Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2020, Тошкент вақти: 11:31

"Yangi O‘zbekiston": Viloyatlarga targ‘ibotchilar desanti tashlandi


Mafkura dohiylari - illyustrativ surat

“Har bir maktabdan egniga milliy kiyim, boshiga do‘ppi kiygan ikki qiz bola qo‘llarida ikkitadan kulcha non va shirinliklar bilan Ishchi guruhni kutib olishi kerak”.

Ushbu ko‘rsatma Farg‘ona viloyati tumanlaridan biri Xalq ta’limi bo‘limidan maktab direktorlariga berilgan yo‘riqnomadan o‘rin olgan.

Ishchi guruh - “Yangi O‘zbekiston-yangicha dunyoqarash” g‘oyasi ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarning mehmonlari – rasmiy targ‘ibotchilar.

Xalq ta’limi bo‘limlari bu kabi tadbirlarni amalga oshirish bilan Xalq ta’limi vazirligi buyrug‘ining ijrosini ta’minlamoqda. Vazirlik esa, o‘z navbatida, Prezident Administratsiyasining 23 - oktabrdagi yig‘ilishida berilgan topshiriqni bajarmoqda.

Ozodlik butun mamlakat miqyosida o‘tkazilayotgan kampaniyani Farg‘ona viloyati misolida o‘rgandi.

Maktablarda...

Farg‘onalik jurnalist Sharifa Madrahimovadan olingan ma’lumotga ko‘ra, “Yangi O‘zbekiston-yangicha dunyoqarash” g‘oyasi ostidagi tadbir 12 - noyabr kuni Buvayda tumanidagi musiqa maktabida o‘tkazildi.

Jurnalistning aytishicha, taniqli adiblar va artistlardan iborat Ishchi guruhlari tashkil etilgan. Ular prezident olib borayotgan siyosatni targ‘ib qilishga safarbar etilgan.

...Va hamma joyda

Jurnalistdan olingan bu ma’lumotni Farg‘ona viloyati hokimligi mulozimi ismi aytilmaslik sharti bilan tasdiqladi.

"Bunday tadbirlar butun mamlakat bo‘ylab, nafaqat maktablar, balki korxona, tashkilot, muassasalarda, mehnat jamoalarida ham bo‘lyapti. Mamlakatdagi yozuvchilar, rassomlar, artistlar, xonandalardan iborat Ishchi guruhlari - o‘ziga xos desant tuzilgan. Ular joylarga borib, targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazyapti. Farg‘onaga, masalan, shoir Minhojiddin Mirzo (Respublika Ma’naviyat va madaniyat markazi rahbari, senator – tahr.) yetakchiligidagi katta guruh kelgan. Bu guruh bir kun u, bir kun bu tumanda bo‘lmoqda".

Mulozimning aytishicha, ishchi guruhlari a’zolari uchrashuvlarda “Yangi O‘zbekiston” haqida gapirmoqda, “yangicha dunyoqarash va yangi tafakkur” bo‘lishi kerakligini uqtirmoqda.

Shirin kulcha ushlagan atlas ko‘ylakli qizlar

Ismi ochiqlanishini istamagan Farg‘ona viloyati tumanlaridan biridagi maktab direktori kuni kecha tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiridan olgani - Telegram-xabarni Ozodlik bilan o‘rtoqlashdi.

Xabar “ZUDLIK BILAN TOPSHIRIQ!!!” deb boshlanadi. Unda maktab direktorlari hamda MMIBDO‘lardan (Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari – tahr.) “Yangi O‘zbekiston-yangicha dunyoqarash” g‘oyasi ostida o‘tkaziladigan tadbirlarni saviyali tashkil etish” talab qilingan.

XTB bildiruviga ko‘ra, bunday tadbirlar 12 - noyabrda 7 ta, 13 - noyabrda 7 ta, 14 noyabrda 8 ta, 15 - noyabrda 10 ta, 16 - noyabrda 11 ta, 17 - noyabrda 9 ta, 18 - noyabrda 10 maktabda o‘tkaziladi.

Vazirlik topshirig‘i

Bu tadbirlarni o‘tkazar ekan, xalq ta’limi bo‘limlari vazir o‘rinbosari Dilshod Kenjayevning 2 - noyabrdagi rasmiy xati bilan topshirilgan vazifalarni bajarmoqda. Vazirlik esa, xatda bildirilishicha, o‘z navbatida Prezident Administratsiyasining 23 - oktabrdagi yig‘ilishida berilgan topshiriq ijrosini ta’minlayotir.

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjaev imzolagan xat.
Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjaev imzolagan xat.

Farg‘ona viloyat hokimligi mulozimining Ozodlikka aytishicha, “Yangi O‘zbekiston-yangicha dunyoqarash” tadbiri bilan nafaqat XTV, balki barcha vazirliklar shug‘ullanmoqda.

Maktabni guruhga bepardoz ko‘rsatma!

Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirining maktab direktorlariga xatida tadbirni uyushtirish ishlari izchil tushuntirilgan. Masalan, xatda "maktabning kirish qismini bayramona bezatish, foyening o‘ng tarafida 5 ta tashabbus doirasida o‘quvchilarning ijodiy ishlari hamda erishilgan yutuqlaridan iborat bo‘lgan ko‘rgazmalarni tashkil qilish” va hokazolar uqtirilgan.

Xatda, shuningdek, mana bunday deyilgan: “Tadbirda har bir maktabdan 4 nafar Vatan haqida she’r va qo‘shiq ayta oladigan o‘quvchilarni rasmiy formada ishtirokini ta’minlashingiz so‘raladi”.

O‘quvchilar “Yangi O‘zbekiston-yangicha dunyoqarash” tadbirida Toshkentdan kelgan Ishchi guruh oldida qanday she’rlar o‘qishi, qanday qo‘shiqlar kuylashi ham belgilab qo‘yilgan. Vazirlik o‘sha she’r va qo‘shiqlar ro‘yxatini ham joylarga yetkazgan.

"Yangi O‘zbekiston - yangicha dunyoqarash" tadbirlarida o‘qiladigan she’rlar ro‘yxati (ikki betli ro‘yxatning birinchi beti)
"Yangi O‘zbekiston - yangicha dunyoqarash" tadbirlarida o‘qiladigan she’rlar ro‘yxati (ikki betli ro‘yxatning birinchi beti)

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xodimi 12 - noyabrda Ozodlik so‘roviga javoban shunday ro‘yxatlar mavjudligini tan olar ekan, ular “tavsiya xarakteriga ega ekanligi, ijodkor o‘qituvchilar, aslida, bunday ro‘yxatlarga muhtoj emasligi, o‘z ustida ishlamaydigan o‘qituvchilarga bu kabi ro‘yxatlar foydali bo‘lishini” aytdi.

Bir-biriga zid ikki munosabat

“Yangi O‘zbekiston-yangicha dunyoqarash” degan mavzuda butun mamlakat bo‘ylab mafkurafiy kampaniya o‘tkazilayotganiga jamoatchilik turlicha munosabat bildirmoqda.

90- yillar boshida O‘zTVdagi “Hayot quvonchlari va tashvishlari” ko‘rsatuvi bilan tanilgan jurnalist Dadaxon Yoqubov 12 - noyabrda Ozodlikka bunday dedi:

“Bunday tadbirlar albatta kerak! Odamlarning ruhini ko‘tarish zarur. Islohotlarga ishontirish zarur. Bu ishlarni 90- yillarda boshlagan edik. Boshqa yo‘lga yurib ketildi. Endi insonga qaytilyapti, deb hisoblayman”.

Ayni paytda Dadaxon Yoqubovning hamkasbi, tahririyati Namanganda joylashgan mustaqil “Ma’rifat saodati” gazetasi muassisi va bosh muharriri Abdujabbor Umarov bunday dedi:

“Bu tadbirlar o‘tkazilayotganini eshitganimdan beri miyam qizib ketyapti. Shu kunda kimga kerak bunday tadbirlar?! Buning o‘rniga, hech yo‘q, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga, hech yo‘q, birinchi sinf o‘quvchilariga maktabda bepul ovqat bersin davlat, jillaqursa ikkitadan pryanik berib qo‘ysin! Transport kirasini bepul qilib qo‘ysin!”

"5 tamoyil" o‘rnini egallagan "5 tashabbus"

31 - avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda prezident Mirziyoyev “xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”, degan edi.

2019 - yilning 19 - martida esa, O‘zbekiston prezidenti yoshlarga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etishga oid besh tashabbus haqida gapirgan edi.

Aynan shu mavzular, joylardan olingan xabarlarga qaraganda, “Yangi O‘zbekiston-yangicha dunyoqarash” tadbirlarida targ‘ib qilinmoqda.

Bunday tadbirlar Islom Karimov davri uchun ham xos bo‘lgan, u davrda hozirgiday “5 tashabbus” emas, “5 tamoyil” udumda edi.

Birinchi prezident 1993 - yilda e’lon qilingan «O‘zbekiston - bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li» asarida tub iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning 5 tamoyiliga asoslangan “O‘zbek modeli” haqida yozgan edi. Islom Karimov vafotidan keyin bu tamoyillar unutildi.

2019 - yilning 25 - avgustida sobiq tashqi ishlar vaziri va joriy Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev "O‘zbek modeli" "noto‘g‘ri siyosat bo‘lganini" aytgan edi.

"Ko‘p yillar biz asta-sekin, o‘zbek modeli... deb yurdik. Bu - noto‘g‘ri bo‘lgan siyosat. Mana bugun bu to‘g‘rilanmoqda", - deya Safoyevning Senatdagi chiqishidan iqtibos keltirgan Kun.uz nashri.

XS
SM
MD
LG