Линклар

Шошилинч хабар
05 август 2021, Тошкент вақти: 08:53

Yanukovichning o‘g‘li Sankt-Peterburgda “Bug‘u ibodatgohi” nomli tungi klub ochgani aytilmoqda


Sankt-Peterburgda “Bug‘u ibodatgohi” deb nomlangan tungi klub ochildi: u sobiq “Arsenal” zavodi hududida, shundoqqina Neva sohilida, Finlyandiya vokzali va Smolniy binolari bilan yonma-yon joylashgan. Bir paytlar bu yerda raketa dvigatellari va dengiz artilleriya qurollari yasalardi, 2014 - yili, Ukraina inqilobidan keyin binoni Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichning o‘g‘li Aleksandrga aloqador shirkat sotib oldi.

Sobiq sexlar endilikda – zamonaviy tungi klub: ajnabiy va rossiyalik dijeylar bu yerda “murosasiz texno” uslubidagi musiqalarni qo‘yadi. Ammo shinavandalar hozircha ko‘p emas – yo koronavirus tufayli yoki bu joy hali yangiligi uchun.

Klub darbonlari qadam ranjida qilgan jurnalistlarni xushlamay kutib olishadi: eshik tagidayoq ularning mobil telefonlari kamerasi yelimlanadi. Shunga qaramay, odamlar baribir suratga olyapti.

Kelgusida zavod hududini butunlay qayta qurib, kontsert saroyi, fotostudiya, shuningdek, ikki yoqasida qator restoranu barlar va boshqa ko‘ngilxushlik maskanlari joylashadigan butun boshli ko‘cha solish rejalangan.

Yangi tungi klubni kim ochgani haqida ma’lumot yo‘q hisobi. OAVda hollandiyalik sirli sarmoyachilar haqida gaplar yuribdi, ammo “Delovoy Peterburg” gazetasi surishtiruvchilari ushbu taxminni rad etdi.

Ulardagi ma’lumotga ko‘ra, klubga aloqador bo‘lmish “Arsenal Invest”, “Arsenal Isteyt” hamda “Arsenal Nedvijimost” shirkatlari yagona markazdan boshqariladi (ikki shirkatning muassisi bitta, ularning ofislari esa deyarli qo‘shni binolarda joylashgan). Ukraina sobiq prezidentining o‘g‘li Aleksandr Yanukovich esa bu shirkatlarning uchalasi bilan ham bog‘liq. Xususan, u “Arsenal Isteyt”ning benefitsiari sanaladi.

“Bug‘u ibodatgohi” mutasaddilari “Nastoyashchee vremya” muxbiri savoliga javoban, ijaraga beruvchi shirkatning Aleksandr Yanukovichga bog‘liq yoki yo‘qligidan bexabar ekanliklarini bildirib, uning nomini aytishdan bosh tortgan. Ularning aytishicha, bu ijara shartnomasining maxfiylik haqidagi bandiga xilof emish.

Aleksandr Yanukovich Ukrainada yashagan paytlaridayoq biznes bilan shug‘ullanardi. Otasi prezident lavozimiga o‘tirganidan keyin esa u katta tadbirkorga aylandi.

“2010 - yildan 2014 - yilgacha Aleksandr Yanukovich chinakam oligarx bo‘lib yetishdi. Boshqa oligarxlar – Rinat Axmetov, Dmitriy Firtash, Viktor Pinchuk, Kolomoyskiy uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchi deb bilishardi”, deydi tadqiqotchi jurnalist Aleksandr Chernovalov.

2010 - yildan e’tiboran Aleksandr Yanukovich metallurgiya, energetika, og‘ir sanoat va ko‘mir sanoatlari bilan qiziqa boshlagan. Uning biznes saltanatida “Butunukraina taraqqiyot banki” alohida o‘rin tutadi.

“2010 - yildan so‘ng, ya’ni Viktor Yanukovich prezident bo‘lgach ushbu bank Ukrainadagi eng yirik banklardan biriga aylandi”, urg‘ulaydi Chernovalov.

Inqilobdan so‘ng Ukrainaning sobiq prezidenti Rossiyaga qochdi, uning ortidan o‘g‘li ham. O‘shanda Aleksandr va otasiga qarshi Yevropa Ittifoqi personal sanksiyalarni joriy qilgandi.

“Personal sanksiyalar aktivlarni, hisobvaraqlarni, mol-mulklarni “muzlatish”ni, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bo‘ylab harakatlanish va ularning moliyaviy vositalaridan foydalanishni taqiqlashni nazarda tutadi”, deydi “Transperensi Interneshnl – Rossiya” direktori Ilya Shumanov.

Uning ta’kidlashicha, jiddiy sarmoya bo‘lmasa, kichik Yanukovich Peterburgda bunaqa yirik loyihani amalga oshira olmagan bo‘lardi. Agar Ukraina sobiq prezidentining o‘g‘li “Bug‘u ibodatgohi”ga shaxsiy mablag‘ini tikkan bo‘lsa, Rossiya hukumati, mantiqan qaralsa, loaqal bu pullar qaerdan kelganini bir so‘rab ko‘rishi kerak. Biroq bunaqa tekshiruv ham, Aleksandr Yanukovichning Ukrainaga ekstraditsiya qilinishi kabi xomxayol ekaniga Shumanovning ishonchi komil.

“U ta’qib qilinishi uchun ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik bo‘lishi va tergov organlari qandaydir so‘rovlar doirasida birga harakat qilishi talab qilinadi. Ammo hozirgi vaziyatda, Rossiya va Ukraina odil sudlov idoralarining bu tarzdagi aloqalari siyosiy sabablarga ko‘ra imkonsizdir”, deydi Shumanov.

“Forbes” jurnali Rossiya shu’basi jurnalistlari 2014 - yilning qishida Aleksandr Yanukovichning mol-davlatini 510 million AQSh dollariga baholagan edi. Ularga ko‘ra, Aleksandrning nomidagi mol-mulklar katta ehtimol bilan, aslida otasiniki bo‘lgan.

Kichik Yanukovich Ukrainaga qayt(aril)gan taqdirda, “o‘zgalar mulkini egallab olgani va juda ko‘p miqdordagi mablag‘larni talon-toroj qilgani” uchun mol-mulki musodara qilinib, o‘zi 12 yilga panjara ortiga jo‘natilishi mumkin. Va bu hali faqat bitta modda bo‘yicha. Holbuki, unga qarshi jami to‘rtta jinoyat ishi ochilgan.

XS
SM
MD
LG