Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:42

Yangi O‘zbekistonning eski OBONchi ayollari. Faollarga kim tahdid qilmoqda?


"Haqiqat va Taraqqiyot" partiyasi yig‘ilishi o‘tadigan hovliga bir guruh bloger va ayollar bostirib kirgan - Toshkent, Qibray, 2021, 12 -mart.
"Haqiqat va Taraqqiyot" partiyasi yig‘ilishi o‘tadigan hovliga bir guruh bloger va ayollar bostirib kirgan - Toshkent, Qibray, 2021, 12 -mart.

"Partiya tuzish harakatlaringni to‘xtatmasang, o‘ldirib ketamiz!" Bunday tahdidni yangi siyosiy partiya tuzishga harakat qilayotgan guruh yetakchisi shu yil boshida ikki noma’lum erkakdan olgani haqida Ozodlikka 31 - may kuni so‘zlab berdi.

Ammo tahdid qilayotganlar faqat erkaklar emas. So‘nggi oylarda qator faollar noma’lum ayollar guruhlarining hujum va janjallariga nishon bo‘ldi.

Partiya faolini o‘ldirish bilan tahdid qilgan ikki shaxs ham, boshqa partiyalarning yig‘ilishlariga, ofislariga bostirib borgan ayollar ham shu paytgacha jazolangani yo‘q.

Pedagog olim, ruhshunos va yurist Mahmudjon Yo‘ldoshev “Xalq manfaatlari” siyosiy partiyasini tuzishga o‘tgan yilning ikkinchi yarmida kirishib, shu yilning dastlabki oylarida ham faol harakat qilgan, biroq urinishlari birdan to‘xtab qolgan tashabbuschilar guruhi yetakchilaridan biri.

Yil boshida qilingan "tet-a-tet" tajovuz

Joriy yil boshida bo‘lgan hodisani eslar ekan, Mahmudjon Yo‘ldoshev bunday dedi:

“Aynan qaysi kunligini birdan aytishim qiyin, biroq yil boshida, o‘y-xayolimiz faqat partiya tuzish bilan band bo‘lgan kunlarning birida, qorong‘uda, soat 8-9 larda uyimga ikki barzangi yigit kirib keldi. Ko‘pqavatli uyda turaman. Egnimda choponim bor edi. Eshikni ochsam, ikki baquvvat yigit. Ular birdan mendan partiya tuzishni to‘xtatishimni talab qila boshlashdi”.

Mahmudjon Yo‘ldoshev
Mahmudjon Yo‘ldoshev

Mahmudjon Yo‘ldoshevning aytishicha, ular avvaliga bir necha marta “partiya tuzsangiz yomon bo‘ladi”, “partiya tuzadigan bo‘lsangiz mahallamizdan ko‘chib keting”, deyishgan.

“Keyin ular uyimdan chiqib ketishayotganida ortlaridan kuzatib chiqdim. Yana “yomon bo‘ladi”, deyishganda “nima bo‘ladi?” deb so‘radim. Ular ochiqdan ochiq “O‘ldirib ketamiz”, deyishdi”, - dedi Mahmudjon Yo‘ldoshev.

"Axir ular o‘zlari yuborgan kishilarni o‘zlari izlamaydiku!”

Yuridik universitetni yoshi 75 dan o‘tganda bitirib, yaqinda yurist diplomini olgan psixologiya fanlari nomzodi Mahmudjon Yo‘ldoshev ikki noma’lum shaxs (ismini so‘raganida ulardan biri “Sizga ism kerakmi? Shuhratman, Shavkatman, istaganingizni tanlab olavering”, degan) ustidan prokuraturaga ariza topshirgan. Ariza rasman qabul qilingan.

“Oradan ikki oy o‘tib, Toshkent shahar, Yunusobod tuman IIBdan javob keldi. Topisholmaganmish”, - deydi Mahmudjon Yo‘ldoshev.

Arizada sizga tahdid qilganlarni qidirib topish uchun asos bo‘la oladigan informatsiya bormidi? Masalan, ularning taxminiy yoshi, bo‘y basti, oriq-semizligi, deganday? Ozodlikning bu savoliga Mahmudjon Yo‘ldoshev bunday dedi:

“Arizada bo‘lgan voqeani yozganman. Ular menga birdan tajovuz qildi va men o‘sha paytda ularni suratga tushira olmadim. Ularning kelgan-ketgani mahallalarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralariga yozilib qolganku! Men ularni ortidan kuzatib chiqqanim tushgan tasvirlar ham bor. Hammasi bor”.

- IIBga taqdim qilganmisiz o‘sha tasvirlarni?

“Ular kelmasa, so‘ramasa, kim taqdim qiladi? Ular arizamni olishi bilanoq yetib kelishi, voqeani o‘rganishi kerakku?! Ular kelgani yo‘q. Ikki oydan keyin tasdiqlanmadi, degan javob keldi va men faqat kulib qo‘ydim. Tamom. Axir o‘zlari yuborgan kishilarni o‘zlari izlamaydiku!”

- Nega partiya tuzmoqchi bo‘lganingiz uchun hayotingizga tahdid bo‘lgani to‘g‘risida shuncha vaqt o‘tib gapiryapsiz? Nega o‘z vaqtida jamoatchilikka o‘z vaqtida oshkor qilmagansiz? Ozodlikning bu savoliga Mahmudjon Yo‘ldoshev bunday javob berdi:

"Aytdim nimayu aytmadim nima?! Nima o‘zgarardi?"

Omma ko‘zida qilingan tajovuzlar

Noma’lum shaxslar “Xalq manfaatlari” partiyasini tuzmoqchi bo‘lgan guruh yetakchilaridan biri uyiga kelib, unga qatl bilan tahdid qilgan bo‘lsa, xuddi shunday noma’lum shaxslar “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasini tuzmoqchilarning yig‘ilishini buzgan edi.

Shu yilning 12 - martida partiya faollari yig‘ilish o‘tkazishni rejalashtirgan Toshkent viloyat, Qibray tuman, Parkent mahallasi, Behbudiy ko‘chasidagi 11- xonadonga bir guruh blogerlar hamda noma’lum ayollar guruhi bostirib kirib, janjal ko‘targan.

Noma’lum ayollarning hujumlari keyinroq “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasining ofisiga ko‘chdi. Martning so‘nggi ikki kunida qatorasiga ikki hujum bo‘ldi.

“Ҳақиқат ва Тараққиёт” партияси фаоллари яна ҳужумга учради
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:37 0:00

Tuzilayotgan partiya lideri Xidirnazar Allaqulov 31 - may kuni Ozodlik savollariga javob berarkan, hujumlardan keyin ularni uyushtirgan ayollar kimligini surishtirishga urinib ham ko‘rmaganini aytdi:

“Surishtirishga vaqtim yo‘q: deyarli har kuni o‘zimga va oila-a’zolarimga qarshi bittadan fitna uyushtirishadi. Ko‘z ochirgani qo‘yishmaydi. Vaqtim bo‘lgan taqdirdayam, surishtirdim nimayu surishtirmadim nima?! Xo‘sh, nima o‘zgaradi? Masalan, 31 - mart kungi hujum paytida ofisimiz yaqinida qora mashinalarda fuqaro kiyimida odamlar o‘tirganini, hujumchilar vaqti-vaqti bilan o‘sha mashinadagilar oldiga borib, bir narsalarni gaplashib, qaytganini, so‘ngra hujumni yana avjiga chiqarishganini faollarimiz kuzatib turishgan”.

Kuni kecha sobiq xonanda va muxolifatldagi "Erk" partiyasi faoli Jahongir Otajonov Toshkent shahar prokuraturasidan xonadoniga “bosqinchilik” uyushtirgan shaxslarni topib, jazolashni so‘radi.

Jahongir Otajonov 26 - may kuni o‘zining Toshkent shahridagi xonadoniga “Erk” partiyasi a’zolarini taklif qilgan edi. Erkchilar yig‘ilishiga bir guruh noma’lum ayollar bostirib kirgan, partiya a’zolariga tuxum otgan edi.

Tarixi nolinchi yillarga borib taqaladigan OBON

Tuzilayotgan partiyalar yig‘ilishlariga, ularning ofislariga bostirib boradigan ayollarni ko‘pchilik ruscha “Otryad militsii osobogo naznacheniya” atamasining qisqartmasi – OMONga mengzab, OBON ("Otryad bab osobogo naznacheniya") deb ataydi.

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov OBONchilar hujumiga Birinchi prezident davrida uchraganini aytadi:

“U paytda konvertatsiya yo‘q edi, ammo banklar go‘yo AQSh dollari sotadigandek ko‘rsatilardi. Dollar sotib olmoqchi bo‘lib, bank kassasiga navbatda turganimda, bir guruh ayollar kelib yoqamga yopishishdi, ko‘ylaklarimni yirtib tashlashdi. Qizig‘i, bu holatlar televizorlarda ham ko‘rsatilgan. Markaziy bank aybni huquqni muhofaza qilish idoralariga, ular esa ayollarning o‘zlariga to‘nkagan”.

Abdurahmon Tashanovning aytishicha, u OBONchilar hujumiga oldin ham uchragan:

“Maxsus yollangan guruh yoki provokatorlar hujumiga birinchi marta bundan 10 yillar oldin - yo 2010 yoki 2011 - yil edi - duch kelganman. Ular Samarqandda “Ezgulik”ning majlisini o‘tkazayotganimizda tadbirni buzishga erishishgan”.

Abdurahmon Tashanov aytayotgan davrda, aniqrog‘i 2010 - yilning 13 - sentabrida Ozodlik radiosi qozoq xizmati “Tanishing, OBON” degan maqola e’lon qilgan.

Qirg‘iziston, Jalolobod shahri, 2010, 14 - aprel.
Qirg‘iziston, Jalolobod shahri, 2010, 14 - aprel.

Muallif mahalliy kuzatuvchilar Qirg‘izistonda OBONning “doyasi” 2005 va 2010 - yillardagi inqiloblardir, deb hisoblashini xabar qilgan.

Maqolada o‘zbekistonlik jurnalist Ulug‘bek Haydarovning fikrlari ham keltirilgan.

Jurnalistning fikricha, OBON hodisasi O‘zbekistonda paydo bo‘lgan. Maqolada Ulug‘bek Haydarovning aytganlaridan quyidagi iqtibos keltirilgan:

“2000 - yildan 2010 gacha bo‘lgan davrning o‘rtalarida men hali Jizzaxda edim va o‘sha paytda shaharda yigirmaning atrofida OBON guruhi bor edi. Ular xizmatidan IIB va maxsus xizmatlar jurnalistlar va huquq himoyachilarining norozilik chiqishlarini bostirishda foydalanishardi. Shunisi qiziqki, OBONchi ayollar shunday guruhga a’zo ekanligini yashirib ham o‘tirishmasdi. Ular piket o‘tkaziladigan joylarda birdan paydo bo‘lib qolar, piketchilarni urar, timdalar va yana birdan g‘oyib bo‘lishardi”, degan hozirda Kanadada yashayotgan jurnalist Ulug‘bek Haydarov.

"Qo‘g‘irchoqbozlarni baribir topa olmaysiz"

Abdurahmon Tashanov OBONchilarga qarshi kurashib ko‘rgani, biroq oxir-oqibat xafsalasi pir bo‘lganini aytadi:

“Karimov davrida bank kassasi oldida menga hujum qilgan ayollarni sudga olib borib, jarima qildirganman, ammo buning foydasi yo‘qligini keyinchalik tushundim. Bunday guruhlar ortida kim turganini taxmin qilishga qo‘limda dalillar yo‘q”.

Joriy yil boshida ikki noma’lum shaxsning o‘ldiraman, degan tahdidi nishoni bo‘lganini aytgan Mahmudjon Yo‘ldoshev esa, OBON guruhlari ortida qanday idoralar turganini "biladi".

“U yoki bu hodisaga qonun doirasida qarshilik ko‘rsatish imkoni bo‘lmagan paytlarda huquqni himoya qilishi kerak bo‘lgan organlar va maxsus xizmatlar go‘yoki o‘sha hodisadan “norozi” janjalkash ayollar xizmatidan foydalanadi. Bunday fuqarolar qo‘g‘irchoqlardir. Ularga e’tiroz bildirishdan foyda yo‘q. Qo‘g‘irchoqbozlarni esa, topa olmaysiz”, - deydi Xavfsizlik xizmati veterani, pedagog va yurist Mahmudjon Yo‘ldoshev.

XS
SM
MD
LG