Линклар

Шошилинч хабар
03 октябр 2022, Тошкент вақти: 10:25

“Yegulik hech vaqomiz yo‘q”. Tolibon o‘qituvchilarga oylik to‘lamayapti - YuNISEF xavotirda


Oylab maosh olmagan hirotlik o‘qituvchilar uylaridagi ashyolarini bozorga olib chiqib sotishga majbur bo‘lmoqda.

O‘n minglab afg‘on muallimlari toliblar hokimiyatni bosib olgan avgust oyidan beri ish haqi olgani yo‘q. Hozirda ular tirikchilik uchun pul topishning boshqa yo‘llarini izlamoqdalar, shu bois ko‘plab afg‘on maktablari o‘qituvchilarsiz qolgan.

Sayid Abdul Rahmon joriy yil boshida toliblar u yashaydigan Almar tumanini (Faryob viloyati) egallab olishganidan buyon oylik olmagan. Afg‘onistondagi aksar muallimlar kabi.

Rahmon avvaliga oylik berishlari bilan hisob-kitob qilish va’dasi bilan baqqollardan nasiyaga oziq-ovqat olib yurdi. Ko‘p bolalarning savod chiqarishiga ko‘maklashgan hurmatli odam bo‘lgani sababli baqqollar uning iltimosini rad etishmadi.

Ammo toliblar Afg‘oniston shimoli-sharqidagi tumanlarni ishg‘ol etganidan beri sakkiz oy, Kobulni bosib olishganidan so‘ng esa uch oydan ortiq vaqt o‘tdi hamki, Rahmon hanuz ish haqini olgani yo‘q.

Mahalliy do‘kondorlardan qarzi ko‘payib ketgach, o‘qituvchi maktabni tashlab, tirikchilik uchun boshqa ish qidirishga kirishdi.

Hozirda u viloyat markazi Maymana shahridagi gavjum ko‘chada o‘tirgancha o‘tkinchilarning soatlarini tuzatadi.

“Ro‘zg‘or tebratish uchun soatsozlik bilan shug‘ullanishimga to‘g‘ri keldi, – deydi Rahmon Ozodlikning afg‘on xizmati bilan suhbatida. – Baqqollar nasiyaga oziq-ovqat bermay qo‘yishdi, oilam tang ahvolda. Kun sayin qashshoqlashyapmiz, yegulik hech vaqo yo‘q”.

Muallimsiz maktablar

Rahmon kabilar hozir Afg‘onistonda juda ko‘p. Faryob viloyatining o‘zida 7 mingdan ortiq maktab o‘qituvchisi va 200 nafar universitet domlalari bir necha oydan beri ish haqi olishmayapti.

U, mamlakatdagi o‘n minglab boshqa o‘qituvchilar singari “Oilam yana bir kun yashashi uchun qanday qilib ovqat topsam ekan?” degan savolni o‘ziga beradi.

Muallimlarning muhtojligi Afg‘oniston ta’lim tizimini inqirozga boshladi, endilikda yuz minglab o‘quvchilar maktab ta’limisiz qolayotir.

Oktabr oyi oxirlarida Hirot viloyatida yuzlab o‘qituvchilar toliblar rejimini ularning to‘lanmagan ish haqlarini to‘lashga chaqirishgandi.

Hirot o‘qituvchilar uyushmasi mudiri Muhammad Sobir Mashaal aytishicha, kamida 18 ming muallimning oz deganda ikki oylik mehnat haqi to‘lanmagan – Tolibon viloyat ma’muriy markazi bo‘lmish Hirot shahrini zabt etganidan beri oradan shuncha vaqt o‘tdi.

O‘qituvchilarning 10 ming nafardan ortig‘i ayollar bo‘lib, ular oylik hisobiga oilalarini boqib kelganlar.

“Shu paytgacha ro‘zg‘or jihozlarini sotib, yegulikka ishlatishdi. Ammo endi sotadigan narsalari ham yo‘q”, deydi Mashaal.

Butun Afg‘oniston bo‘ylab o‘qituvchilar ish tashlash e’lon qilishgan yoki shunchaki maktabda ortiq ishlamay qo‘yishgan. Natijada maktablar muallimlarsiz qolmoqda.

Parvon viloyati markazi – Chorikor shahrida 42 yoshli muallim Hidoyatulloh oyiga 85 dollar ish haqi olardi, shuni ham besh oydan beri to‘xtatib qo‘yishgan.

Hidoyatulloh, Chorikordagi davlatga qarashli o‘g‘il bolalar maktabida dars berishda davom etadigan bo‘lsa, o‘z farzandlari hayoti xavf ostida qolishini aytadi.

“Bolalarimning qornini to‘ydirishim kerak, lekin oyligimni berishmayapti. Yegulik xarid qilish uchun uydagi gilam va idish-oyoqlarni olib chiqib, pulladik”, deydi u Ozodlik bilan suhbatida.

“Uyim, oilam taqdiri qil ustida. Jon saqlab qolish uchun yegulik topishim kerak. Boshqa kasb-kor qilmasam bo‘lmaydi”, so‘zida davom etadi Hidoyatulloh.

Aytishicha, u norozilik belgisi sifatida “besh gaz kafanga o‘ranib, ko‘chaga chiqishga ham tayyor”. “Xudo shohid, toliblar hamma yoqni rasvo qilishdi. Tirikchiligimiz barbod bo‘ldi”, umidsizlanadi u.

Naqd pul tanqisligi

Tolibonning Faryob viloyati ta’lim boshqarmasi a’zosi Mavlaviy Hafizulloh Mutasimbilloh o‘qituvchilar oldidagi ish haqidan qarzdorlik so‘ndirilishini ta’kidlaydi.

“Islom amirligi muallimlarga oyliklarini to‘lashga qaror qildi. Ayrim o‘qituvchilar ish haqlarini olib bo‘lishgan. Moliya vazirligimiz o‘qituvchilarga oyliklari to‘lanishi kerakligini aytdi”, deydi mulozim Ozodlikning afg‘on xizmatiga bergan izohida.

Afg‘oniston uzoq yillar o‘qituvchilar va davlat sektoridagi boshqa xizmatchilarga ish haqi to‘lashga sarflab kelgan xalqaro yordam toliblar hokimiyatni bosib olganidan so‘ng uzib qo‘yildi.

Bundan tashqari, Vashington Afg‘oniston Markaziy bankining AQShda saqlanayotgan qariyb 9,4 mlrd dollar qiymatli zaxira aktivlarini amalda tan olinmagan Tolibon hukumatiga berishni rad etdi va ularni “muzlatdi”.

Mazkur aktivlar toliblar rejimining inson haqlariga rioya qilishi bilan bog‘liq mavhumliklar hamda Tolibonning Afg‘onistondagi qonuniy hukumat o‘laroq tan olinishiga doir shubhalar manzarasida hanuz “muzlatilgan” holda qolyapti.

Natijada Afg‘oniston naqd pul tanqisligiga duch keldi, banklar yopilib, xorijdan pul o‘tkazmalari kelishi to‘xtab qoldi, bu esa giperinflyatsiya va oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashuviga olib kelmoqda.

20 - noyabr kuni Tolibon moliya vazirligi uch oy ichida “barcha davlat xizmatchilariga” ish haqlarini to‘lab berish uchun afg‘onlardan yetarli miqdorda soliqlar yig‘ilganini e’lon qildi.

Biroq toliblar vakili Ahmad Vali Hakmal tan olishicha, ta’lim vazirligi orqali tarqatiladigan ish haqlari “juda kam” bo‘ladi.

“Toliblar nafaqat ish haqlarini to‘lashda, balki barcha sohalarda likvid mablag‘lar tanqisligiga duch kelishmoqda”, deydi Yevropa kengashi tashqi siyosat mahkamasi rahbari Jozep Borrelning matbuot kotibi Nabila Massrali.

Massrali YeI “Afg‘oniston aholisining birlamchi ehtiyojlarini qondirish uchun” 350 million dollar gumanitar yordam ajratilishi haqida e’lon qilganini, ammo bu mablag‘lar Tolibon qo‘liga berilmasligini va BMT hamda nohukumat tashkilotlar orqali afg‘onlarga yetkazilishini ta’kidlaydi.

BMT Bolalar fondi (YuNISEF) afg‘on o‘qituvchilarini Tolibonni chetlab o‘tgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalash tizimini yaratishni rejalayotganini ma’lum qildi.

YuNISEFning Afg‘onistondagi vakolatxonasi ta’lim shu’basi mudiri Jannet Vogelaar aytishicha, mazkur jarayonning ilk bosqichida davlat maktablarining barcha o‘qituvchilari ro‘yxatga olinadi.

“Afg‘onistonda qizlarning ta’lim olishiga ko‘maklashishning eng yaxshi chorasi – bu maktablarga va muallimlarga ko‘maklashishdir. YuNISEF barcha donorlarni afg‘on bolalarini tashlab qo‘ymaslikka chaqiradi”, deydi Vogelaar.

Tolibon hukumati ta’lim vazirligining tashqi dasturlar shu’basi mudiri Vohidulloh Hoshimiyga ko‘ra, uning idorasi inqirozni bartaraf etish uchun YuNISEF va “boshqa ayrim xalqaro tashkilotlar” bilan hamkorlik qilmoqda.

“Har kuni uchrashuvlar o‘tkazyapmiz. Bizning muammolarimiz iqtisodiy tusga ega. Shu bois xalqaro hamjamiyatdan, ayniqsa favqulodda holatlar uchun mablag‘lari bor tashkilotlardan ko‘mak so‘rayapmiz”, deydi Hoshimiy.

Toliblarning va’dalari va xalqaro yordamni taqsimlashning muqobil yo‘llari haqidagi gap-so‘zlarga qaramay, pulsiz qolgan Afg‘oniston o‘qituvchilari bo‘sag‘adagi og‘ir qishga tayyorlanishmoqda.

“Endi muallimlar farzandlariga issiq kiyim-kechak ham olib berisholmaydi. Bu yoqda elektr haqini to‘lash kerak, uyni isitish uchun yoqilg‘i sotib olish kerak. Pulni qayerdan olamiz?”, deydi Faryob veterinariya instituti o‘qituvchisi, ish haqlarini to‘lash talabi bilan petitsiya e’lon qilgan Burhoniddin.

XS
SM
MD
LG