini aytib, aloqani uzib qo‘ydi.

O‘sha kuni stansiya hududida bo‘lgan yana bir mas’ul - VostokEnergoTeploIzolyatsiya tashkilotining stansiyadagi uchastka rahbari, deb taqdim qilingan Shoira Safarmatova telefonini esa uning yaqini ko‘tardi. Qarindoshidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Safarmatova hodisa kunidan buyon "sog‘ligi og‘irlashib shifoxonada qolmoqda va biror izoh berishga holi yo‘q".

21- yanvar kuni ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka ma’lumot bergan IES ma’muriyati quyi lavozimdagi vakili:

“Aslida bu portlash bahona IESning ahvoliga e’tibor qaratishsa yaxshi bo‘lardi, menimcha. Biz Toshkentdagi kattalarni ogohlantiraverib, juda charchaganmiz. IESda ta’mirlash, yangilash kerak bo‘lgan otseklar juda ko‘p”,- dez arz qilgan edi.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) bergan ma’lumotga ko‘ra, 20 - yanvar mahalliy vaqt bilan soat 11 yarimlarda sodir bo‘lgan portlashda, “Yangi Angren” IESning 3 ishchi nobud bo‘lgan, yana 3 nafari jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Rasmiy bayonotda portlash “chang-ko‘mirli havo aralashmasining chaqnashi” natijasida sodir bo‘lgani, chaqnashning kelib chiqish sabablari bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlangani aytildi.

22 - yanvar kuni Bosh prokuratura matbuot xizmatining Gazeta.uz nashriga bildirishicha, portlash bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

“JKning 257-moddasi 2-qismi «a, b» bandlari (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishi va boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda”, deb yozdi ushbu nashr.

IESning Ozodlik bog‘langan bir necha ishchisiga ko‘ra, 22 - yanvarga kelib, 5-blok yopiq qolmoqda, ammo IESning boshqa qismida ish normal rejimda davom etmoqda.

Ozodlik gaplashgan ishchilar 2 marhum ishchi yaqinlari iddaosini tasdiqlamoqda va “Yangi Anrgen” IESda jiddiy tekshiruv o‘tkazilishi hamda ishchilar xavfsizligini ta’minlanishi shart, deb ta’kidlamoqda.

Ismi sir qolishi sharti bilan ma’lumot bergan ishchilardan biriga ko‘ra, 5-blokdagi portlashning asl sababi ularga mavhum bo‘lib qolayotir.

“Bizga ham biroz mavhum bo‘lib turibdi, chunki ko‘mir changi yoki is gazi o‘z-o‘zidan portlashga sabab bo‘lmasligini ismimni bilgandek, yaxshi bilaman. Nosoz truba va vintellar sabab, butun qozon bo‘limi atrofida gaz hidi anqib yotardi. Menimcha o‘sha yig‘ilib qolgan gaz portlashga sabab bo‘lgan”.

Ko‘p yillardan buyon ayni IESda ishlayotgan ishchiga ko‘ra, bu stansiyaning ichida ko‘pgina agregatlar juda eskirgan va istalgan paytda shu kabi noxush hodisa takrorlanishi mumkin.

“Hammasiga sabab xavfsizlik qoidalariga amal qilinmasligi va agregatlarning yaroqlilik muddatini o‘tab bo‘lgani”, dedi bu ishchi va ayni holat, so‘nggi oylarda nosozlik kuzatilgan respublikadagi boshqa issiqlik elekr stansiyalari, jumladan To‘raqo‘rg‘on va Tallimarjon IESlariga ham taalluqli, deb hisoblashini aytdi.

Bu so‘nggi 1 yil ichida “Yangi Angren” IESda sodir bo‘lgan ikkinchi halokatdir. 2020 - yilning 30 - yanvarida chiqqan yong‘inda stansiyaning 4-3-bloklari tomi yonib ketgan, ammo hech kimga shikast yetmagani bildirilgan edi.

XS
SM
MD
LG